Xolmurodova Gulnoza Narimon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Noevklid fazolardagi sirtni tiklash masalasini Monj-Amper tenglamasini echishga qo‘llash», 01.01.04 – Geometriya va topologiya (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/FM1354
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12. FM.01.02 raqamli Ilmiy kengash.
Ilmiy rahbar: Artikbaev Abdullaaziz, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: fizika-matematika fanlari doktori, professor Zaitov Adilbek Ataxanovich (Toshkent arxitektura-qurilish universiteti); fizika-matematika fanlari doktori, professor Djamalov Sirojiddin Zuxriddinovich (V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti).
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Noevklid fazolardagi sirtlarning xossalari va geometrik xarakteristikalaridan foydalangan holda Monj-Amper tenglamasining qavariq va qavariq bo‘lmagan sohalarda analitik echimini topishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Koshi-Riman shartlarini qanoatlantiruvchi funksiyalar bilan aniqlangan sirtlarning evklid fazosida o‘zaro tengligi, izotrop fazo harakatiga ko‘ra teng emasligi ko‘rsatilgan;
izotrop fazoda sirtning geometrik xarakteristikalaridan sirtning amalgamatik egriligi va unga qo‘shma bo‘lgan sirtning o‘rta egriligi orasidagi bog‘lanish topilgan va o‘zgarmas manfiy to‘la egrilikka ega bo‘lgan sirtning o‘rta, amalgamatik yoki Kasorati egriliklaridan biri berilganda sirtni tiklash masalasi echilgan;
Monj-Amper tenglamasining o‘ng tomoni birinchi tartibli xususiy hosilalarga bog‘liq va o‘zgaruvchilari ajraladigan funksiyalar uchun, izotrop fazoning qo‘shma almashtirishi yordamida ko‘chiruvchi sirtlar oilasidagi echimi topilgan;
Monj-Amper tenglamasining o‘ng tomoni halqa sohada berilgan funksiya bo‘lgan holda, echimining analitik ko‘rinishining mavjud va yagonaligi isbotlangan, hamda Galiley almashtirishidan foydalanib, shu sohada berilgan funksiyalar uchun Monj-Amper tenglamasining umumiy echimi topilgan;
yarimgiperbolik fazoning izotrop fazo sferasi ichiga interpretatsiya qilish orqali bu fazodagi qavariq sirtlarni tiklash masalasi tahlil qilinib, uch o‘lchamli noevklid fazolarda sirtni tashqi egriligi bo‘yicha tiklash masalalari Monj-Amper tenglamasi echimining xususiy holi bo‘lishi ko‘rsatilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Noevklid fazolardagi sirtni tiklash masalasini Monj-Amper tenglamasini echishga qo‘llash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Evklid va yarimevklid fazolardagi sirtlarning geometrik xarakteristikalariga ko‘ra tengligidan olingan natijalar MhB-JD-2019-27 - “AL-N-B tizimidagi materiallarning xossalarini tadqiqot etish va termobarik ishlov berish” mavzusidagi fundamental loyihasining AL-N-B birikmalarining termobarik ishlov jarayonida hosil bo‘ladigan izotrop energetik sirtlarni modellashtirishda qo‘llanilgan (Toshkent davlat transport universitetining 2025-yil 17-noyabrdagi № 04-01/8373 raqamli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi geometrik tahlil usullaridan foydalanish natijasida energetik sirtlarning invariantlari aniqlanib, erkin energiyani minimallashtirishning optimal yo‘nalishlari belgilanib, AL-N-B tizimlarida fazaviy o‘tishlarning barqarorligi va muvozanat holatlarini tavsiflash imkonini bergan;
tadqiqot ishidagi Monj-Amper tenglamasining xususiy holi bo‘lgan sirtning berilgan to‘la egriligiga ko‘ra tiklash masalasi bo‘yicha olingan natijalar O‘zRFA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining 2022-2024 yillarda amalga oshirilgan IL-21071166-sonli shartnomaga asosan bajarilgan “Shamolning past tezligi uchun mo‘ljallangan vertikal o‘qli shamol turbinasini yaratish” mavzusidagi fundamental loyihasida qo‘llanilgan (O‘zRFA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining 2025-yil 19-noyabrdagi № 1479-3 raqamli ma’lumotnomasi). Tadqiqot davomida olingan natijalar sirtning geometrik xarakteristikalaridan foydalanish natijasida sirt egriligining oqimni qayta yo‘naltirishdagi roli, past tezliklarda oqimning barqarorligi va laminarlikning saqlanishiga ta’siri hamda qanotlar atrofida hosil bo‘ladigan bosim gradientlari va lokal aerodinamik taqsimotlar matematik nuqtai nazaridan aniqlash imkonini bergan.