Xalilova Zarnigor Muhammadjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida “oila” konseptining lingvokognitiv va lingvokulturologik jihatlari tadqiqi” (U.Hamdamning “Muvozanat” hamda E.Petchettning “Gollandcha uy” romanlari misolida) 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil4224
Ilmiy rahbar: Ganieva Dildoraxon Azizovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.10.05 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, dotsent Sulaymanova Nilufar Jabbarovna, ikkinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Ma’rufova Zulfiya Nabievna.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida “oila” konseptining lingvokognitiv hamda lingvokulturologik jihatlarini U.Hamdamning “Muvozanat” hamda E.Petchettning “Gollandcha uy” romanlari misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek va ingliz tillaridagi “oila” konseptini voqealantiruvchi lisoniy birliklarning tarkibiy tuzilishi, semantik xususiyatlari hamda lingvokognitiv va lingvokulturologik jihatlari o‘rganilib, o‘zbek tilida oilaning nasl-nasab, burch va ijtimoiy barqarorlikka tayangan modeli, ingliz tilida esa shaxsiy erkinlik va moddiy qadriyatlarga asoslangan modeli tilda aks etishi aniqlangan;
chog‘ishtirilayotgan tillardagi qarindoshlik (bobo, buvi, amaki, tog‘a, amma, xola, jiyan/ grandfather, grandmother, uncle, aunt, nephew, niece…), nikoh (er, xotin, qaynona, qaynota, qaynog‘a, qaynsingil/ husband, wife, mother-in-law, father-in-law, brother-in-law, sister-in-law…), ota-ona va farzand munosabatlarini (ota, ona, opa, singil, aka, uka/ father, mother, sister, brother…) ifodalovchi leksemalar tahlil qilinib, ular “oila” hamda “family” konseptual maydonini tashkil etuvchi birliklar ekanligi dalillangan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi 130 dan ortiq frazeologik birliklarda ifodalangan oilaviy munosabatlar asosida shakllangan “oila”, “nikoh”, “er-xotin munosabatlari”, “ro‘zg‘or yuritish”, “ota-ona va farzand aloqalari” kabi konseptual-tematik maydonlarning milliy-madaniy jihatlari tanlangan asarlardagi misollar orqali asoslangan;
o‘zbek va ingliz tillarida “oila” konseptining umumiy oilaviy munosabatlar, uy va oilaviy meros, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘gay ona va o‘gay farzandlar munosabatlari, aka-uka va opa-singil munosabatlari, boylik va meros masalalari kabi madaniy-skriptlar asosida turlicha voqealantirilgani “Muvozanat” hamda “Gollandcha uy” romanlari materiallari asosida isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida “oila” konseptini voqealantiruvchi lisoniy birliklarning lingvokognitiv hamda lingvokulturologik tadqiqi asosida olingan natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
o‘zbek va ingliz tillaridagi “oila” konseptini voqealantiruvchi lisoniy birliklarning tarkibiy tuzilishi, semantik xususiyatlari hamda lingvokognitiv va lingvokulturologik jihatlari o‘rganilib, o‘zbek tilida oilaning nasl-nasab, burch va ijtimoiy barqarorlikka tayangan modeli, ingliz tilida esa shaxsiy erkinlik va moddiy qadriyatlarga asoslangan modeli tilda aks etishi aniqlanganligi to‘g‘risidagi xulosa va tavsiyalardan 2022-2023 yillar “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va mul`timedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plami yaratish” mavzusidagi F3-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek fol`klor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa izohli lug‘ati” ni yaratishda samarali foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2025-yil 4-fevraldagi 1/04-181-sonli ma’lumotnomasi). Natijada oila tushunchasining turli ijtimoiy va madaniy muhitlarda aks etishi va uning turli xalqlar madaniyatida o‘xshash va farqli jihatlarini o‘rganish imkoni kengaygan.
chog‘ishtirilayotgan tillardagi “oila” hamda “family” konseptual maydonini tashkil etuvchi qarindoshlik, nikoh, ota-ona va farzand munosabatlarini ifodalovchi leksemalarning ifodalovchi leksemalar qiyosiy tahlili, o‘zbek va ingliz tillaridagi 130 dan ortiq frazeologik birliklarda ifodalangan oilaviy munosabatlar asosida shakllangan “oila”, “nikoh”, “er-xotin munosabatlari”, “ro‘zg‘or yuritish”, “ota-ona va farzand aloqalari” kabi konseptual-tematik maydonlarning milliy-madaniy jihatlari tanlangan asarlardagi misollar orqali asoslangan ilmiy natija va xulosalaridan 2022-2024-yillarda “Musiqa va san’at o‘quv muassasalari uchun “Bolalar raqslari” fanidan interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish” mavzusidagi F3-2019081773 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil 11-iyul`dagi 1/04-287-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada berilgan xulosalar asosida izohli lug‘atning ilmiy-nazariy qimmati ortgan;
o‘zbek va ingliz tillarida “oila” konseptining umumiy oilaviy munosabatlar, uy va oilaviy meros, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘gay ona va o‘gay farzandlar munosabatlari, aka-uka va opa-singil munosabatlari, boylik va meros masalalari kabi madaniy-skriptlar asosida qanday voqealantirilgani “Muvozanat” hamda “Gollandcha uy” romanlari materiallari asosida isbotlangani to‘g‘risidagi xulosa va tavsiyalardan O‘ZMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarining ssenariysini yozishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 4-fevraldagi 26-36-952-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni chuqurlashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan hamda ko‘rsatuv va eshittirishlarda ko‘tarilgan oila mavzusidagi masalalarning ilmiy asosi kuchaytirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish