Karimova Feruzaxon Sayfuddinovnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi muloqot matnlarining pragmalingvistik va psixolingvistik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2025.1.DSc/Fil785
Ilmiy maslahatchi: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01. 
Rasmiy opponentlar: Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor, Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor, Abdiev Murodqosim Bolbekovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilidagi muloqot matnlarining pragmalingvistik va psixolingvistik xususiyatlarini nutq tuzuvchi va uni idrok etuvchining kognitiv, ijtimoiy, madaniy, psixologik tomonlari asosida ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muloqot tizimi pragmalinvistik, psixolingvistik va assotsiativ tomondan tekshirilib, uning voqealanishi til va tafakkur mahsuli sifatida ishtirokchilar dunyoqarashini aks ettiruvchi hamda lisoniy ongini ifodalovchi jarayon ekanligi asoslangan;
muloqotning kechishi tizimli jarayonga asoslanishi, mazkur hodisani boshqarishda uch bosqichli “zarur bilimni zarur vaqtda ishlatish” qoidasi muhim strategik  muvaffaqiyat usuli ekanligi, uning muloqot samaradorligiga ijobiy ta’sir etishi ochiqlangan;
muloqotdagi nutqiy o‘yinlar, nutqiy taktika va strategiyaning yashirin imkoniyatlari jtimoiy-ma’naviy, siyosiy-ommabop, ayollarga xos, raqibni mag‘lub qilish bilan bog‘liq tarzida ochib berilgan hamda nutqni oldindan rejalashtirish muloqotni boshqarish usuli ekanligi, mazkur jarayonda “boshqaruvchi” va “qurbon” rollari mavjudligi isbotlangan;
muloqot qoidalaridan chekinish va og‘ishning pragmalingvistik xususiyatlari sharqona va g‘arbona me’yoriy qarashlarga asoslangan holda doimo salbiy emas, ijobiy xususiyatga egaligi, u so‘zlovchining milliy, madaniy va individual xususiyatlari bilan bog‘liq holda kechishi hamda suhbat ishtirokchilarning o‘ziga xos maqsad va niyatlarini amalga oshirish vositasi ekanligi dalillangan; 
matn assotsiativ tahlilida matn yaratuvchi va uni idrok etuvchining umumiy jihatlari I.Sultonning “Bog‘i Eram”, “Mening gulim” asarlari hamda Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asaridagi bog‘ tasviri misolida, shuningdek, presedent birliklar ishtirok etgan matnlar tahlilidagi turtki-matn va javob-matnning uyg‘unlashishi asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Muloqot matnining pragmalingvistik va psixolingvistik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
muloqot tizimi pragmalinvistik va psixolingvistik, assotsiativ tomondan tekshirilib, o‘zbek tilidagi muloqot, nutqiy strategiya, nutqiy taktika va so‘z o‘yini, ruhiy holat, til va tafakkur, illokutiv maqsad, illokutiv kuch terminlaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan  OT-F1-78 raqamli “Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (vazifaviy uslublar tahlili asosida)” mavzusidagi fundamental loyihaning o‘zbek tilining ilmiy uslubi taraqqiyoti haqidagi qismlarida fan sohalari yangi terminologik birliklar bilan boyiganligini asoslash uchun foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2024-yil 30-sentyabrdagi 62-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha materiallarining lisoniy birliklar vositasida asoslanganlik darajasi oshgan hamda mazmunan boyigan;
muloqot va uning tizimli hodisa ekanligi, o‘zbek tilidagi psixolingvistika, til va tafakkur, nutqiy faoliyat, ruhiyat nutqlari, kommunikativ maqsad, nutqiy ta’sir, tagma’no, tagbilim terminlari o‘rganilishi borasidagi ilmiy xulosalardan Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan “Qoraqalpoq folklorida dunyoning etnolingvistik tasvirini monografik aspektda tahlil qilish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 11-oktyabrdagi №475/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur loyiha hozirgi o‘zbek tilshunosligidagi yangilanishlar, pragmalingvistik va psixolingvistik tushunchalar bilan to‘ldirilishida tadqiqot ishi zaruriy manba vazifasini o‘tadi; 
matn assotsiativ tahlilida matn tuzuvchi va uni idrok etuvchining umumiy jihatlari, muloqot matnlaridagi so‘zlovchi va tinglovchi munosabatining ruhiy, assotsiativ tomondan uyg‘unlashuvi haqidagi fikrlar hamda matn assotsiativ tahlilida presedent birliklarning voqelanishi va bu hodisalarning milliy nomlarga ko‘chish bilan uzviy aloqadorlik hosil qilishi haqidagi ilmiy xulosalardan  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2022–2023-yillarda bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2025-yil 17-iyuldagi №1167-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha materiallarining lisoniy birliklar vositasida asoslanganlik darajasi oshgan hamda mazmunan boyigan;
muloqotdagi nutqiy o‘yinlar, nutqiy taktika va strategiyaning yashirin imkoniyatlari, muloqotning pragmalingvistik va psixolingvistik xususiyatlari masalalariga doir amaliy tavsiyalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatiladigan “Oydin hayot live” ko‘rsatuvining senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasining 2024-yil 23-oktyabrdagi 01-44-342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materialning mazmuni mukammallashgan;
muloqot qoidalaridan chekinish va og‘ishning pragmalingvistik xususiyatlari doimo salbiy emas, ijobiy xususiyatga egaligi haqidagi, muloqotning pragmalingvistik va psixolingvistik xususiyatlari masalalariga doir amaliy tavsiyalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatiladigan “Oydin hayot live” ko‘rsatuvining senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasining 2024-yil 23-oktyabrdagi 01-44-342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materialning mazmuni mukammallashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish