Qobulov Xotamjon Abdukarimovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.      Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hudud daromad salohiyatini shakllantirish metodologiyasi va rivojlantirish strategiyasi”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Iqt243.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.05.
 Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Haydarov Nizamiddin Xamraevich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor To‘raev Shavkat Shuxratovich; iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Usmonov Kaxramonjon Akbaralievich.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston sharoitida hududlar daromad salohiyatini shakllantirish metodologiyasini takomillashtirish hamda mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlashga qaratilgan moliyaviy-fiskal rivojlantirish strategiyasini ilmiy jihatdan asoslashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
daromad solig‘i to‘lovchilari o‘rtasida “gorizontal tenglik” tamoyilini ta’minlash maqsadida yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladigan soliq rejimini tatbiq etish asosida mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha daromadlar shakllantirish taklifi asoslangan;
jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulklarni baholashda kadastr bahosi, qurilish qiymati hamda uy-joy oldi-sotdi bitimlari natijalarini uyg‘unlashtirishga asoslangan bozor qiymatiga yaqinlashtirilgan kompleks baholash yondashuvi taklif etilgan; 
mahalliy byudjetlar daromad bazasini oshirish maqsadida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga ko‘ra guruhlash asosida fiskal rag‘batlantirish konsepsiyasi taklif etilgan;
hududlarning daromad salohiyatini amalda foydalanilmayotgan rezervlar hisobiga oshirish yuzasidan qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi subektlar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini anʼanaviy indeksatsiyalash (yillik inflyasiya darajasida) o‘rniga ikki barobarga indeksatsiyalash taklif etilgan; 
mahalliy byudjetlar daromadlarini mustahkamlash maqsadida, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomashinalari uchun yig‘im kiritish orqali avtomobil yo‘llarini saqlab turish xarajatlarini qoplash taklif etilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hudud daromad salohiyatini shakllantirish metodologiyasi va rivojlantirish strategiyasi yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar asosida: 
daromad solig‘i to‘lovchilari o‘rtasidagi “gorizontal tenglik”ni ta’minlash maqsadida, yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi shaxslar uchun belgilangan soliq tizimini qo‘llash orqali mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha daromadlar shakllantirish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-891-son Qonunida o‘z aksini topgan  (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 5-martdagi 06/41-3-4898-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2024-yilda mahalliy byudjetlarga 44,4 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad undirilishi (umumiy daromadga nisbati 0,1 foiz) prognoz qilingan. Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 1 557 nafar jismoniy shaxs o‘rtasida soliq yuki darajasi tenglashishi aniqlangan;
jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulklarni kadastr bahosini, qurilish qiymati, uy-joy oldi-sotdisiga doir bitimlardan kelib chiqqan holda bozor qiymatiga yaqin holda aniqlashtirish orqali mol-mulk solig‘ini oshirish yuzasidan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan aprobatsiyaga qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 5-martdagi 06/41-3-4898-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilgan 4 ta tumanda, jumladan, birgina Mirzo Ulug‘bek tumanida 83 108 ta ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha 54 foizining kadastr qiymatlari 5-8 barobarga, 48,5 foiziniki 2-4 barobarga oshishi va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 24 mlrd so‘mga (shu soliq turi bo‘yicha umumiy tushumga nisbatan 42 foiz) oshishi hisob-kitob qilingan;
hududlarni toifalarga ajratgan holda, kam rivojlangan joylarda soliq to‘lovchilarga imtiyozlar berish orqali investorlarni ko‘proq jalb qilish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga shu hududlar mahalliy byudjetlari daromadlari bazasini oshirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF- 287-son Farmonida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 5-martdagi 06/41-3-4898-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2023-yil davomida 59 ta tumanda ishlab chiqarish hajmi o‘sish surʼatlari 3 foiz bandiga oshganligi kuzatilgan, mahalliy byudjetlar daromadlari o‘sishida 7 foiz bandiga o‘sish aniqlangan;
hududlarning daromad salohiyatini amalda foydalanilmayotgan rezervlar hisobiga oshirish yuzasidan qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi subektlar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini anʼanaviy indeksatsiyalash (yillik inflyasiya darajasida) o‘rniga ikki barobarga indeksatsiyalash to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-891-son Qonunida o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 5-martdagi 06/41-3-4898-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2024-yilda mahalliy byudjetlar daromadlari 440 mlrd so‘mga (yillik daromadlarning 0,8 foiz) oshishi; qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatuvchilarning (respublika bo‘yicha 84 ming atrofida) soliq yuki darajasi (suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasining tovar aylanmasiga nisbati) atigi 0,02 foiz bandiga oshishi; respublika bo‘yicha 7 848 ta subektda 487,5 mln m3 suv resurslarini tejash rag‘batlantirilishi hisob-kitob qilingan;
mahalliy byudjetlar daromadlarini mustahkamlash maqsadida, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomashinalari uchun yig‘im joriy qilish orqali avtomobil yo‘llarini saqlab turish xarajatlarini qoplash yuzasidan berilgan taklif O‘zbekiston 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-891-son Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 5-martdagi 06/41-3-4898-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2024-yilda respublika bo‘yicha 15 040 ta shu toifadagi avtomobillardan 24,8 mlrd so‘m mablag‘ undirilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bu to‘lovlarning miqdori avtomobil egalari uchun soliq yuki darajasining sezilarli oshirmasligi yuzasidan solishtirma tahlil o‘tkazilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish