Mirzaev Djonrid Abdiaxatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Gidrodinamik va issiqlik jarayonlarini jadallashtirish hisobiga ko‘mir yoqiladigan qozon agregatlarining ish samaradorligini oshirish”, “05.05.04 – “Sanoat issiqlik energetikasi” (texnika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2025.1.PhD/T771
Ilmiy rahbar: Babaxodjaev Rahimjon Pachexanovich, texnika fanlari doktori, professor, 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.28.11.T.02.01.
Rasmiy opponentlar: Uzoqov G‘ulomjon Norboevich, texnika fanlari doktori, professor; Shoislomov Alisher Shoabdurahmonovich, texnika fanlari nomzodi, professor. 
Yetakchi tashkilot: “Issiqlikelektrloyiha” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori kul miqdoriga ega qo‘ng‘ir ko‘mirni yoqish jarayonida gidrodinamik va issiqlik jarayonlarini jadallashtirish orqali qozon agregatlarining o‘txona qurilmasi va konvektiv issiqlik almashinish yuzalarini takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘mir yoqadigan isitish qozoni o‘txonasiga soplo va tutun gazi kanaliga sferasimon chuqurchali issiqlik almashinuv yuzalari o‘rnatilishi tufayli gidrodinamik rejimni o‘zgartirish va turbulentlikni oshirish natijasida issiqlik almashinuv jarayonini jadallashtiruvchi qurilma konstruksiyasi takomillashtirilgan;
muallaq qatlamning asosiy parametrlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni hisobga olgan va ishlov berilayotgan materiallarning issiqlik - fizik xossalariga asoslanib turg‘un qaynash jarayoni boshlanishining kritik tezligi va gaz – qattiq zarracha aralashmasi bosimining yo‘qotilishini hisoblash imkonini beruvchi favvorali qaynash qatlamining matematik modeli takomillashtirilgan;
favvorali qaynash qatlami apparatida gaz fazasining kritik tezligi va gaz–qattiq zarrachalar aralashmasida bosim yo‘qotilishini aniqlashga imkon beruvchi, zarracha parametrlari va fazaviy notekslikni hisobga oluvchi empirik tenglamalar ko‘rinishidagi qonuniyatlar aniqlangan;
rekuperativ qurilmalar uchun turbulizatorning geometrik parametrlarini to‘liq hisobga oluvchi va issiqlik almashinuv samaradorligini nisbiy Nusselt mezoni (Nu/Nu₀) orqali baholovchi, gaz oqimining turbulentlik darajasini inobatga oluvchi formula taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Issiqlik tashuvchilar oqimlari uchun turbulizatsiyalovchi yuzalar (devorlar)ni qo‘llash orqali gidrodinamik va issiqlik jarayonlarini jadallashtirish hisobiga o‘rta va kichik quvvatli ko‘mir yoqadigan qozonlarda yoqilg‘idan foydalanish samaradorligini oshirish va ularning ish rejimlarini boshqarish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
issiqlik almashinuv jarayonini jadallashtiruvchi qurilma “Angren issiqlik energiyasi” DUKda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2022-yil 9-sentyabrdagi 04/05-4554-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, favvorali qaynash qatlami asosidagi yangi qozon agregatlarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish hisobiga obektlarda yillik foyda 183,7 million so‘mni tashkil etgan; 
kichik quvvatli ko‘mir yoqadigan qozonlarda gidrodinamik jarayonlarni jadallashtirish hisobiga yoqilg‘i va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish usuli “Angren issiqlik energiyasi” DUKga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2022-yil 9-sentyabrdagi 04/05-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish orqali obektlarda yiliga 467,0 tonna miqdorida ko‘mir yoqilg‘isini tejash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish