Taxirov Djonibek Kobilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatni loyihalashda optimal parvoz-texnik ko‘rsatkichlarini tanlash, 05.02.08 – Uchish apparatlarini loyihalash, ularning konstruksiyasi, ishlab chiqarish, ulardan foydalanish va er usti majmualari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T1608
Ilmiy rahbar: Abdujabarov Nuriddin Anvarovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.10/2025.27.12.T.01.07  raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Parsiev Saydiaxad Solixodjaevich – texnika fanlari doktori, professor, Shamsiev Rasul Zairovich – texnika fanlari bo‘yich falsafa doktori (PhD), dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatini loyihalashda optimal parvoz-texnik ko‘rsatkichlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatini loyihalashda konseptual va parametrik bosqichlarni yagona tizimda bog‘lashga xizmat qiluvchi, aerodinamik, energetik va konstruktiv parametrlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni birgalikda hisobga olgan holda kompleks baholash va optimal variantni tanlash jarayonini avtomatlashtiruvchi konseptual- uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan;
uchuvchisiz uchish apparatining     parvoz-texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha funksional uyg‘unlikni ta’minlash uchun muvofiqlik shartlarini kiritish va moslikni iterativ aniqlash asosida asosiy ko‘rsatkichlarni tanlash aniqligini oshiradigan integratsiyalashgan matematik model takomillashtirilgan;
aerodinamik optimallashtirish va sonli mustahkamlik tahlili natijalarini uyg‘unlashtirib, ishonchlilik ko‘rsatkichlarini inobatga olgan taqqoslash mezonlari asosida optimal loyihaviy echimni tanlashni ta’minlovchi hisoblash algoritmlari majmuasi ishlab chiqilgan;
uchuvchisiz uchish apparati uchun parvoz-texnik ko‘rsatkichlarini takomillashtirish natijasida shakllangan konstruktiv talablar asosida kompozit materiallarning fizik-mexanik xususiyatlarini modellashtirish orqali material tanlash mezonlarini baholash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatini loyihalashda optimal parvoz-texnik ko‘rsatkichlarni tanlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatini loyihalash bo‘yicha uslubiyot, uning tuzilmasiga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar hamda tavsiyalar “Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi” DKda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2024-yil 11-noyabrdagi 10/2367-son ma’lumotnomasi). Natijada uchuvchisiz uchish apparatini loyihalash va baholash jarayoniga matematik modellar hamda ko‘rsatkichlar ta’sirini tahlil qilish usullari tatbiq etilib, uchish davomiyligini 14 daqiqagacha uzaytirish imkoniyati aniqlangan hamda energiya sarfini 5–7% gacha kamaytirish mumkinligi asoslangan.
yaratilgan loyiha echimining iqtisodiy samaradorligi O‘zbekiston Respublikasi Kadastr agentligi huzuridagi “Geoinnovatsiya markazi” DUK  faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2024-yil 15-oktyabrdagi 05/08-10572-son ma’lumotnomasi). Natijada parvoz-texnik ko‘rsatkichlarni kompleks baholashga yo‘naltirilgan integratsiyalashgan matematik model va optimal parametrlarni aniqlashni ta’minlovchi algoritmik echimlar amaliyotga joriy etilib, loyihaviy qarorlarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi texnik-iqtisodiy asoslar bilan tasdiqlangan.
belgilangan talablar asosida uslubiyot bo‘yicha ishlab chiqilgan uchuvchisiz uchish apparati loyihasi Mudofaa sanoati agentligi faoliyatiga joriy etilgan (Mudofaa vazirligining 2024-yil 11-noyabrdagi 10/2367-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2024-yil 4-dekabrdagi 4/E1631-son ma’lumotnomalari). Natijada aerodinamik tavsiflar, konstruktiv echimlar va mustahkamlik bo‘yicha bajarilgan tahlillar hamda ularning parvoz-texnik ko‘rsatkichlarga ta’siri natijalariga tayangan holda loyiha echimi amaliy tatbiq uchun baholanib, uchuvchisiz uchish apparatini loyihalash va ishlab chiqarishni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish uchun zarur loyiha sifatida e’tirof etilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish