Nuriddinov Asliddin Nurbobo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning turichi va turlararo duragaylarida ayrim xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/B1496.
Ilmiy rahbar: Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.B.01.15.
Rasmiy opponentlar: Dalimova Dilbar Akbarovna, biologiya fanlari doktori, professor; Qurbonov Abror Yorqinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za genetik kolleksiyasidan foydalanib, yangi turichi va turlararo duragay kombinatsiyalarini yaratish, ularning morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligini genetik jihatdan baholab, noyob genotiplarni aniqlash, istiqbolli oila, tizmalarni olish hamda ularni genetik-seleksion tadqiqotlar uchun boshlang‘ich material sifatida foydalanishga tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘za kollleksiyasi tizmalarining genetik imkoniyatlaridan samarali foydalanish asosida mutant tizmalar va mahalliy navlar ishtirokida yangi turichi va turlararo duragay kombinatsiyalar yaratilgan;
L-70 – mutant (chigit tuklanish tipi Yu) tizmasi ishtirokida olingan turichi va turlararo duragay kombinatsiyalarda chigit tuklanishini irsiylanishi va ajralish jarayonlarining kechishi ilmiy asoslangan;
g‘o‘zaning F1 turichi va turlararo duragaylarida ayrim morfo-xo‘jalik belgilarini irsiylanishi ota-ona genotiplariga bog‘liq ravishda to‘liqsiz va to‘liq ustunlik holatida irsiylanishi va kombinatsiyalarga bog‘liq ravishda geterozis namoyon bo‘lishi aniqlangan;
F2 avlodlarda belgilar bo‘yicha o‘zgaruvchanlik jarayonini kechishi va unga genotipning ta’siri, transgressiv o‘simliklarni yuzaga chiqqishi, nasldan-naslga berilish darajasi, belgilar o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqliklar duragay kombinatsiyalarga bog‘liq ravishda salbiy va ijobiy bo‘lishi aniqlangan;
gibridalogik tahlillarni o‘tkazish asosida o‘rganilgan xo‘jalik belgilarning genetik nazorati murakkabligi, belgilarni fenotipik jihatdan yuzaga chiqishida nafaqat genotip, balki muhit omilining ta’siri yuqori bo‘lishi kuzatilib, belgilar bo‘yicha ajralish jarayoning keng miqyosda kechishida genotipi va ko‘rsatkichlari bir-biridan keskin farqlanuvchi mutant tizmalar va mahalliy navlar ishtirokidagi duragaylashning samaradorligi yuqori bo‘lib, ular orasidan xo‘jalik belgilari bo‘yicha noyob genotiplarni ajratib olish imkoniyati yuqori ekanligi isbotlangan;
g‘o‘za genetik kolleksiyasi tizmalari orasidan turli biotiplarni ajralib chiqishi va ular asosida yangi tizmalar yaratish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning tur ichi va turlararo duragaylarida ayrim xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
G.hirsutum L. turiga mansub L-455, L-609 tizmalari yaratilib, chigitlari O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperemental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasiga taqdim etilgan va AD1-04502, AD1- 04503 katalog raqami berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2025-yil 2-maydagi 4/1255-1095-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, institutning g‘o‘za dunyoviy genofondi g‘o‘zaning tezpishar, serhosil, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan yangi L-455 va L-609 tizmalari bilan boyitish imkonini bergan;
g‘o‘zaning yangi yaratilgan L-455 va L-609 tizmalari chigitlari tavsifi bilan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot insitituti “G‘o‘za indroduksiyasi va kolleksiyasi” laboratoriyasiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-291-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, institut kolleksiyasi kolleksiyasi tezpishar, serhosil, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan yangi tizmalari bilan boyitish imkonini bergan;
yangi yaratilgan L-455 va L-609 tizmalari O‘zMU Botanika bog‘i hududiga 0,25 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-291-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, L-455 tizmasidan 38,7 s/ga va L-609 tizmasidan 42,5 s/ga hosil olingan, bu esa umumiy hosildorlikni andoza S-6524 naviga nisbatan 2,7-6,5 s/ga yuqori hosil olish imkonini bergan;
ushbu tizmalarining chigitlari O‘zbekiston Milliy universiteti “Sintetik gen manbalari bo‘lmish izogen, mutant introgressiv va sitogenetik liniyalarini genetik kolleksiyasi”ga topshirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-291-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kolleksiya tezpishar, serhosil, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan yangi tizmalari bilan boyitish imkonini bergan.