Isomiddinov Zokirjon Jaloldinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Vertikal va gorizontal zonallikdagi tuproqlar biogeokimyoviy xususiyatlarining ilmiy asoslari», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/B295.
Ilmiy maslahatchi: Isag‘aliev Murodjon To‘ychiboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.B.10.07.
Rasmiy opponentlar: Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Raupova Nodiraxon Baxromovna, biologiya fanlari doktori, professor; Nabieva Gulchexra Mirergashevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: vertikal, gorizontal zonallikdagi tuproqlar morfogentik belgilari, fizik, kimyoviy, biogeokimyoviy xossa-xususiyatlariga tabiiy omillar va sug‘orish suvi qalqindilari ta’sirini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproq hosil bo‘lishi jarayonlari vertikal va gorizontal zonalikda onalik jinslari, iqlim, relef, sug‘orish suvlari va boshqa omillar ta’sirida hozirgi tuproq ekologik-genetik, geokimyoviy va biogeokimyoviy xususiyatlarni olganligi aniqlangan;
turli xil sharoit va jinslar ustida shakllangan tipik va karbonatli tog‘ jigarrang tuproqlarning xossalari tabiiy omillar ta’sirida, sug‘oriladigan tipik bo‘z va sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarining morfogenetik belgilari, biogeokimyoviy, fizik-kimyoviy, kimyoviy xossalari va pedogeokimyoviy barerlari sug‘orish suvlari davomiyligi va qalqindilari ta’sirida o‘zgarishi aniqlangan;
sug‘orish suvi qalqindisi tarkibida As litosfera klarkiga nisbatan 7,6 va tuproq klarkiga nisbatan 2,6 barobar ko‘p kelib yotayotganligi, sug‘oriladigan tipik bo‘z va sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarning mishyak (As) elementi bilan kuchsiz darajada ifloslanishiga olib kelganligi ilmiy jihatdan isbotlangan;
vertikal zonallikdagi tog‘li jigarrang, tipik bo‘z hamda gorizontal zonallikdagi sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar va sabzavot ekinlarida aminokislotalar sifati va miqdorining o‘zgarishi aniqlangan;
sug‘orishga tortilgan daryo suvlari bilan kelib yotadigan loyqa cho‘kindi (qalqindi) miqdori va sifati tahlil qilingan, bunda har bir sug‘orishda 1,95-2,62 g/l oralig‘ida loyqa, uning tarkibida esa 1,14-1,35% gumus, 24-32 mg/kg harakatchan fosfor va 187-204 mg/kg almashinuvchi kaliy kelib yotishi isbotlangan;
vertikal va gorizontal zonallikda shakllangan tuproqlarda makro-, mikro- va ultromikroelementlarning migratsiyasi va akkumulyasiyasi geokimyoviy barerlar (bug‘lanuvchi, karbonatli, gleyli) faoliyati bilan uzviy bog‘liqligi asoslangan;
elementar landshaft bloklarining kimyoviy tarkibiga ko‘ra (tuproq – Ca, Na, K, qalqindi – Ba, Mo, osimlik – Fe, Ba, Ni) ortiqcha va (tuproq – Fe, Ni, Sr, qalqindi – Fe, Cr, Ni, o‘simlik – Zn, Mn, B, K, Ca) etishmovchi biogeokimyoviy provinsiyalar aniqlanib, sabzavot ekinlarida makro- va mikroelement tarkibi hamda ularning biologik singdirish qobiliyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Vertikal, gorizontal zonallikdagi tuproqlar va sabzavot ekinlari biogeokimyosini tadqiq etish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
«Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda Anzur piyozi (Allium suworowii Regel.) etishtirish bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilib, tasdiqlangan va amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2023 yil 15 sentyabrdagi 4/1255-1944-son ma’lumotnomasi). Natijada, tipik bo‘z tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish, dorivor Anzur piyozdan yuqori, sifatli hosil olishda majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy va meliorativ tadbirlar tizimini amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.
Toshkent botanika bog‘i hududi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari fizik, kimyoviy, geokimyoviy xossalari va Anzur piyozi (Allium suworowii Regel.) o‘simligi tarkibidagi elementlar miqdorlari, biogeokimyoviy xususiyatlari jami 0,50 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2023 yil 15 sentyabrdagi 4/1255-1944-son ma’lumotnomasi). Natijada, hudud tuproqlari va Anzur piyozini tavsiflash, tuproq unumdorligini oshirish, ekologik-meliorativ monitoring ishlarini olib borish, mineral va organik o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanish, ekologik toza va sifatli hosil etishtirish va boshqa serdaromad o‘simliklarni joylashtirish uchun asos sifatida xizmat qilgan.
Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Do‘stlik” massividagi “Kushon Roxi Safet” fermer xo‘jaligi uchun 1:5000 masshtabli agrokimyoviy xaritanoma tuzilgan va jami 105,0 gektar maydonda amaliyotida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 22 oktyabrdagi 05/05-04-704-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu xaritanoma asosida sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish, shuningdek, piyozdan yuqori va sifatli hosil olishda majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy, meliorativ tadbirlar tizimini amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Kosonsoy daryosi suvi bilan kelib yotadigan loyqa cho‘kindi (qalqindi)si bilan har bir sug‘orishda 1,95-2,62 g/l oralig‘ida loyqa, uning tarkibida esa 1,14-1,35% gumus, 24-32 mg/kg harakatchan fosfor va 187-204 mg/kg almashinuvchi kaliy kelib yotishi natijasida mineral va organik o‘g‘itlarni tejash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilib “Kushon Roxi Safet” fermer xo‘jaligining 25,0 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 22 oktyabrdagi 05/05-04-704-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangidan va eskidan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda piyoz etishtirishda azotdan o‘rtacha 78 kg/ga, fosfordan 43 kg/ga va kaliydan 100% tejash imkonini bergan, hosildorlik gektaridan mos holda 39,5; 42,3 tonnani tashkil etib, har tonna hosildan sof daromad o‘rtacha 359937; 409884 ming so‘mni, rentabellik esa 54,7; 69,7% ni tashkil qilgan va iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarida va piyoz (Allium cepa L.) o‘simligida Mn, Na, K, Ca, Fe, Zn, Co, Cr, Cu, Mo, B kabi agrobiogeokimyoviy ahamiyatga ega elementlar, shuningdek, As, Hg, Ni, Pb va boshqa og‘ir metallar va metalloidlarning miqdorlari va biogeokimyoviy xususiyatlari aniqlangan va 1:5000 masshtabli “Agrokimyoviy xaritanomalar” tuzilgan va Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Do‘stlik” massividagi “Kushon Roxi Safet” fermer xo‘jaligining 25,0 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 22 oktyabrdagi 05/05-04-704-son ma’lumotnomasi). Natijada, sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarining ekologik holatini tavsiflash va etishtirilgan piyozning ekologik sofligini ta’minlash hamda ekologik-meliorativ monitoring ishlarini tashkil etish, mikroelement saqlovchi mineral va organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish bilan birga boshqa serdaromad qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish uchun ishonchli ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qilgan.