Tursunova Dilorom Xayotovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kompozit aralashmalarni qo‘llab unli qandolat va non mahsulotlari resepturalarini takomillashtirish», 02.00.17 – Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T3612.
Ilmiy rahbar: Maxmudov Rafiq Amonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.T.16.05.
Rasmiy opponentlar: Isabaev Ismoil Babadjanovich, texnika fanlari doktori, professor; Mirzaev Jamol Do‘stiyarovich, texnika fanlari falsafa doktori(PhD).
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kompozit aralashmalarni qo‘llab unli qandolat va non mahsulotlari resepturalarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keks va non maxsulotlari ishlab chiqarishda oqsillar, oziqa tolasi, minerallar va antioksidantlarga boy bo‘lgan muqobil un turlarining kompozit aralashmalaridan foydalanib, glyutensiz va funksional mahsulotlar resepturasi ilmiy asoslangan;
keks ishlab chiqarish uchun mos ravishda 50:50 nisbatda butun donli amarant va yog‘sizlantirilgan kunjut kunjarasi unidan iborat kompozit aralashmaning tarkibi ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan keks ishlab chiqarish uchun mos ravishda 70:30 nisbatda butun donli amarant uni va yog‘sizlantirilgan kunjut unining kompozit aralashmasi yordamida tayyorlangan keksdagi ozuqaviy moddalar tarkibida sezilarli yaxshilanishini xususan, oqsil miqdori 1,3 marta, yog‘ 2,0 marta, ozuqaviy tolalar esa 1,4 marta oshgani hamda kekslar resepturasidagi 30,0% oliy nav bug‘doy unini ushbu aralashma bilan almashtirishning texnologik samaradorligi ilmiy isbotlangan;
non ishlab chiqarish uchun mos ravishda 30:25:25:20 nisbatda butun donli amarant, guruch, makkajo‘xori va yog‘sizlantirilgan kunjut kunjarasi unidan iborat kompozit aralashmaning tarkibi ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan, non resepturasidagi 20,0% birinchi nav bug‘doy unini ushbu aralashma bilan almashtirishning texnologik samaradorligi va biologik qiymati 54,7% dan 84,8% ga ortishini ta’minlashi ilmiy isbotlangan;
unli kompozit aralashmalaridan foydalangan holda kekslar va qolipli non ishlab chiqarish texnologik jarayonining asosiy parametrlari optimallashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kompozit aralashmalarni qo‘llab unli qandolat va non mahsulotlari resepturalarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
butun donli amarant va yog‘sizlantirilgan kunjut uni kompozit aralashmasi asosida “Mo‘jiza” keksi ishlab chiqarish texnologiyasi “Non Baton Invest” MChJ korxonasida joriy etilgan (“O‘zdonmahsulot” Aksiyadorlik Jamiyatining 2024 yil 17 maydagi 11-1-8/64-323/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, oliy navli bug‘doy unining sarfi 30,0% ga tejash imkonini bergan;
butun donli amarant, guruch, makkajo‘xori va yog‘sizlantirilgan kunjut kunjarasi unlari kompozit aralashmasidan foydalanib “Qolipli non” ishlab chiqarish texnologiyasi “Non Baton Invest” MChJ joriy etilgan (“O‘zdonmahsulot” Aksiyadorlik Jamiyatining 2024 yil 17 maydagi 11-1-8/64-323/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, 1-nav bug‘doy unining sarfi 20,0% ga qisqargan, nonning chiqishi 1,5% ga oshgan, 1-nav bug‘doy uniga nisbatan 1 tonna non islab chiqarishda xomashyo sarfini 280,0 ming so‘mga tejash imkonini bergan.