Ibotov Shohruh Xurmatullo o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amaranthaceae oilasining beshta tur galofit o‘simliklari lipidlarining tarkibi va biologik faolligi”, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/K889.
Ilmiy rahbar: Gusakova Svetlana Dmitrievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.20.01.M.
Rasmiy opponentlar: Aripova Salima Fazilovna, kimyo fanlari doktori, professor; Abdullajjonova Nodira Gulomjanovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshket kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida o‘suvchi Amaranthaceae oilasiga mansub galofit o‘simliklar - Amaranthus retroflexus L., Atriplex tatarica L., Chenopodium album L., Climacoptera aralensis L. va Suaeda salsa (L.) Pall. ning lipid tarkibi va biologik faolligini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Amaranthaceae oilasiga mansub tuzga chidamli besh tur o‘simlik - Amaranthus retroflexus L., Atriplex tatarica L., Chenopodium album L., Climacoptera aralensis L. va Suaeda salsa (L.) Pall. urug‘lari hamda biomassasining lipidlari tadqiq qilingan, lipidlar va ularning alohida komponentlarining biologik faolligi aniqlangan;
A. retroflexus urug‘larida 4.3%, A. tatarica urug larida 0.3 %, A. retroflexus er ustki qismida esa 3.15 % miqdorda biologik faol skvalen mavjudligi aniqlanib, A. retroflexus skvalenning istiqbolli manbai sifatida tavsiya qilingan;
kuchli sho‘rlangan erlarda o‘suvchi Amaranthaceae oilasiga mansub gemigalofit turlar lipidlari uchun marker birikma sifatida skvalen ekanligi aniqlangan, juda kuchli sho‘rlangan erlarda o‘suvchi gipergalofit turlar lipidlarida esa skvalen aniqlanmadi; shuningdek, yog‘ kislotalari tarkibida trans-olein kislotasi hamda yuqori molekulali to‘yingan (20:0–26:0) va monoto‘yinmagan (20:1–24:1) yog‘ kislotalarining gomologlari mavjudligi aniqlangan;
ilk bor Amaranthaceae oilasi vakillari lipidlari tarkibida trans-olein kislotasi, A. tatarica barglari lipidlarida 17% dan ortiq biologik faol linolen kislotasi (18:3), C. aralensis urug‘larida esa 2% gacha γ-linolen kislotasi (γ-18:3) mavjudligi aniqlangan;
C. aralensis urug‘larining moydorligi 21.0% ni tashkil etishi, moy tarkibidagi triatsilgliseridlarning molekulyar tarkibi aniqlangan, triatsilgliseridlar molekulyar tuzilishida monoto‘yinmagan yog‘ kislotalariga ega turlar ustun ekanligi ko‘rsatilgan; moy aterogenlik va trombogenlik indekslarining pastligi hamda sog‘lomlilik indeksi yuqoriligi bilan tavsiflanib, uning yuqori ozuqaviy quvvatga ega ekanligi tasdiqlangan;
o‘rganilgan o‘simliklarning umumiy lipidlari, neytral lipidlari, yog‘ kislotalari va ularning metil efirlari, sovunlanmaydigan moddalari hamda qutbli lipidlari don va sabzavot ekinlarida turli darajada ifodalangan o‘sishni rag‘batlantiruvchi, zamburug‘larga qarshi, insektisid va stress-protektor faollik namoyon etishi aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amaranthus retroflexus L., Atriplex tatarica L., Chenopodium album L., Climacoptera aralensis L. va Suaeda salsa (L.) Pall. o‘simliklari lipidlari hamda ularning biologik faolligini tadqiq qilish asosida:
o‘simlik lipidlari asosida insektisid faollikka ega vosita yaratilib, unga IMM ning «O‘simlik lipidlari asosida insektisid faollikka ega vosita» nomli patenti (№IAP 8082, 2025 y) olingan. Natijada yangi insektisid vosita yaratish imkoni tug‘ilgan;
Chenopodium album va Atriplex tatarica o‘simliklari kimyoviy tarkibi va biologik faolliklariga oid natijalardan yuqori impakt faktorli (IF) 3 dan ortiq ilmiy jurnallarda (Molecules, 2023, Vol. 28, Article №13, 4902, IF 4.6; Food Bioscience, 2025, Vol. 68, 106624, IF 5.9; Trends in Food Science & Technology, 2025, Vol. 156, 104869, IF 15.4) foydalanilgan. Natijada soha mutaxassislari mazkur o‘simlik tarkibiga kiruvchi tabiiy birikmalar, ularning miqdori, tuzilishi va biologik faolliklari haqida muhim maʼlumotlarga ega bo‘lishgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish