Yuldashev Shuxratbek Sherzodbek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Krem-atir sovunlar asosida yangi tovarlar olish va ularni kimyoviy tarkibi bo‘yicha sinflash», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5559.
Ilmiy rahbarlar: Yo‘lchiev Aslbek Baxtiyorbekovich, tehnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.07.04.
Rasmiy opponentlar: Axmadaliev Maxammadjon Axmadalievich, texnika fanlari doktori, dotsent, Dexqonov Raxmatilla Sultonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoqon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: palma yog‘i, uzum, anor danagi va sedana moylari asosida moy kompozisiyalarini ishlab chiqib, ishlab chiqilgan moy kompozisiyalari asosida yangi krem atir sovunlar olish hamda olingan yangi tovarni TIF TN bo‘yicha sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, palma yog‘i, uzum danagi, anor danagi va sedana moylarining turli nisbatdagi eng yuqori organoleptik va fizik-kimyoviy xususiyatga ega bo‘lgan moy kompozisiyalari asosida yangi turdagi krem-atir sovunlarning moyli asosi ishlab chiqilgan;
yangi turdagi krem-atir sovunlarning moyli asosini tashkil qiluvchi palma yog‘i, anor danagi, uzum danagi va sedana moylarining optimal kompozisiyalari tarkibidagi yog‘-kislotalar miqdori gaz-xromatografiya (GX) usulida aniqlangan;
zamonaviy usullar yordamida noan’anaviy moylar kompozisiyasi asosida ishlab chiqilgan yangi turdagi krem-atir sovunlarning fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari me’yoriy hujjatlarda (GOST) belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq ekanligi isbotlangan;
palma yog‘i (50%), uzum danagi moyi (20%), anor danagi moyi (20%), sedana moyi (10%) bo‘lgan moy kompozisiyasi asosida ishlab chiqilgan yangi turdagi krem-atir sovunning organoleptik ko‘rsatkichlari boshqa na’munalarga nisbatan yuqori ekanligi ANOVA metodi yordamida isbotlangan;
palma yog‘i, uzum danagi, anor danagi va sedana moylaridan moy kompozisiyalarini olish texnologiyasida kupajlash jarayonining optimal temperatourasi 30-50 ℃ ekanligi aniqlangan;
moy kompozisiyalarining sovunlanish jarayonida foydalaniladigan ishqor konsentratsiyasining optimal qiymati 40 % ekanligi aniqlangan hamda olingan yangi tovarlarni kimyoviy tarkibi asosida TIF TN bo‘yicha yangi tovar kodlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarkibida o‘ziga xos spesifik yog‘-kislotalar saqlagan noan’anaviy moylar asosida yangi tarkibli krem-atir sovunlarning namunalari va ularni sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
noan’anaviy moyli xom-ashyolardan olingan moylarni yog‘-kislota tarkibi muvofiqlashtirilgan kompozisiyalarni ishlab chiqish va ular asosida krem-atir sovunlarning yangi tarkibini shakllantirishga doir texnologik sxemalar O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy korxonalari uyushmasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy korxonalari uyushmasining 2025 yil 8 apreldagi KC/3-142-son ma’lumotnomasi). Natijada, oziq-ovqat sanoati korxonalari chiqindilardan ratsional foydalanib, noan’anaviy moylar asosida yangi turdagi krem-atir sovunlar ishlab chiqarish imkonini bergan;
noan’anaviy moylar asosida boyitilgan krem-atir sovunlar tovar sifatida sinflanib, ularga tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasiga ko‘ra quyidagicha: “noan’anaviy moylar asosida ishlab chiqilgan krem-atir sovunlar” uchun – 3401 11000 2 xalqaro tovar kod raqami ishlab chiqilib, davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bojxona laboratoriyasining 2025 yil 24 noyabrdagi 29/05-25-2757-son ma’lumotnomasi). Natijada, noan’anaviy moylar asosida boyitilgan krem-atir sovun tovar mahsulotlarni eksport va import qilishda ulardan undiriladigan boj to‘lovlarini nazorat qilish imkonini bergan.