Azizova Madinaxon Bahromjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alliteratsiya va epitet vositalarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjimada berilishi (Joan Rouling asarlari misolida)”; 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4390.
Ilmiy rahbar: Juraeva Iroda Ahmedovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.11.
Rasmiy opponentlar: Djusupov Nursultan Mahanbet uli, filologiya fanlari doktori, dotsent; Asqarova Shahnoza Kamolidinovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi J.Rouling asarlarida qo‘llangan alliteratsiya va gap-iborali epitet stilistik vositalarining o‘zbek tiliga adekvat tarjima tamoyillarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
J.Rouling asarlarida fonetik jihatdan alliteratsiyaning umumiy, sirg‘aluvchi, konsonant, portlovchi, til oldi tovushli, talaffuz qilinmaydigan, simmetrik turlari mavjudligi aniqlangan.Muallif uslubiga xos bo‘lgan alliteratsiya vositasining semantik jihatdan esa onomastik, tasviriy va harakat-holatni ifodalovchi xususiyatlari aniqlashtirilgan;
J.Rouling asarlaridagi alliteratsiyalar tarjimasida fonetik takror va semantik mazmun saqlanmasligi muammosi aniqlangan va buning echimi sifatida transpozisiya hamda ekvivalentlik transformatsiyalarini qo‘llash taklifi kiritilgan;
epitetning gap va ibora shaklida namoyon bo‘luvchi turining J.Rouling asarlarida kuchli his-hayajon, so‘roq va undov ma’nolarini ifoda etuvchi estetik funksiyalari aniqlangan;
ibora va gap shaklida qo‘llanilgan epitetlarning tarjima jarayonida yaxlit gapga aylanishi natijasida ularning sifatlovchilik va emotsional xususiyatlari yo‘qolishi holatlarini bartaraf etish uchun so‘zma-so‘z va ekvivalentlik transformatsiyalarini qo‘llash, epitetlarni qo‘shtirnoq ichida berish hamda undov va so‘roq tinish belgilaridan foydalanish orqali ularning emotsional ta’sirchanligini saqlanib qolinishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alliteratsiya va epitet vositalarining xususiyatlari hamda tarjima masalalarini o‘rganish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
J.Rouling asarlarida fonetik jihatdan umumiy, sirg‘aluvchi, konsonant, portlovchi, til oldi tovushli, talaffuz qilinmaydigan, simmetrik turlari mavjudligi aniqlangan, muallif uslubiga xos bo‘lgan alliteratsiya vositasining semantik xususiyatiga ko‘ra esa onomastik, tasviriy va hissiyot, harakat-holatni ifodalovchi xususiyatga egaligini o‘rganish bo‘yicha taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “Yoshlar” ijodiy birlashmasi” aksiyadorlik jamiyati “Yoshlar” radiokanalida 2025-yil aprel oyida efirga uzatilgan “Tadqiqot” radioeshittirishida foydalanilgan (“Yoshlar” ijodiy birlashmasi” aksiyadorlik jamiyatining 14-05-54-sonli 2025-yil 15-apreldagi ma’lumotnomasi). Natijada, tinglovchilarning xorijiy adabiyotlarni mutolaa qilish hamda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi radiokontent yaratildi. Mazkur efir tinglovchilarning filologiya fanlari, xususan tarjimashunoslikka oid bilimlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
J.Rouling asarlaridagi alliteratsiyalar tarjimasida fonetik takror va semantik mazmunni saqlash masalasiga doir mulohazalar va mazkur masalaning echimi sifatida transpozisiya hamda ekvivalentlik transformatsiyalarini qo‘llashga oid takliflardan O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi faoliyatida tarjima amaliyotiga yangi yondashuvlarni kiritishda foydalanilgan(O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi 2025-yil 6-maydagi 01-03/215-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek badiiy tarjimashunosligi amaliyotida fonetik va semantik ekvivalentlikni ta’minlash yo‘nalishida innovatsion usullarni qo‘llash imkoniyatlari kengaygan;
epitetning gap va ibora shaklida namoyon bo‘luvchi turining J.Rouling asarlarida kuchli his-hayajon, so‘roq va undov ma’nolarini ifoda etuvchi estetik funksiyalari hamda ibora va gap shaklida qo‘llanilgan epitetlarning tarjima jarayonida yaxlit gapga aylanishi natijasida ularning sifatlovchilik va emotsional xususiyatlari yo‘qolishi holatlarini bartaraf etish uchun so‘zma-so‘z va ekvivalentlik transformatsiyalarini qo‘llash, epitetlarni qo‘shtirnoq ichida berish hamda undov va so‘roq tinish belgilaridan foydalanish orqali ularning emotsional ta’sirchanligini saqlab qolish mumkinligiga doir xulosalardan AQShning Aydaho universiteti tilshunoslik kafedrasi tomonidan tashkil qilingan qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik fanlarini o‘qitish bo‘yicha maxsus kursida foydalanilgan. (Aydaho universitetining 988-885-7171-sonli 2025-yil 15-maydagi ma’lumotnomasi). Natijada o‘tkazilgan tadqiqot davomida ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosalar hamda taklif etilgan tarjima transformatsiyalari lingvistika, stilistika va tarjima nazariyasi fanlarini o‘qitish jarayonida ularni amaliyotda qo‘llash imkonini yaratdi.