Mamurova Nadira Ergashbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini parvarishlashda sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish (Farg‘ona viloyati misolida)”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Qx1463
Ilmiy rahbar: Zakirova Sanoatxon Homdomovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Isaev Sobirjon Xusanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xoshimov Ibrohim Nabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Farg‘ona viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan (qiyalik darajasi 1,50 teng) sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini etishtirishda maqbul sug‘orish usuli va tartiblarini hamda yuqori va sifatli don  hosil olishni ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan (qiyalik darajasi 1,50 ga teng) tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini egiluvchan quvurlar orqali sug‘orishda sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 70-75-70% tartibda sug‘orish ishlab chiqilgan va tuproqning donadorligi, suv o‘tkazuvchanligi, tuproqning hajm massasi, g‘ovakligi va tuproqning gumus, umumiy azot, fosfor, harakatchan shakllari   N-NO3, P2O5 va K2O miqdorlariga ijobiy ta’siri aniqlangan;
Farg‘ona viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini egiluvchan quvur yordamida, ChDNSga nisbatan 70-75-70% tartibda sug‘orilganda bir sentner don va somon hosili uchun mos ravishda 62,9 m3 va 67,6 m3 ga suv sarflanganligi aniqlangan;
Farg‘ona viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini egiluvchan quvur yordamida, ChDNSga nisbatan 70-75-70% tartibda sug‘orilganda 1000 dona urug‘ vazni 41,5 va 40,3 g, don tarkibidagi oqsil va kleykovina miqdorlari 13,7-25,3% va 13,4-24,7% ga teng bo‘lganligi aniqlangan; 
Farg‘ona viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini egiluvchan quvur yordamida, ChDNSga nisbatan 70-75-70% tartibda sug‘orilganda eng yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilib, sof foyda 12396,8 va 8662,3 so‘m/ga ni, rentabellik darajasi 43,6% va 34,6% ni tashkil etganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona viloyati sharoitida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini parvarishlashda sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
g‘allachilikka ixtisoslashgan agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari uchun “Farg‘ona viloyati tipik bo‘z tuproqlarda kuzgi bug‘doy navlarini sug‘orish tartiblari” bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 30-maydagi №05/05-04-296 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma viloyat fermer xo‘jaliklarida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqni o‘rtacha yuvilgan (qiyalik darajasi 1,50) qismida kuzgi bug‘doyning Davr va Vexa navlarini parvarishlashda maqbul sug‘orish tartiblari 2023-2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Qo‘shtepa tumanlari fermer xo‘jaliklarida navlar bo‘yicha jami 54,4 va 53,6 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 30-maydagi №05/05-04-296 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi bug‘doyning Davr navidan o‘rtacha 68,7 s/ga don va 71,9 s/ga somon, Vexa navidan o‘rtacha 64,6 s/ga don, 65,7 somon hosili olishga erishilgan;
2023-2024 yillar davomida Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida joylashgan 25,8 gektar maydonda kuzgi bug‘doyning Davr navini, 31,2 gektar maydonda Vexa navini, Qo‘shtepa tumanidagi joylashgan 22,4 gektar maydonda kuzgi bug‘doyning Davr navini, 28,6 gektar maydonda Vexa navini sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 60-70-60% va 70-75-70% tartibda egatlab va egiluvchan quvur yordamida sug‘orish ishlari joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 30-maydagi №05/05-04-296 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi bug‘doyning Davr navini sug‘orish tartibi va usullariga mos ravishda 62,5-74,9 s/ga don, 65,1-78,6 s/ga somon hosili olingan va 1 s don hosili uchun 65,4-53,2 m3/ga suv sarflanib, rentabellik darajasi 33,0 va 40,9% ni tashkil etgan, Vexa navidan ham sug‘orish tartiblari va usullariga mos holda 60,7- 68,4 s/ga don va 61,3-70,1 s/ga somon hosili olinib, 1 s don hosili uchun sarflangan suv miqdori 67,7-58,5 m3/ga ni tashkil etgan va rentabellik darajasi 30,6-35% ga teng bo‘lgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish