Qoraev Sarvar Egamnazar o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): “Kremnezem – “Navbahor” bentoniti kompozitining fizik-kimyoviy va sorbsion xossalari”, 02.00.04 – Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/K1033.
Ilmiy rahbar: Kattaev Nuritdin To‘raevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.K.01.13.M.
Rasmiy opponentlar: Xoliqov Abduvali Jonizoqovich, kimyo fanlari doktori, professor; Ishankulov Alisher Farmonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi kremnezem–“Navbahor” bentoniti kompozitini olish va fizik-kimyoviy hamda sorbsion xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
TEOS:bentonit nisbatining (10:1–10:3) o‘zgarishi kremnezemning kondensatsiya darajasini boshqariladigan tarzda o‘zgarishiga olib kelib; bu Si–O–Si chizig‘i intensivligining 1080–1100 cm⁻¹ sohada 40–60 % ortishi va silanol guruhlarining 950–980 cm⁻¹ sohadagi ulushi 25–45 % kamayishi bilan namoyon bo‘lib, kompozitlarning barqaror gibrid karkasi shakllanishi aniqlangan;
kompozitlarning morfologiyasi ierarxik tarzda o‘zgarishi: 25–35 nm o‘lchamdagi SiO₂ nanoklasterlari (10:1) 55–80 nm diapazondagi yanada bir tekis strukturalarga (10:2–10:2,5), so‘ng esa 0,4–1,2 mkm gacha bo‘lgan agregatlarga o‘tib, mezo- va makrog‘ovaklilik shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi belgilangan;
tekstura ko‘rsatkichlari nolinear xarakterga ega: solishtirma sirt yuzasi 3,9 dan 54–55 m²/g gacha, g‘ovak hajmi 0,065 dan 0,32 sm³/g gacha o‘zgartirib, mezog‘ovaklarning modali diametri esa ~3,7 dan ~6,3 nm gacha kattalashib, optimal g‘ovaksimon tuzilma 10:1,5–10:2,5 tarkiblarda kuzatilishi ko‘rsatilgan;
kompozitlarning issiqlik barqarorligi kremnezem miqdori ortishi bilan kuchayib, umumiy massaning kamayishi 19,5 % (10:1) dan 11–13 % (10:2,5–10:3) gacha tushadi, degidroksillanish jarayonining aktivlashish energiyasi esa 125–135 kJ/mol ga etib, SiO₂ tarmog‘ining mustahkam va zich shakllanishini ko‘rsatishi aniqlangan;
suv va benzol bug‘lari bo‘yicha adsorbsiyaning asosiy omili agregatlararo yoriq–g‘ovaklar va yuzaning energetik geterogenli monoqavat hosil qilishi, uning sig‘imi qm 3,2 mol/kg gacha ortishiga, GAB modelidagi C parametri 30 dan 7,5 gacha kamayishiga, benzol bo‘yicha SBET esa 99 dan 64 m²/g gacha pasayishiga, bu esa tarkibdagi bentonit ulushi ortishiga bevosita bog‘liqligi ko‘rsatilgan;
metilen ko‘kining kompozitlarda adsorbsiyasi 10:2–10:2,5 tarkiblarda yanada samarali va struktura bo‘yicha muntazam tuzilishga ega bo‘lib, sorbsiya sig‘imi 45–50 mg/g gacha etadi, ΔG°–26 dan –4 kJ/mol gacha o‘zgaradi, ΔH°+30…50 kJ/mol ga ko‘tariladi, ΔS° esa 100–150 J·mol⁻¹·K⁻¹ qiymatlariga; bu sorbsiya jarayonining diffuzion va entropiyaviy boshqaruvga o‘tganini ko‘rsatuvchi ishonchli dalil ekani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertasiya ishi doirasida olingan kremnezem – “Navbahor” bentoniti kompozitlarining tuzilish-morfologik xususiyatlari, fizik-kimyoviy va sorbsion xossalarini har tomonlama tadqiq qilish asosida:
kremnezem-bentonit kompoziti Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish zavodida tabiiy gaz tarkibidagi H2S uchun adsorbent sifatida amaliyotga joriy qilingan (Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasining 2025 yil 2-oktyabrdagi OP25/ED-3450-son ma'lumotnomasi). Natijada tabiiy gaz tarkibidagi H2S gazini dastlabki konsentratsiyasi 0.1-1.0 % dan < 5 ppm gacha kamaytirib, tozalik darajasini 99,5 % gacha etkazish imkonini bergan;
kremnezem-bentonit kompoziti Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish zavodida oqova suvlarini organik ifloslantiruvchilar (BTK, fenollar, RAU)dan tozalovchi material sifatida amaliyotga joriy qilingan (Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasining 2025 yil 9-dekabrdagi P06/E.M-4280-son ma'lumotnomasi). Natijada oqova suvi tarkibida organik ifloslantiruvchilar konsetratsiyasi dastlabki BTK – 18 mg/l, fenollar – 12 mg/l, PAU – 2.5 mg/l dan mos ravishda 0.1 mg/l, 0.001 mg/l, 0.0001 mg/l gacha kamaytirish orqali ekologik va ijtimoy- iqtisodiy samara olish imkonini bergan.