Isxakov Nurbek Barkamolovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar holati kechishini bashoratlash va samarali davo usullarini tanlash”, 14.00.40 – Shoshilinch tibbiyot (tibbiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tib1804.
Ilmiy rahbar: Sharipova Visolatxon Xamzaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, DSc.06/2025.27.12.Tib.18.01.
Rasmiy opponentlar: Tadjiev Botir Mirxashimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, Alimova Xilola Pulatovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqodning maqsadi COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda holat og‘irligini va kasallikning rivojlanishini prognoz qilish hamda davolash usullarini optimal tanlash orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
COVID-19 kasalligining og‘ir kechishiga ta’sir etuvchi ishonchli klinik mezonlar kompleksi sifatida jins, yosh, kasallik boshlanganidan o‘tgan vaqt, isitmaning davomiyligi, jismoniy zo‘riqishsiz nafas qisishi va uzoq davom etuvchi yo‘tal mezonlari aniqlangan va ularning kasallik kechishini og‘irlashtiruvchi mustaqil omillar sifatida prognostik qiymati isbotlangan;
COVID-19 bilan xastalangan bemorlarda kasallik kechishining og‘irlik darajasini erta baholash va prognoz qilishga mo‘ljallangan “COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallikning og‘ir kechish xavfini baholash” kompyuter dasturi ishlab chiqilganligi hisobiga gospitalizatsiya bosqichida bemorlarni stratifikatsiya qilish va triajni amalga oshirishdagi klinik samaradorligi isbotlangan;
COVID-19 kasalligining og‘ir kechishiga hamroh kasalliklarning ta’siri kompleks tahlil qilinganligi hisobiga gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali yurak etishmovchiligi, ishemik yurak kasalligi va anamnezda bosh miya qon aylanishini o‘tkir buzilishi mavjudligining asosiy kasallik og‘ir kechishi va noxush oqibatlar xavfini ishonchli oshiruvchi omillar sifatida ahamiyati asoslangan;
taklif etilgan kompyuter dasturiga asoslangan tibbiy saralashning tashkiliy va davolash samaradorligi bemorlarning  yallig‘lanish reaksiyasi darajasini pasayishi, og‘ir asoratlar sonini kamayishi, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida yotish muddatini qisqarishi, davolash natijalarini ishonchli darajada yaxshilanishi va o‘lim ko‘rsatkichini kamayishi hisobiga ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Pandemiya sharoitida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish natijalarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida «COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar holatining kechishini bashorat qilish» nomli uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilib, sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etildi (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Ilmiy kengashi majlisi 4-sonli bayoni, 18.09.2025 y.).
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 2025 yil «24» oktyabr sanasidagi № 27/45-sonli bayoni xulosasiga ko‘ra, olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida quyidagilar amaliyotga joriy qilindi:
birinchi ilmiy yangilik: COVID-19 kasalligining og‘ir kechishiga ta’sir etuvchi ishonchli klinik mezonlar — jins, yosh, kasallik boshlanishidan o‘tgan vaqt, harorat reaksiyasining davomiyligi, jismoniy zo‘riqishsiz holda kuzatiluvchi uzoq davom etuvchi yo‘tal va nafas qisish belgilari — kasallik kechishini og‘irlashtiradigan ishonchli omillar sifatida tasdiqlandi. Ishlab chiqilgan xavf omillari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida (2025 yil 3 oktyabr, № 232/1 raqamli buyruq) hamda Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi (2025 yil 10 oktyabr, № 28/p raqamli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 kasalligining kechishini og‘irlashtiradigan xavf omillarini (erkak jinsi, 56 yoshdan yuqori bo‘lish, kasallik boshlanishidan 6 sutkadan ortiq vaqt o‘tishi, tana haroratining 38°S dan yuqori bo‘lib, 5 kundan ziyod saqlanishi, jismoniy faoliyatsiz holda nafas qisishi va 5 kundan ortiq davom etuvchi yo‘tal, shuningdek, Glazgo koma shkalasi bo‘yicha hush darajasining 9–11 ballga tushishi) aniqlash kasallik og‘irlik darajasini o‘z vaqtida baholash va shu asosda COVID-19ning maqsadli maxsus davolashini erta boshlash imkonini yaratadi. Iqtisodiy samaradorligi: kasallik kechishining og‘irlik darajasini belgilaydigan mezonlarni ilk bosqichda aniqlash klinik natijalarni yaxshilashga xizmat qildi. Xususan, og‘ir darajadagi O‘RDS holatlari 33,3%ga, septik shok holatlari 48,1%ga kamaygan, reanimatsiya bo‘limida yotish o‘rin kun muddati 62,3%ga qisqargan, o‘lim holati esa 30%ga pasaygan. Bu o‘zgarishlar natijasida (bir bemor hisobiga 1 500 000 so‘mdan ortiq) mablag‘ tejalishi ta’minlandi. Xulosa: kasallik kechishining og‘irlik darajasini aniqlovchi mezonlarni erta aniqlash maxsus davolashni o‘z vaqtida boshlashga, klinik natijalarni yaxshilashga va COVID-19 bemorlarida og‘ir asoratlarni oldini olishga xizmat qiladi.
ikkinchi ilmiy yangilik: COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallik kechishining og‘irlik darajasini baholashga mo‘ljallangan “COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallikni og‘ir kechish xavfini baholash” kompyuter dasturi ilk gospital bosqichida bemorlarni triaj (saralash) qilish samaradorligini amaliy jihatdan isbotladi. Mazkur ishlanma uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU-12947-sonli guvohnoma berilgan. Dastur Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida (2025 yil 3 oktyabr, № 232/1 raqamli buyruq) hamda Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi (2025 yil 10 oktyabr, № 28/p raqamli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: kompyuter dasturi asosida ishlab chiqilgan samarali triaj (saralash) usuli ilk gospital bosqichida bemorlarni tibbiy saralash sifatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Bu orqali tasdiqlangan standartlarga muvofiq tarzda o‘z vaqtida maxsus davolashni boshlash hamda pandemiya sharoitida davolash natijalarini yaxshilashga erishildi. Iqtisodiy samaradorligi: ilk gospital bosqichida ishlab chiqilgan prognostik dastur asosida amalga oshirilgan triaj (saralash) usuli kasallik og‘irligini baholashdagi xatolik darajasini «engil holat»dagi bemorlarda 3,3 martaga (nazorat guruhi — 77,8%, asosiy guruh — 23%), «o‘rtacha og‘ir» bemorlarda 2,9 martaga (65,2%ga nisbatan 22%) va «og‘ir holat»dagi bemorlarda 4,1 martaga (40,9%ga nisbatan 10%) kamaytirish imkonini berdi. Shuningdek, bemorlarga differensial yondashuv asosida o‘z vaqtida davolash choralarini qo‘llash orqali klinik natijalar yaxshilangan va reanimatsiya bo‘limida yotish o‘rin kun muddati 62,3%ga qisqargan, (1 bemor hisobiga 1 500 000 so‘mdan ortiq mablag‘ tejalishi ta’minlandi). Xulosa: kompyuter dasturiga asoslangan triaj (saralash) usuli COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni ilk gospital bosqichida samarali tibbiy saralashning ishonchli va iqtisodiy jihatdan maqbul usuli hisoblanadi.
uchinchi ilmiy yangilik: gipertoniya, qandli diabet, surunkali yurak etishmovchiligi, ishemik yurak kasalligi va uning asoratlari, anamnezda insul`t holati hamda semirish darajasi kabi qo‘shimcha mezonlarni o‘z ichiga olgan kompyuter dasturining samaradorligi COVID-19 kasalligining kechishini og‘irlashtiradigan ishonchli omillar ekanini isbotladi. Mazkur dastur Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida (2025 yil 3 oktyabr, № 232/1 raqamli buyruq) hamda Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi (2025 yil 10 oktyabr, № 28/p raqamli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 kasalligining og‘ir kechishi va o‘lim xavfi yuqoriligini aniqlash uchun xavf darajasini erta stratifikatsiya qilish, ya’ni hamroh patologiya mavjudligiga qarab baholash (gipertoniya darajasi, surunkali yurak etishmovchiligi va ishemik yurak kasalligi mavjudligi, semirish darajasi, anamnezda BMQAO‘B yoki miokard infarkti holatlari) maxsus davolashni o‘z vaqtida boshlash imkonini yaratdi. Bu orqali o‘lim ko‘rsatkichi 30%ga kamaygan, reanimatsiya bo‘limida yotish o‘rin kun muddati esa 5,31 ± 2,49 kundan 2,00 ± 1,53 kungacha qisqargan. Iqtisodiy samaradorligi: bemorlarni davolash natijalarining yaxshilanishi reanimatsiya bo‘limida bo‘lish muddati qisqarishi hisobiga davolash xarajatlarini 62,5%ga kamaytirish imkonini berdi. Xulosa: hamroh kasalliklarni va ularning ifodalanish darajasini ilk bosqichda aniqlash COVID-19 kasalligining og‘ir kechish xavfini erta stratifikatsiya qilish, uning oqibatini bashorat qilish hamda davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: taklif etilgan kompyuter dasturiga asoslangan tibbiy saralashning tashkiliy va davolash samaradorligi ilmiy jihatdan isbotlandi. Mazkur yondashuv COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallikning og‘ir kechish xavfini erta aniqlash va bemorlarni maqsadli stratifikatsiya qilish imkonini berdi hamda davolash taktikasi o‘z vaqtida belgilab olinishini ta’minladi. Mazkur dastur Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida (2025 yil 3 oktyabr, № 232/1 raqamli buyruq) hamda Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi (2025 yil 10 oktyabr, № 28/p raqamli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: kompyuter dasturi asosida amalga oshirilgan triaj yallig‘lanish reaksiyasi darajasini pasaytirish, og‘ir asoratlar sonini kamaytirish, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida yotish muddatini qisqartirish orqali bemorlarni davolash natijalarini ishonchli darajada yaxshilash hamda o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish imkonini berdi. Iqtisodiy samaradorligi: reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida bo‘lish muddatining qisqarishi hisobiga statsionar davolash bilan bog‘liq xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga erishildi. Xususan, yallig‘lanish reaksiyasi belgilari 50%ga kamaygan, asoratlar soni 2,5 martaga qisqargan. Bu o‘zgarishlar natijasida (reanimatsiya bo‘limidagi har bir bemor hisobiga 550000 so‘mdan ortiq) mablag‘ tejalishi ta’minlandi. Xulosa: kompyuter dasturiga asoslangan triaj taktikasini klinik amaliyotga joriy etish COVID-19 kasalligining og‘ir kechish xavfini erta baholash orqali bemorlarda «sitokin bo‘roni» va yallig‘lanish reaksiyasini bostirishga qaratilgan davolashni o‘z vaqtida boshlash va «sitokin bo‘roni»ning namoyon bo‘lishini bosish, davolash samaradorligini oshirish va noxush oqibatlarni kamaytirishda yuqori klinik ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish