Saidov Doston Nuriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmogʻi nomi): “Korxonalarda mehnat muhofazasini tashkil etish va operativ boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishga doir maʼlumotlarni yigʻish axborot tizimini ishlab chiqish”, 05.10.01 – “Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi”; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4982
Ilmiy rahbar: Sulaymanov Sunnatulla – texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.10/2025.27.12.T.01.03 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Siddikov Ilhomjon Xakimovich, texnika fanlari doktori, DSc, professor; Atabaev Kaxramon Albert o‘g‘li, texnika fanlari nomzodi, PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Amaliy yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot.
II. Tadqiqotning maqsadi: Korxonalarda mehnat muhofazasini tashkil etish va boshqaruv samaradorligini oshirishga doir operativ maʼlumotlarni yigʻish axborot tizimini ishlab chiqish orqali mehnat xavfsizligini oshirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Inson – texnika – muhit” tizimi doirasida mehnat muhofazasi xizmati xodimining axborotni qabul qilish, qayta ishlash va qaror qabul qilish jarayonlarini tavsiflovchi matematik model ishlab chiqilgan hamda ushbu model asosida xodim-ning funksional yuklamasini miqdoriy aniqlash va baholash usuli taklif etilgan;
ehtimollar nazariyasiga asoslangan Markov zanjiri matematik modeli mehnat muhofazasini tashkil etish va operativ boshqaruv jarayonlariga moslashtirilgan hamda ushbu model asosida ishlab chiqarishdagi xavfli holatlar, yaqin hodisalar va baxsiz hodisalar o‘rtasidagi o‘tish ehtimollarini baholash imkonini beruvchi axborot texnologiyasi tuzilmasi ishlab chiqilgan;
mehnat muhofazasini tashkil etish va boshqaruv tizimida operativ boshqaruv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xavflarni aniqlash, baholash va tahlil qilish bosqichlarini yagona axborot konturida birlashtiruvchi optimallashtirilgan konseptual model ishlab chiqilgan;
risklarni raqamli baholash natijalari asosida mehnat muhofazasini operativ boshqarish platformasining texnik ishlash ko‘rsatkichlarini real vaqt rejimida kompleks baholash imkonini beruvchi yangi metodik yondashuv ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Korxonalarda mehnat muhofazasini tashkil etish va operativ boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishga doir maʼlumotlarni yigʻish axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mehnat muhofazasini operativ boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda mehnat muhofazasi xizmati xodimining funksional yuklamasini aniqlash va baholash usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi nazorati departamenti faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 17-sentyabrdagi 4/E-1291-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mehnat muhofazasini raqamlashtirishga yo‘naltirilgan axborot texnologiyasini joriy etish hisobiga yillik iqtisodiy samaradorlik 371,45 mln so‘mni tashkil etgan;
mehnat muhofazasi xizmatini boshqaruv jarayonida xavflarni baholash va tahlil qilishga doir optimallashtirilgan konseptual model, operativ boshqaruv tuzilmasi va elektron platformasidan foydalanish uchun texnik imkoniyatlarini baholash usuli hamda insonning axborotni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va qaror qabul qilish tezligini aniqlashga xizmat qiluvchi dastur “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi nazorati departamenti faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 17-sentyabrdagi 4/E-1291-sonli ma’lumotnomasi). Natijada vazifalarni bajarish tezligi 35 % ga oshgan..