Abdurashidova Kamolaxon Abdurasul qizining
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi
haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek va ingliz xalq afsonalarining qiyosiy tadqiqi” mavzusidagi 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4387 raqami bilan ro‘yxatga olingan.
Ilmiy rahbar: Alieva Mehrinoza Aybekovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/2025.27.12.Fil.22.04 raqamli Ilmiy Kengash
Rasmiy opponentlar: Tursunov Akmaljon Xamidjonovich filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori, professor; To‘raeva Baxora Bahriddinovna filologiya fanlari doktori (DSc) dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz xalq afsonalarining janr xususiyatlari va poetik tabiatini aniqlash, ularning kompozision qurilishi hamda obrazlar tizimini qiyosiy tahlil etish orqali mazkur afsonalarga xos tipologik va differensial jihatlarni ilmiy asoslashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek va ingliz xalq afsonalariga doir jahon va mahalliy ilmiy qarashlar birinchi marta kompleks tarzda umumlashtirildi, afsona janrining asosiy poetik-konstruktiv xususiyatlari belgilandi hamda ikki folklor tizimida uchraydigan kompozision modellarning qiyosiy tahlili asosida intertip o‘xshashliklar bilan birga milliy-differensial jihatlar ilmiy asosda dalillangan;
o‘zbek va ingliz xalq afsonalari materiallarini taksonomik tahlil qilish natijasida ularning mavzu qamrovi, badiiy voqelikni ifoda etish tamoyillari va xronotop shakllari tizimli ravishda qayta ko‘rib chiqildi hamda afsonalar birinchi marta an’anaviy (mifologik, tarixiy, toponimik, diniy) va zamonaviy afsonalar shaklida ilmiy mezonlarga ko‘ra tasniflangan;
o‘zbek xalq afsonalarining motivlar tizimi jahon folklorshunosligida qo‘llanilayotgan xalq afsonalari motiv ko‘rsatkichlari bilan qiyosiy o‘rganilib, ular orasidagi umumiy motivlar, mavzu tiplari va kompozision modellar aniqlandi; o‘zbek va ingliz afsonalaridagi an’anaviy motivlarning mazmun tiplari tizimli ravishda ochib berilgan;
o‘zbek va ingliz xalq afsonalarining postfolklor jarayonlaridagi holati bo‘yicha mavjud ilmiy qarashlar to‘ldirildi, zamonaviy shahar afsonalarining (contemporary/modern/urban legends) struktur-semantik xususiyatlari, evolyusion dinamikasi va janr modifikatsiyalari ilk bor kompleks tahlil qilingan. Shuningdek, zamonaviy afsonalarning personajlar tizimi, kompozisiyasi hamda makon va zamon (xronotop) kategoriyalari ilmiy asosda tasniflangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz xalq afsonalarini qiyosiy tadqiq etish asosida olingan ilmiy natijalardan:
o‘zbek va ingliz xalq afsonalarining struktur-semantik xususiyatlari, obrazlar tizimi va etnografik realiyalariga doir aniqlangan ilmiy natijalaridan O‘zbekiston davlat xareografiya akademiyasida 2021–2023-yillarda bajarilgan F3-2019081773 “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-inglizcha-fransuzcha izohli lug‘ati” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi 2025-yil 14-maydagi №1/04-236-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at o‘zbek va ingliz xalq afsonalarida berilgan realiyalar, etnografik o‘ziga xosliklar haqidagi nazariy qarashlar bilan to‘ldirilgan;
ikki xalq afsonalarining tipologik xususiyatlari, xususan, ulardagi mifologik qarashlarning dunyo xalqlarining qadimgi arxetiplari bilan mushtarak jihatlarga egaligi haqidagi ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida 2022–2023-yillarda bajarilgan F3-2019081663 “O‘zbek folklor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa izohli lug‘ati” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi 2024-yil 10-oktyabrdagi № 1/04-130-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at o‘zbek va ingliz xalq afsonalari o‘rtasidagi intertip o‘xshashliklar, arxetipik motiv va obrazlar tipologiyasi haqidagi nazariy ma’lumotlar bilan boyigan;
o‘zbek va ingliz xalq afsonalarining nomoddiy madaniy meros sifatidagi ahamiyati va ularni muhofaza qilishga oid ilmiy qarashlaridan 2024-2025-yillarda “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” rukni ostidagi teleko‘rsatuvlarini tayyorlashda, ssenariylarini yozishda foydalanildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasi 26-36-990-son 2025-yil 14-maydagi ma’lumotnomasi). Natijada xalq afsonalarining yosh avlod ma’naviy kamolotidagi tutgan muhim o‘rni va ahamiyati xususidagi yangi ma’lumotlarni etkazish orqali ushbu ko‘rsatuvlarning yuksak saviyada tayyorlanishiga xizmat qilgan.