Nurbekov Ulmas Asatullaevichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan, zang kasalliklariga hamda qurg‘oqchilikka chidamli kuzgi bug‘doy navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Qx1670.
Ilmiy rahbar: Amanov Amir Amanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.01.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: bugdoyning “Nurafshon” navi (NAP 00433).
II. Tadqiqotning maqsadi jahon kolleksiyasi nav namunalari asosida yakka tanlash usuli orqali sug‘oriladigan maydonlar uchun hosildorligi va don sifati yuqori, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga, qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan kuzgi bug‘doyning yangi navini yaratish va birlamchi urug‘chiligini tashkil etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti hamda CIMMYT va ICARDA xalqaro ilmiy markazlaridagi yumshoq bug‘doyning jahon kolleksiyasidan olingan 302 ta yangi nav namunalari hamda davlat reestriga kiritilgan yumshoq bug‘doy navlari qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari bo‘yicha o‘rganilgan va baholangan;
yumshoq bug‘doyning nav namunalarining issiqlikka, qurg‘oqchilikka, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga chidamliligi, don hosildorligi va texnologik sifati belgilari aniqlangan;
qimmatbaho xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega bo‘lgan yumshoq bug‘doyning turli ekologik-geografik guruhlarga mansub nav namunalari tanlab olingan va ular ishtirokida chatishtirishlar o‘tkazilib, duragaylar olingan;
yumshoq bug‘doy nav namunalari ishtirokida yaratilgan duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlarning irsiylanish qonuniyatlari aniqlangan;
issiqlik, qurg‘oqchilik, zang kasalliklariga chidamlilik, hosildorlik, yuqori don sifati kabi ko‘rsatkichlarni o‘zida mujassamlashtirgan seleksion materiallar yaratilgan;
jahon genofondi asosida kuzgi yumshoq bug‘doyning issiqlikka, qurg‘oqchilikka, zang kasalliklariga chidamli, don sifati yuqori hamda hosildor “Nurafshon” navi yaratilgan va NAP
00433 (31.01.2023 y.) raqamli patent olingan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reestriga kiritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zamburug‘li sariq zang (Puccinia striiformis) va qo‘ng‘ir zang (Pucinia triticina) kasalliklariga bardoshli, sug‘oriladigan maydonlarda etishtirish uchun yumshoq bug‘doyning yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
kuzgi bug‘doyning jahon genofondi asosida qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli, serhosil, don sifati yuqori bo‘lgan “Nurafshon” navi yaratilgan (NAP 00433, 31.01.2023 y.) va ilmiytadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 28 avgustdagi 05/05-03-364 son ma’lumotnomasi). Natijada, “Nurafshon” navi 2024 yildan boshlab istiqbolli nav sifatida respublikaning Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining sug‘oriladigan maydonlarida ekish uchun O‘zbekiston Respublikasi xududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reestriga kiritilib, yumshoq bug‘doy genofondi yangi nav bilan boyitilgan;
hosildorligi va don sifati yuqori, qurg‘oqchilik va zang kasalliklariga chidamli bo‘lgan yumshoq bug‘doyning yangi “Nurafshon” navi 2024 yilda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 26 gektar, Bo‘ka tumanida 32 gektar, Piskent tumanida 28 gektar, O‘rtachirchiq tumanida 26 gektar, Yuqorichirchiq tumanida 23 gektar, jami 135 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 28 avgustdagi 05/05-03-364 son ma’lumotnomasi). Natijada,“Nurafshon” navidan 64,2-70,4 s/ga don hosili olinib, ishlab chiqarishda etishtirilayotgan navlarning hosildorligidan 3,6-5,9 s/ga yuqori bo‘lishiga erishilgan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning yangi “Nurafshon” navi sug‘oriladigan maydonlarda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 28 avgustdagi 05/05-03-364 son ma’lumotnomasi). Natijada, 10-13 s/ga qo‘shimcha hosil olinishiga imkoniyat yaratilgan hamda rentabellik darajasi 56,6-60,4 foizni tashkil etgan.