Usmanova Yulduzxon Xakim qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fond bozori instrumentlari yordamida aksiyadorlik jamiyatlarining investisiyaviy jozibadorligini oshirish yo‘llari», 08.00.07 - “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2025-yil 4-son
Ilmiy rahbar: Saydullaev Shaxzod Sherzodovich, iqtisodiyot fanlari falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Xudoykulov Xurshid Xurramovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xamidova Faridaxon Abdulkarim qizi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi milliy kompaniyalarning fond bozoridagi faolligini oshirish, fond bozori instrumentlari asosida kompaniyalarning investisiyaviy jozibadorligini oshirish  yo‘llarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
listingga kirgan kompaniyalarning investisiyaviy jozibadorligini baholash moliyaviy (MK = 0,6) va nomoliyaviy (NMK = 0,4) ko‘rsatkichlar nisbatiga asoslangan hamda ESG va korporativ boshqaruv omillari bilan to‘ldirilgan integral reyting indeksi yordamida takomillashtirilgan;
yashil loyihalarni moliyalashtirishda loyihaning real pul oqimlariga bog‘langan, daromad manbasi aniq belgilab qo‘yilgan yashil sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalarni qo‘llash asoslanib, emissiya qilinishi rejalashtirilgan yashil sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalarnining kupon daromadliligi va rentabelligining 2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan;
IPO orqali erkin muomaladagi aksiyalar ulushini oshirishning savdo hajmi, likvidlik va spred ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi hamda investisiyaviy jozibadorlikning prognoz ssenariylarini shakllantiruvchi model asosida olingan natijalarning “yuqori jozibadorlik” (9-10 ball: sarmoya kiritish tavsiya etiladi), “o‘rtacha jozibadorlik” (6-8 ball: risklarni tahlil qilish kerak) va “past jozibadorlik” (<6 ball) miqdoriy qiymatlari taklif etilgan;
mikroiqtisodiy omil (sof foyda) va makroiqtisodiy instrument (Markaziy bankining asosiy stavkasi)ni birlashtirgan dividend siyosatining gibrid modeli asosida “O‘zmetkombinat” AJ tomonidan to‘lanadigan dividend koeffisientining 
2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan..
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fond bozori instrumentlari asosida kompaniyaning investisiyaviy jozibadorligini oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar asosida:
listingga kirgan kompaniyalarning investisiyaviy jozibadorligini baholash moliyaviy (MK = 0,6) va nomoliyaviy (NMK = 0,4) ko‘rsatkichlar nisbatiga asoslangan hamda ESG va korporativ boshqaruv omillari bilan to‘ldirilgan integral reyting indeksi yordamida takomillashtirish taklifi O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyati tomonidan qabul qilingan (O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyatining 2025 yil 9-oktabrdagi 01/01-01-01/822-son-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kompaniyaning mas’ul xodimlari tomonidan investisiyaviy jozibadorlik indeksi taklif etilgan uslub bo‘yicha hisoblanganda, kompaniyaning hozirgi investisiyaviy jozibadorlik indeksi 10 ballik baholash tizimida 6 ball ekanligi aniqlanib, 2026-yilda investisiyaviy jozibadorlik indeksini eng kamida 9 ballga chiqarish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan;
yashil loyihalarni moliyalashtirishda loyihaning real pul oqimlariga bog‘langan, daromad manbasi aniq belgilab qo‘yilgan yashil sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalarni qo‘llash asoslanib, emissiya qilinishi rejalashtirilgan yashil sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalarnining kupon daromadliligi va rentabelligining 2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlaridan foydalanish taklifi O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2025-yilda ishga tushiriladigan “Quyish-prokat majmuasi” loyihasi doirasida qo‘llanilishi belgilangan (O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyatining 2025 yil 9-oktabrdagi 01/01-01-01/822-son-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kompaniyaning obligatsiyalari yillik 3,5 foizlik kupon bilan London fond birjasida chiqarilishi, kompaniya yashil sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalarning kupon daromadlaridan korporativ obligatsiyalarning kupon daromadlariga qaraganda o‘rtacha 2 foizgacha iqtisod qilishi va ESG tamoyillariga amal qiluvchi yangi xorijiy investorlar bazasini shakllantirishi rejalashtirilgan; 
IPO orqali erkin muomaladagi aksiyalar ulushini oshirishning savdo hajmi, likvidlik va spred ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi hamda investisiyaviy jozibadorlikning prognoz ssenariylarini shakllantiruvchi model asosida olingan natijalarning “yuqori jozibadorlik” (9-10 ball: sarmoya kiritish tavsiya etiladi), “o‘rtacha jozibadorlik” (6-8 ball: risklarni tahlil qilish kerak) va “past jozibadorlik” (<6 ball) miqdoriy qiymatlaridan foydalanish taklifi O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyati tomonidan qabul qilingan (O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyatining 2025 yil 9-oktabrdagi 01/01-01-01/822-son-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kompaniya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar aksiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish to‘g‘risida”gi №446-sonli qarorining ijrosi sifatida O‘zmetkombinat aksiyadorlik jamiyati 2026-yilda IPOga chiqishi hamda buning natijasida erkin muomaladagi aksiyalar ulushini qariyb 14,7 foizgacha oshirish, kompaniyaning investisiyaviy jozibadorlik darajasini 9,1 punktga oshirish prognozi ishlab chiqilgan;
mikroiqtisodiy omil (sof foyda) va makroiqtisodiy instrument (Markaziy bankining asosiy stavkasi)ni birlashtirgan dividend siyosatining gibrid modeli asosida “O‘zmetkombinat” AJ tomonidan to‘lanadigan dividend koeffisientining 2029-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlaridan foydalanish taklifi O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyati tomonidan qabul qilingan (O‘zbekiston Metallurgiya Kombinati aksiyadorlik jamiyatining 2025 yil 9-oktabrdagi 01/01-01-01/822-son-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kompaniya tomonidan sof foydaning ma’lum bir qismi va mamlakat Markaziy bankining qat’iy moliyalashtirish stavkasining yig‘indisiga bog‘langan dividend siyosati kompaniyani 2027-yilga kelib O‘zbekistonda kam sonli “dividend aristokratlari” kompaniyalari ro‘yxatiga kirishiga va o‘z-o‘zidan investisiyaviy jozibadorligini oshishiga olib kelishi rejalashtirilmoqda.

Yangiliklarga obuna bo‘lish