Mehmonov Kamoliddin Komiljon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Uglerod nanonaychasi ichidagi karbin va grafen nanotasmasining katalitik sintez mexanizmlari”, 01.04.03 – Molekulyar fizikasi va issiqlik fizikasi (fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD)).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/FM1329.
Ilmiy rahbar: Xalilov Umedjon Boymamatovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.05/2025.27.12. FM/T.09.01
Rasmiy opponentlar:Mamatqulov Shavkat Israilovich, fizika-matematika fanlari nomzodi. Rahmatullaev Ilyos Arzimurodovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
    II. Tadqiqotning maqsadi: Reaktiv molekulyar dinamika modellashtirish usullari orqali uglerod nanonaychalari ichida karbin va grafen nanotasmalarining katalitik sintezini boshqaruvchi atomar darajadagi mexanizmlarni aniqlash hamda xomashyo va katalizator turini oqilona tanlash orqali yakuniy nanostruktura xossalari (karbin uzunligi, GNT xiralligi) ni maqsadli shakllantirishning nazariy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
    Ni katalizatori ishtirokida sof ugleroddan (C) foydalanib, nanonaycha uzunligiga teng (“cheksiz”) karbin zanjiri sintez qilishning nazariy imkoniyati ilk bor ko‘rsatib berildi;
    Mazkur tadqiqotda uglerod oksidi (CO) ishtirokidagi sintezda Ni katalizatorining kislorod bilan zaharlanish mexanizmi ilk marta atomar darajada ochib berildi;
Katalizator turini (Pt) tanlash orqali yangi turdagi gibrid – metalli karbin sintez qilishning yangi mexanizmi aniqlandi;
GNT sintezi davomida Ni katalizatorining barqarorligini ta’minlovchi yangi hodisa – “o‘z-o‘zini tozalash” mexanizmi aniqlandi;
Nazariy jihatdan GNT o‘sish tezligining “tozalik darajasi” (k) parametriga bog‘liqligi ilk bor aniqlandi;
Birinchi marta xomashyo molekulasini tanlash orqali grafen nanotasmasi (GNT) xiralligini maqsadli boshqarish mumkinligi namoyish etildi;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ushbu tadqiqotda qo‘llanilgan uglerod nanonaychasi ichida karbin va grafen nanolentalarini katalitik sintez qilish usuli Xitoy xalq Respublikasi Materialshunoslik va muhandislik maktabi Shimoli-g‘arbiy Politexnika Universitetida professor Xuanxua Li ilmiy guruhining 2025YFEO105400 raqamli loyihasi doirasida perovskit quyosh batareyalarida transport qatlamlari sifatida xizmat qilgan nanostrukturalarni ishlab chiqarishda qo‘llanildi. Ushbu natijalar qo‘llanishi natijasida perovskit quyosh batareyalarining samaradorligi 1,5% ga oshdi va barqarorligi 200 soatgacha uzaytirildi. 
O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo institutida “Siklopenta dienil temir dikarbonil dimer asosidagi uglerodli nanonaylar sintez qilish va ularni fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish” nomli  O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi doirasidagi ilmiy amaliy loyihani (loyiha raqami: AL-7623031231, loyiha rahbari: K.f.d., prof. Yakubov Y.Y.) bajarishda ushbu tadqiqot natijalaridan foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 20.10.2025-yildagi № 2/1255-2491-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish amaliy loyihada o‘rganilgan nanoo‘lchamli uglerod nanonaylarning fizik-kimyoviy xususiyatlarini baxolash bo‘yicha olingan tajriba ma’lumotlarini ma’lum darajada tahlil qilish imkonini berdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish