Saparov Zakirbek Sultaniyazovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining tarixi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: ___________________.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Karlibaev Makset Abdibaevich, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti. DSc.03/2025.27.12.Tar.04.04
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Davletov Sanjar Rajabovich, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Berdiev Jamiet Turemuratovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘rganilayotgan davrdagi Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo xalqlarining xalq botirlari mahalliy aholi orasidan chiqqanligi, ularning asosiy vazifasi el-yurtni bosqinchilardan himoya qilish va ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘lganligi aniqlangan va bu ushbu davr xalq botirlari faoliyatini ijtimoiy institut sifatida talqin qilish imkonini beradi;
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining faoliyati haqidagi ilgari ilmiy muomalaga kiritilmagan dala yozuvlari va folklor ma’lumotlari biografik metod yordamida tahlil qilindi;
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Xiva xonligi tarkibidagi Quyi Amudaryo chap qirg‘og‘i xalqlari boshqaruvida hokim, beglarbegi, otaliq, biy va yuzboshi lavozimlari ma’muriy funksiyalarni bajarishda muhim o‘rin tutganligi dalillangan;
Amudaryo bo‘limida volost boshqaruvi tizimidagi mahalliy boshqaruvchilar mustamlaka ma’muriyati va mahalliy aholi orasida vositachi vazifasini bajarib, asosan ma’muriy va ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullangan. Amudaryo bo‘limida joriy qilingan mahalliy boshqaruv tuzilmalari real ijtimoiy-madaniy o‘ziga xosliklar ta’sirida bo‘lib, mustamlaka ma’muriyati mahalliy aholi munosabatlarining barqaror va hayotiy shakllariga moslashganligi va Rossiya imperiyasi boshqaruv tizimiga to‘liq integratsiyalashuvi yuz bermaganligi isbotlangan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamyati: Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi boshqaruv tizimiga oid rasmiy tarixiy hujjatlar va qo‘lyozma manbalarning ilmiy muomalaga kiritilishi XIX asr oxiri XX asr boshlari ijtimoiy hayoti haqidagi tasavvurlarni yangicha qarashlar bilan boyitishi mumkinligi bilan belgilanadi.
Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundaki, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha keyingi tadqiqotlarda, respublika oliy ta’lim muassasalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda, tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganishga qaratilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, elektron nashrlar, ma’ruza kurslari va maxsus dasturlarni ishlab chiqishda foydalanish mumkinligi bilan izohlanadi.
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: Dissertatsiya ishida keltirilgan materiallar, shuningdek, ma’lumotlar, tavsiyalar va xulosalardan monografiyalar tayyorlash va nashr etishda maqsadli foydalanish, tarixiy shaxslar faoliyatini yoritish orqali kishilar ongida vatanparvarlik va insonparvarlik g‘oyalarini chuqur shakllantirishga sharoit yaratadi;
Amaliy tavsiyalar boshqaruv amaliyotining tarixiy ildizlarini o‘rganish orqali fuqarolik jamiyati va demokratik davlatni shakllantirishda samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy xulosalarga asos bo‘lib xizmat qiladi.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi: Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlari tarixini tizimli o‘rganish natijasida olingan ilmiy xulosalar, natijalar va amaliy tavsiyalar quyidagicha amalga oshirildi:
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining o‘rni, biylar, hokimlar, beglarbegi, yuzboshi, volost boshqaruvchilari va xalq botirlarining millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlashdagi faoliyati hamda mintaqaviy boshqaruv tuzilmasida turli etnoslar ishtirokining o‘ziga xos xususiyatlariga oid natijalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2024-2027-yillarda bajariladigan “Qoraqalpog‘istonda millatlararo bag‘rikenglik va millatlararo munosabatlarning rivojlanishi (1873-1991-yillar)” mavzusidagi loyiha materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 2-sentyabrdagi №524/1 sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi millatlararo bag‘rikenglik va etnik guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining rolini aniqlashtirish imkonini berdi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo mintaqasidagi Bobo Go‘klan O‘tiz o‘g‘li, O‘tesh Davlatnazar o‘g‘li, Eskene Rizoto‘ra o‘g‘li, Asqar Nurimbet o‘g‘li singari xalq botirlari xalqni bosqinchilardan himoya qilish va ijtimoiy muammolarni hal qilishda o‘z hissalarini qo‘shdi. Ularning ijtimoiy institut sifatidagi faoliyati talqinidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat teleradiokompaniyasi ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan “Qaraqalpaqstan tariyxi” teleko‘rsatuvi, “Tariyximizdi uyrenemiz” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi milliy teleradio kompaniyasining 2025-yil 8-avgustdagi №05.22./452 – sonli ma’lumotnomasi). Keng tarmoqli translyasiyalar natijasida Quyi Amudaryo mintaqasidagi xalq botirlarining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ularning ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki haqidagi tasavvurlari aholi orasida kengaydi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo mintaqasi xalqlarining an’anaviy boshqaruv tuzumi, hokimlar, beglarbegilar, otaliqlar, biylar, yuzboshilarning vazifalari va an’anaviy xususiyatlari, shuningdek, volost boshqaruvchilarining ijtimoiy-tarixiy xususiyatlariga oid natijalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyi fondlarida saqlanayotgan nodir nashrlar va qo‘lyozmalar ekspozisiyasini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyining 2025-yil 29-iyuldagi 263-sonli ma’lumotnomasi). Dissertatsiya materiallarining muzey ekspozisiyasiga joriy etilishi tashrif buyuruvchilarga ko‘rsatilgan davrda Quyi Amudaryoning mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar tarixi haqida tizimlashtirilgan va batafsil ma’lumot olish imkonini berdi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining tarixiy shaxs sifatidagi tutgan o‘rni va ularning ijtimoiy, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston tasviriy san’at vakillarining ko‘rgazmaga qo‘yilgan rasmlarining mazmunini to‘la ochib berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining 2025-yil 15-avgustdagi 51-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari tasviriy san’at vakillari uchun Quyi Amudaryo mintaqasidagi mahalliy boshqaruvchilar va xalq botirlarining siymosini yaratishda qo‘shimcha manba sifatida xizmat qiladi.