Abduxoliqov Haqqul Xoliqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent vohasi mushuksimonlari (Felidae) parazitofaunasi va ularning zoonozlar tarqalishidagi ahamiyati”, 03.00.06-Zoologiya (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/V146
Ilmiy rahbar: Safarov Alisher Abduqahor o‘g‘li, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.08/2025.27.12.V.11.01.
Rasmiy opponentlar: Daminov Asadullo Suvonovich, veterinariya fanlari doktori, professor; G‘oyipova Mo‘tabar Ergashevna, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining turli hududlarida tarqalgan mushuksimonlar parazitlarining tur-tarkibini aniqlash, epizootologik holatini baholash, molekulyar usullar orqali patogenlar tarqalishidagi rolini izohlash va dominant turlarning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish hamda qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyatining turli ekosistemalarida tarqalgan mushuksimonlar 36 turdagi gelmintlar va ektoparazitlar bilan zararlanganligi, shundan 22 turi xavfli zoonozlar ekanligi aniqlangan;
o‘rganilgan hayvonlar gelmintlar faunasi Cestoda, Acanthocephala va Nematoda sinflariga mansub 30 turdan, ektoparazitlar faunasi esa Arachnida va Insecta sinflariga mansub 6 turdan iboratligi aniqlangan;
mushuksimonlar ayrim turlarining gelmintlar bilan umumiy zararlanish darajasi 68,8%; ektoparazitlar bilan zararlanishi esa 29,8% ekanligi aniqlangan;
Toshkent viloyati biotsenozlarida mushuksimonlar vakili bo‘lgan qamish mushugi (Felis chaus) populyasiyasida aniqlangan gelmint turlarining xilma-xilligi yuqori ko‘rsatgichni (23 tur) tashkil etishi asoslangan;
mushuksimonlarda Toxascaris leonina va Toxocara cati parazitlarining ko-infeksiya holati aniqlanib, turlar COX1 DNK ketma-ketligi va geometrik morfometriya usullari bilan tasdiqlangan hamda filogenetik munosabatlari tahlil qilinib, xalqaro GenBank bazasida saqlash uchun joylashtirilgan;
O‘zbekiston sharoitida uy mushuklarining ektoparaziti: Ctenocephalides felis burgasi orqali yuqadigan patogenlar va ularning mtDNK xilma-xilligi zamonaviy usullar orqali o‘rganilgan hamda zoonotik xususiyati ochib berilgan;
Toshkent vohasida tarqalgan mushuksimonlar aksariyat holatlarda aralash invaziya bilan zararlanganligi, parazitlar assotsiatsiyasi uy va yovvoyi mushuklarning 85-90%da uchrashligi va 1 tadan 5 tagacha turdagi assotsiatsiyalar bilan ifodalanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent vohasi mushuksimonlari (Felidae) parazitofaunasi va ularning zoonozlar tarqalishidagi ahamiyati bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
uy mushuklarida aniqlangan Ctenocephalides felis burgasi tomonidan tarqaladigan patogenlarni molekulyar-genetik usullar orqali aniqlashda foydalaniladigan praymerlar ro‘yxati ishlab chiqilgan va Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025-yil 02-oktyabrdagi 02/23-682-son ma’lumotnomasi). Natijada uy mushuklarida parazitlik qiluvchi burgalar tomonidan tarqaladigan Ricketsia va Bartonella avlodlariga mansub bakteriyalarni molekulyar-genetik usullar orqali tezkor ravishda aniqlashga erishilgan;
mushuksimonlar askaridozining qo‘zg‘atuvchilari bo‘lgan Toxascaris leonina va Toxocara cati nematodalarining mitoxondrial DNK COX1 sohasi nukleotidlar ketma-ketligi o‘rganilgan va olingan ma’lumotlar xalqaro Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2025-yil 15-avgustdagi ma’lumotnomasi). Natijada T. leonina uchun: PV125714; PV125715; PV125716; PV125717 va T. cati uchun: PV366861; PV366859; PV366856; PV366838; PV366832 identifikatsiya raqamlari olingan hamda ular xalqaro miqiyosda turlarni aniqlash, filogeniyasini o‘rganish va genetik xususiyatlaridan kelib chiqib davolash imkonini bergan;
uy mushuklarining assotsiativ gelmintozlariga qarshi keng ta’sir ko‘rsatadigan antigelmintik xususiyatga ega bo‘lgan suspenziyalar (PZK:IVM:AG:PVP) ishlab chiqilgan va Toshkent viloyati veterinariya amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025-yil 02-oktyabrdagi 02/23-682-son ma’lumotnomasi). Natijada uy mushuklarining zoonoz va parazitoz kasalliklarini davolashda 1 kg vaznga 8 mg suspenziya og‘iz orqali qo‘llanilganda 100,0 foiz samaradorlikka erishilgan.