OAK rahbariyati tomonidan ilmiy jamoatchilik bilan o‘tkazilgan uchrashuv va sayyor
qabul (11.02.2026 y.) bo‘yicha ma’lumotnoma
Yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish, yoshlar va ayol-qizlarning zamonaviy talablar asosida ilm-fan sirlarini o‘rganishi hamda fundamental ilmiy-innovatsion loyihalar bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishi uchun katta e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu jarayonlarda ilmiy tadqiqotchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda attestatsiya jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda ilmiy jamoatchilik va mas’ul tashkilotlar bilan muntazam ravishda bevosita muloqotning o‘rni muhim.
OAK rahbariyati tomonidan 11.02.2026 y.da Navoiy davlat universitetida Navoiy innovatsiyalar universiteti, Profi universityning Navoiy viloyati filiali hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Sharq universitetining ilmiy-pedagogik jamoalari hamda yosh ilmiy tadqiqotchilar bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etildi.

Uchrashuv avvalida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov barcha ishtirokchilar qatorida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan ayol-qizlarni
11 fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” bilan muborakbod etdi. Zero, mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarida ilmiy jamoatchilik tomonidan mazkur bayram keng tantana qilinishi an’anaga aylanib ulgurgan. Bu yurtimizda ayol-qiz olimalarning ilm-fan sohasidagi faoliyati kengayib borayotgani va ular uchun davlatimiz tomonidan keng miqyosli imkoniyatlar yaratilib, tizimli qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borilayotganidan dalolat.
Ochiq muloqot va uslubiy-amaliy seminar shaklida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlarda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, ilmiy daraja va ilmiy unvonlar berish tartiblari, OAKning vakolat va funksiyalari, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar hamda ilmiy seminarlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, dissertatsiya ishlarini tashkil etish, himoya jarayonlari va attestatsiya tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, shaffoflik va sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangiliklar muhokama qilindi.
Sayyor qabullarda Navoiy viloyatida foliyat ko‘rsatayotgan yuqoridagi oliy ta’lim tashkilotlarining 305 nafar, shundan 265 nafar yosh tadqiqotchi ishtirok etdi. Tadbirda 21 ta savolga tushuntirishlar berildi hamda 10 nafar tadqiqotchiga joyida uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sayyor qabul davomida 1 nafar tadqiqotchi murojaat qilib (yozma), uning tomonidan 1 ta masala ko‘tarildi. Ochiq muloqotda tegishli masala yuzasidan ham normativ-huquqiy hujjatlar asosida batafsil tushuntirish berildi.
(O‘rganish jarayonida bo‘lgan, uzoq muddatli nazoratga olingan va rad javobi hamda jamoaviy murojaatlar mavjud emas. Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar tomonidan O‘zR Prezidenti Virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llanmagan).
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida ilmiy izlanuvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi va uslubiy yordamlar ko‘rsatildi.
OAK axborot xizmat