Rajabov Alisher Xoshimjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za maydonlariga trixogramma tarqatadigan texnika vositasini ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/178.
Ilmiy maslahatchi: Xudayarov Zafarjon Jumaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa (muassasalar) nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.T.13.01.
Rasmiy opponentlar: Norchaev Davron Rustamovich – texnika fanlari doktori, professor; Igamberdiev Asqar Kimsanovich – texnika fanlari doktori, professor; Anorbaev Azimjon Raimkulovich – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘za maydonlarida trixogramma tarqatish jarayoni samaradorligini oshirish, sifatli tarqatish va dala bo‘ylab bir tekis taqsimlashni va energiya-resurslarni tejashni ta’minlaydigan texnika vositasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ventilyatorli ejektor tipidagi trixogramma tarqatish qurilmasining konstruktiv echimi hamda texnologik ish jarayoni g‘o‘za maydonlarida trixogramma g‘umbaklarini sifatli, shikastlamasdan tarqatish va ularni dala maydoni bo‘ylab bir tekisda taqsimlashni ta’minlash omillari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan;
trixogramma g‘umbaklarining sirtdan ko‘tarilishi, so‘rilishi, havo oqimidagi harakati va ishchi kamerada aralashish jarayonlarini tavsiflovchi matematik modellar ishlab chiqilgan hamda ejektor aerodinamik tizimida yuzaga keladigan bosim va havo oqimi tezligi yo‘qotishlari analitik bog‘lanishlar orqali hisoblangan;
trixogramma g‘umbaklarining uchish masofasi, harakat vaqti hamda tezligi ularning matematik harakat modeli asosida aniqlangan, ularni nazoratli tarzda tarqatish esa aerodinamik kuchlarning impulsli o‘zgarishini ta’minlovchi havo oqimi ifodalari asosida ishlab chiqilgan;
havo oqimining aerodinamik parametrlariga bog‘liq holda trixogramma g‘umbaklarining dala yuzasida tarqatishning bir xilligi (Kresteansen usuli bo‘yicha)ni baholash mezonlari ishlab chiqilgan;
olingan nazariy va eksperimental tadqiqotlar natijalari asosida qurilmaning konstruktiv hamda ish rejimi parametrlari optimallashtirilib, uning agrotexnik va energetik samaradorligi, shuningdek g‘umbaklarni tarqatish jarayonining sifat ko‘rsatkichlari barqarorligi ta’minlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘za maydonlarida trixogramma tarqatadigan texnika vositasini ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
trixogramma tarqatish usuli va texnik vositasi uchun ishlab chiqilgan ilmiy-texnik echimlarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi”ning “O‘simliklarni zararkunandalardan biologik himoyalash uchun trixogrammani sepish usuli” (IAP 05797, 2019-yil) uchun ixtiroga patenti olingan. Natijada trixogramma tarqatish usuli va qurilma konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan qurilmaning tajriba nusxasi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazining tajriba maydonida, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaliklarida, O‘rtachirchiq tumanidagi “Real agro cotton” UK klasterida, Yangiyo‘l tumanidagi “Islombek baraka”, “Shamshod Ravshan” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 18-maydagi №07/34-04/3121-sonli ma’lumotnomasi; Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 28-yanvardagi 05/01-05/02-05/04-03-34-sonli ma’lumotnomasi). Bunda g‘o‘za maydonlariga trixogramma taklif etilayotgan qurilmada tarqatilganda mehnat sarfi 2,78 kishi-h/ha dan 0,49 kishi-h/ha gacha kamagan (82,37 %); ish unumi 0,35 ha/h dan 2,2-3,5 ha/h gacha oshgan (5,7-10,0 barobar); ekspluatatsion xarajatlar 82,6 % ga kamaygan, buning hisobiga bitta qurilma uchun yillik iqtisodiy samara 24 977 900 so‘mni tashkil etgan;
qurilmaning sanoat nusxasini ishlab chiqish va tayyorlash maqsadida ishlab chiqilgan loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriq va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ (2022-yil 14-martdagi №01-63-sonli ma’lumotnoma), “Texnolog”AJ (2022-yil 16-martdagi №01-17-123-sonli ma’lumotnoma) va “MOON LAKE” MChJda (2022-yil 3-martdagi №16-sonli ma’lumotnoma) loyihalash jarayoniga joriy etilgan. Natijada tavsiya etilgan ish rejimlari va optimal konstruktiv parametrlariga ega bo‘lgan qurilmani sanoat usulida ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.