Toxirov Nosirjon Sobirjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Poezdlar harakat tezligi cheklangan sharoitlarda vaqt yo‘qotishlarini kamaytirish usullarini takomillashtirish, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T4951.
Ilmiy rahbar: Aripov Nazirjan Mukaramovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.10/2025.27.12.T.01.06 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Masharipov Ma’sudjon Nu’monjonovich, texnika fanlari doktori, professor; Maxkamov Alimjan Xamdamovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi poezdlar harakat tezligi cheklangan sharoitlarda vaqt yo‘qotishlarini kamaytirish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l uchastkalarida nosozliklar aniqlanganda ogohlantirishlarni berish va bekor qilish bilan bog‘liq texnologik amallarni avtomatlashtirish asosida ma’lumotlarning qayta ishlanish vaqti qisqarishini hisobga olib tashishlarni tashkil etishdagi vaqt yo‘qotishlarini kamaytirish usuli takomillashtirilgan;
ta’mirlash ishlari sababli tezlik cheklangan sharoitlarda poezdlar harakatini samarali tashkil etish jarayonida ishtirok etuvchi xodimlarning bajaradigan ish funksiyalarini e’tiborga olgan holda ogohlantirishlarni berishni avtomatlashtirilgan tizimining funksional modeli ishlab chiqilgan;
temir yo‘l uchastkalarida poezdlar harakatini samarali tashkil qilish uchun tezlikni cheklash haqidagi ogohlantirishlarga doir ma’lumotlarni shakllantirish jarayonidagi texnologik amallarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi mezonlar asosida hujjatlar sifatini aniqlash usuli ishlab chiqilgan.
tezlik cheklangan sharoitlar bilan bog‘liq axborot-tahliliy jarayonlarni avtomatlashtirishning samaradorligini asoslash uchun Baes tarmog‘i usulidan foydalanish orqali ogohlantirishlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tezkor uzatilishini ta’minlagan holda ma’lumotlar sifatini baholashning matematik modeli ishlab chiqilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Poezdlar harakat tezligi cheklangan sharoitlarda unumsiz yo‘qotishlarni kamaytirish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tezlik cheklangan sharoitlarda poezdlarga ogohlantirishlarni berish va bekor qilish avtomatlashtirilgan tizimining algoritmlari, funksional modeli va dasturiy majmualar ko‘rinishidagi instrumental vositalar, tashishlarni tashkil etishdagi unumsiz yo‘qotishlarni kamaytirish usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Temiryo‘linfratuzilma” AJ ning Termiz Mintaqaviy temir yo‘l uzeli filialida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2025-yil 15-yanvardagi 4/E64-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasida “Oqrabot – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l uchastkasida ogohlantirish blankalarini poezd mashinistlariga berishga sarflanadigan vaqtni 69 dan 17 daqiqaga va ogohlantirishlarni bekor qilishda 23 dan 15 daqiqaga kamaytirish imkonini paydo bo‘lgan;
ogohlantirishlarning vaqt tavsiflari asosida texnologik jarayonlar ketma-ketligining tarmoq grafigi, axborot-tahliliy ma’lumotlar sifatini baholashning matematik modeli va tezlikni cheklash to‘g‘risidagi hujjatlar sifatini baholash usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Temiryo‘linfratuzilma” AJ ning Toshkent Mintaqaviy temir yo‘l uzeli filialidagi “To‘qimachi” stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2025-yil 15-yanvardagi 4/E64-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotlar natijasida temir yo‘l transportini ishlatish ko‘rsatkichlari darajalarini ortirish, ogohlantirishlarni avtomatlashtirilgan tizimi orqali uzatish tashish jarayonlarini tashkil etishdagi unumsiz yo‘qotishlarni 4% ga kamaytirish va texnik-iqtisodiy xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratilgan.