Maxmurov Doston Menglibek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shirin qalampir (Capsicum annium L. var. grossum (L.) sendt) ni quritish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Qx1559
Ilmiy rahbar: Islamov Soxib Yaxshibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.02.
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, texnika fanlari doktori professor; Abdullaev Zokir Ikromjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Shirin qalampir nav va duragaylari turli usullarda quritish va quritilgan mahsulotlardan oziq-ovqat xom-ashyosi (kukun) tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor shirin qalampirni quritishda sifat ko‘rsatkichlarining saqlanib qolishi yuqori bo‘lgan Zumrad, Shodlik navlari va Reyna F1, Chelsi F1 Gerkules F1 duragaylari tanlab olingan;
shirin qalampir mevalari turli bo‘laklarga bo‘linib natriy glutamat monogidratning (C5H8NO4Na·H2O) 2% ishchi eritmasida ishlov berilganda, Zumrad navida 13,1 %, Shodlik navida 10,6% Reyna F1 duragayida 13,8%, Chelsi F1 duragayida 14,8%, Gerkules F1 duragayida 13,8% tayyor quritilgan mahsulot chiqishi aniqlangan;
shirin qalampir mevalari turli bo‘laklariga bo‘linib natriy glutamat monogidratning (C5H8NO4Na·H2O) 2 % ishchi eritmasida ishlov berilib soyada quritilganda shirin qalampir maxsulotlarining organoleptik ko‘rsatkichlari Zumrad navida 4 ball, Shodlik navida 3,5 ball, Reyna F1 duragayida 4,5 ball, Chelsi F1 duragayida 5 ball, Gerkules F1 duragayida 5 ball bo‘lganligi aniqlangan;
quritilgan shirin qalampirdan kukun tayyorlashda uning tarkibidagi namlik 11-12% bo‘lganda 1-nav sifatli maxsulot chiqishi 60% ni tashkil etishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shirin qalampirning nav va duragaylarini quritishda tayyor mahsulot chiqishiga turli omillar ta’sirini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: 
shirin qalampirning nav va duragaylarini quritish ishlanmasi Jizzax viloyati Baxmal tumani “Mamatqul Doniyorov” fermer xo‘jaligida 2,1 ga maydonda etishtirilgan 2000 kg mahsulotni quritishga joriy etilgan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 23.10.2025 yil. № 23-104/10-25 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, shirin qalampirning xom ashyosidan olingan tayyor quritilgan mahsulot chiqimi 2000 kg xom-ashyodan 207 kg ni tashkil etib, 2 mln 266 ming so‘m sof foyda olishga erishilgan, rentabellik darajasi 40,5% ni tashkil etgan;
shirin qalampirning nav va duragaylari mevalariga natriy glutamat monogidrat (C5H8NO4Na·H2O) 2 % ishchi eritmasida ishlov berib quritish ishlanmasi Jizzax viloyati Baxmal tumani “Safarali Norqo‘ziev” fermer xo‘jaligidagi 3,2 ga maydonda etishtirilgan shirin qalampir mevalaridan 4000 kg mahsulot quritishga joriy etilgan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 23.10.2025 yil. № 23-104/10-25 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, shirin qalampirning xom ashyosidan olingan tayyor quritilgan mahsulot chiqimi 4000 kg xom-ashyodan 412 kg sof holatda quritilgan mahsulot olinib, sof foyda 5 mln 114 ming so‘mni, rentabellik darajasi 50,9% ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish