Yusupov Mirjalol Shovkat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Pivo ishlab chiqarish jarayonini boshqarish tizimining modellari va algoritmlari”, 05.01.08-Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T3895.
Ilmiy rahbar: Texnika fanlari doktori, professor. Yusupbekov Azizbek Nodirbekovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.T.02.03.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Ismailov Mirhalil Agzamovich; texnika fanlari nomzodi, dotsent Xamidov Baxodir Tadjiddinovich.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: pivo ishlab chiqarish jarayonining, xususan zatorni qandlashtirish va fermentatsiya bosqichlarining murakkab nochiziqli dinamikasini hisobga olgan holda jarayonni boshqarishning modellari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pivo ishlab chiqarishning zatorni qandlashtirish bosqichida fermentativ gidroliz va aralashtirish jarayonlarida harorat rejimlari o‘zgarishini mahsulotning fizik-kimyoviy xususiyatlariga ta’sirini bashorat qilish imkonini beruvchi Balling yondashuvi asosida  biokinetik va imitatsion modellari ishlab chiqilgan;
texnologik parametrlarning vaqt bo‘yicha o‘zgaruvchanligi, noaniqligi va ko‘p mezonli sifat talablari sharoitida eng maqbul boshqarish usulini asosli tanlash imkonini beruvchi ko‘p mezonli qaror qabul qilish metodologiyasiga asoslangan tavsiyalar tizimi ishlab chiqilgan;
zatorni tayyorlash va fermentatsiya jarayonlarining joriy holatini real vaqt rejimida aniqlash, bevosita o‘lchab bo‘lmaydigan yashirin parametrlarni baholash hamda tashqi g‘alayonlarga bardoshlilikni oshirish imkonini beruvchi gorizont siljishi asosidagi bashoratli va Takagi–Sugeno tamoyiliga asoslangan noqat’iy mantiqiy boshqarish tizimini sintezlash algoritmlari ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan bashoratlovchi modellar hamda Takagi–Sugeno tamoyiliga asoslangan noqat’iy mantiqiy va gorizont siljishi algoritmlari asosida zatorni tayyorlash va fermentatsiya jarayonlarini adaptiv boshqarish, texnologik parametrlarni optimal rostlash hamda jarayon samaradorligini oshirish imkonini beruvchi intellektual boshqarish tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi   Pivo ishlab chiqarishda zatorni qandlashtirish va fermentatsiya jarayonining takomillashtirilgan boshqarish tizimini sintezlash natijalari asosida:
texnologik jarayonlarini bashoratli hamda mantiqiy  boshqarish tizimi “INTER ROHAT” AJ da joriy etilgan (O‘zbekiston oziq-ovqat sanoat uyushmasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 09-92/09-25 son ma’lumotnomasi). Natijada, axborotlarni qayta ishlash vaqtini 1,3 % ga kamaytirish hisobiga, jarayonni boshqarishda natijalarni olish va qaror qabul qilish tezligini  oshirish imkonini bergan.
pivo ishlab chiqarish jarayonining texnologik parametrlarini real vaqt rejimida boshqarishning dasturiy majmuasi “INTER ROHAT” AJ da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-636-son ma’lumotnomasi). Natijada, pivo ishlab chiqarishda zatorni qandlashtirish va fermentatsiya jarayonlarinining sifat ko‘rsatkichini oshirish va boshqarishdagi energiya sarfini 1.4-1.7 % ga kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish