Samadov Abdulaziz Ashurovichning Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumot.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zgaruvchan ta’lim paradigmasi sharoitida bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakillantirish mexanizmi” 13.00.01- Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi.
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Ped6951
Ilmiy rahbar: Mamanazarov Abduhakim Bozorovich pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat pedagogika instituti DSc.01/2025.27.12.Ped.13.01
Rasmiy opponentlar: Sharipov Abduxakimjon Ziyoitdinovich falsafa fanlari doktori (DSc), professor, Sohibov Akrom Rustamovich pedagogika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zgaruvchan ta’lim paradigmasi sharoitida bo‘lajak chaqiruvchiga harbiy ta’lim o‘qituvchisi kasbiy mahoratini shakllantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakllantirish komponentlari (axborot, o‘zini anglash, tahliliy-tadqiqot, amaliy) hamda pedagogning doimiy o‘zgaruvchan sharoitga moslashishi, kasbiy refleksiya, tashabbuskorlik, motivatsion barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyat, psixologik tayyorgarlik, motivatsion muhit, deontologik kompetensiyani rivojlantirishga ustuvorlik berish asosida pedagogik imkoniyatlari aniqlashtirilgan;
bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisida kasbiy mahoratni shakllantirish mazmuni kompetensiyalar (pedagogik-kommunikativ, harbiy-amaliy, axborot-kommunikatsion, kognitiv-refleksiv, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha, tashkiliy-boshqaruv, etik-deontologik, akmeologik o‘sish), mazkur jarayon funksiyalari (kommunikativ, tashkiliy, o‘qitish, rejalashtirish, gnostik funksiyalari) hamda bosqichlari (kognitiv-mo‘ljalli, motivatsion, operatsion-samarali, shaxsiy) o‘rtasidagi pedagogik muvofiqlik asosida takomillashtirilgan;
bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakllantirishning modelining amaliy komponenti kompleks shartlar (“harbiy-simulyativ real holatlarni modellashtirish”, “harbiy-pedagogik tahliliy mashqlar”, “dars-trening senariysi asosida harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotini loyihalash”, “jismoniy va nutqiy faoliyatni refleksiv monitoring qilish”, “harbiy-ta’limiy amaliyot (chaqiriqqacha sinfda)”, “pedagogik vaziyatda kommunikativ pauza va ritorik boshqaruv”, “og‘zaki bo‘lmagan muloqot orqali harbiy pedagogik pozisiyani ifodalash”) joriy etilishini kelajakdagi imkoniyatlar nuqtayi nazaridan baholash va mavjud vaziyatni qiyosiy tahlil asosida takomillashtirilgan;
o‘zgaruvchan ta’lim sharoitida bo‘lajak harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakllantirishning didaktik tizimi maqsadli, mazmunli va texnologik jihatlarning butun majmuasini o‘z ichiga olib, muqobillik, o‘zgaruvchanlik, samaradorlikka erishish ko‘rsatkichlari asosliligini ta’minlash orqali takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zgaruvchan ta’lim paradigmasi sharoitida bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakillantirish mexanizimini takomillashtirish bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida:
bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi axloqiy-ruhiy fazilatlar tizimi aniqlab berildi, bunda ularni shakllantirishda oliy pedagogik ta’lim muassasalarining maqsadli tarbiyaviy resurslaridan samarali foydalanish, shaxsiy va kasbiy rivojlanishning refleksiv-operatsion mexanizmlari, emotsional intellektual menejment, hamda kasbiy o‘zgaruvchanlikka tayyorgarlik holatlarini aniqlashga oid tavsiyalar “Harbiy rahbar mahorati va etikasi” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 22 dekabrdagi 537-son buyrug‘i asosida berilgan 537282-raqamli nashr ruxsatnomasi). Natijada, chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun axloqiy va ruhiy jihatdan barqaror shaxsni shakllantirishga xizmat qiluvchi kasbiy hamda shaxsiy fazilatlarni rivojlantirishga doir pedagogik-psixologik omillar va ularni ta’minlaydigan ta’limiy imkoniyatlarni tizimli tahlil qilish imkoniyati kengaytirildi, kasbiy tayyorgarlik jarayonida bo‘lajak harbiy ta’lim o‘qituvchisining axloqiy-ruhiy barqarorligini shakllantirishga xizmat qiluvchi amaliy-texnologik tizim ishlab chiqildi, bunda kognitiv fleksibilitet, shaxsga yo‘naltirilgan refleksiv faoliyat, hamda intellektual chidamlilikni rivojlantirishga qaratilgan metodlar ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etilgan;
o‘zgaruvchan ta’lim sharoitida harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini rivojlantirishga xizmat qiluvchi amaliy mexanizmlar tizimi asoslab berildi, bunda refleksivlik, ijodiy-intellektual salohiyat, tashkiliy-diagnostik kompetensiya va proaksion yondashuv asosida shaxsga yo‘naltirilgan innovatsion ta’lim texnologiyalari bilan integratsiyalashgan strategik echimlar ishlab chiqish asosida takomillashtirishga oid takliflar “Harbiy rahbar mahorati va etikasi” nomli darsligi mazmuniga singdirilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 29-maydagi 232-son buyrug‘i asosida berilgan 232-705-raqamli nashr ruxsatnomasi). Natijada, chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishi talabalarida kasbiy mahoratini shakllantirishning pedagogik mexanizmlarini amaliyotga tadbiq etishga sharoit yaratilgan;
bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakllantirishga xizmat qiluvchi model konseptual jihatdan ishlab chiqildi, u metodologik, tashkiliy, didaktik va baholovchi komponentlarning izchil uyg‘unlashuvi orqali algoritmik yondashuv asosida tashkil qilish, gibrid o‘rgatuvchilik rolini shakllantirishga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan (Mudofaa vazirligi harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasining 2025 yil 14 apreldagi 10/796-sonli ma’lumotnoma). Natijada, o‘zgaruvchan ta’lim paradigmasi sharoitida bo‘lajak chaqiriqqacha harbiy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy mahoratini shakllantirish mexanizmini tajriba-sinov dasturlari orqali asoslash imkoni kengaytirilgan.