Saparov Kuanishbay Abdiraxmanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qoraqalpog‘istonning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlari pardaqanotli hasharotlari (Hymenoptera, Aculeata) faunasi va ekologiyasi”, 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/B1173.
Ilmiy rahbar: Saparov Abdiraxman Danabaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.04.09.M.
Rasmiy opponentlar: Zokirov Islomjon Ilxomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Seytnazarov Sulayman Kutlimuratovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlari Aculeata infraturkumi hasharotlarining tur tarkibini aniqlash, ekologik-zoogeografik xususiyatlarini ochib berish va ayrim turlarining molekulyar-genetik ko‘rsatkichlari asosida ularning hozirgi holatini kompleks baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida Aculeata infraturkumi arilarining 6 bosh oila, 11 oila, 22 kenja oila, 60 avlodga mansub 106 turi aniqlangan;
ilk bor arilarning O‘zbekiston faunasi uchun Jucancistrocerus atrofasciatus (Moravitz, 1885) turi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi uchun 34 turi aniqlangan;
Aculeata infraturkumi arilarining yil mavsumlari kesimida rivojlanish biologiyasiga doir fenologiyasi ochib berilgan;
Aculeata infraturkumi arilar faunasining 7 ta hududlar bo‘yicha tarqalishi isbotlangan, aniqlangan turlar tarqalishi va yashash joylariga ko‘ra 2 kompleksga hamda 13 ta zoogeografik guruhga mansubligi asoslangan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlaridagi Aculeata infraturkumining arilari bioxilma-xilligining boylik darajalariga ko‘ra 5 ta shkalaga ajiratilgan;
Aculeata infraturkumi arilarining dominantlik xususiyatlariga ko‘ra 16 da keng tarqalgan va 8 ta kamyob turlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpogʻistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari pardaqanotli hasharotlari (Hymenoptera, Aculeata) faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlaridagi Aculeata infraturkumi pardaqanotli hasharotlarining turli sabablarga ko‘ra soni qisqarib borayotgan, yoʻqolib ketish xavfi bo‘lgan turlarini muhofaza qilish va saqlab qolish yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish vazirligi amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 28-iyuldagi 02/18-2576-son ma’lumotnomasi). Natijada, Aculeata infraturkumi hasharotlarining bio-ekologik xususiyatlari o‘rganilib, kam uchraydigan 8 turning populyasiyalari holatini baholash, tarqalishining GAT xaritalarini yaratish va ularni saqlab qolish imkonini bergan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida pardaqanotli hasharotlar - Aculeata infraturkumiga mansub turlarni chuqur o‘rganish natijasida, ularning yashash sharoiti va mavsumiy faolligi asosida ekologik (kserofil, mezokserofil, evribiont) hamda fenologik (bahorgi, bahor-yozgi, yozgi, politsiklik) guruhlarga ajratilgan. Tadqiqot davomida o‘rganilgan Vespidae va Sphecidae oilalariga mansub arilarning 42 ta turi o‘rmon zararkunandalariga qarshi tabiiy kushandalar sifatida muhim ahamiyatga ega ekani aniqlanib, ular asosida ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tuman bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2025-yil 29-iyuldagi 1-908-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari bo‘ylab o‘rmon xo‘jaligi yashil qoplamiga zarar etkazuvchi hasharotlarga qarshi kurashishda Aculeata turlaridan biologik kurash vositasi sifatida foydalanish imkoniyati yaratilib, bioxilma-xillikni saqlash hamda barqaror tabiiy resurslardan foydalanish imkonini bergan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlaridagi Aculeata infraturkumi hasharotlari turlarining mitoxondrial DNK COI sohasi nukleotidlar ketma - ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Milliy biotexnologiya axborot markazi, Genbank bazasiga joylashtirilgan (Milliy biotexnologiya axborot markazi, 2024-yil 29-iyuldagi ma’lumotnomasi, NCBI). Natijada PQ104866 - Stizus eximius turining identifikatsiya raqami olinib, ushbu turni molekulyar taksonomik va filogenetik o‘rnini asoslash imkonini bergan.