Qosimov Zokir Zikiryoevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘rta Sirdaryo botanik-geografik okrugi florasi”, 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/V1372.
Ilmiy rahbar: Beshko Natalya Yurevna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.05/2025.27.12.V.23.01.M.
Rasmiy opponentlar: Turginov Orzimat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori; Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Sirdaryo botanik-geografik okrugi florasining turlar tarkibini aniqlash, uning kompleks tahlilini o‘tkazish hamda mazkur hududning Turon provinsiyasi tarkibidagi mustaqil botanik-geografik maqomini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqot natijasida O‘rta Sirdaryo botaniko-geografik okrugi florasi 88 ta oila, 481 ta turkum va 1197 ta turni o‘z ichiga olgan zamonaviy konspekti tuzilgan. O‘rta Sirdaryo okrugi florasining o‘ziga xos xususiyatlari aniqlanib, uning o‘tish (tranzision) xarakteri belgilangan. Bu holat tadqiqot hududining geografik jihatdan G‘arbiy Tyon-Shon va Pomir-Olay tog‘ tizmalari, Qizilqum cho‘li va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida joylashganligi bilan bog‘liq;
O‘rta Sirdaryo okrugini Turon provinsiyasi tarkibida botanik-geografik rayonlashtirishning mustaqil birligi sifatida ajratish ilmiy asoslab berilgan. O‘zbekiston florasi uchun 1 ta yangi tur aniqlanib, shuningdek, avval ushbu hududda qayd etilmagan 19 ta tur (8 ta aborigen va 11 ta adventiv) aniqlangan;
O‘rta Sirdaryo okrugi florasining adventiv fraksiyasi o‘rganilib, u 44 oilaga mansub, 105 turkum va 208 turdan iborat ekani belgilangan. Adventiv turlarning naturallashuv darajasi aniqlanib, aborigen va adventiv fraksiyalar o‘rtasida solishtirma tahlil o‘tkazilgan;
hududdagi to‘rtta muhofaza etiladigan tabiiy hudud Dalvarzin va Qalg‘ansir davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklari, Sayxun va Arnasoy davlat buyurtma qo‘riqxonalari florasining ro‘yxatlari tuzilib, o‘zaro solishtirma tahlil amalga oshirilgan. Ularning hududlarida jami 407 tur (O‘rta Sirdaryo okrugi florasining 34 %) muhofaza qilinishi aniqlangan. O‘zbekiston florasi bo‘yicha floristik tadqiqotlarda ilk bor “tur–maydon” nisbati matematik modeli (Arrhenius, 1921), hududlararo floristik o‘xshashlikni baholash uchun hat{α} indeksi, shuningdek, Adventizatsiya indeksi (AI)ni hisoblash usuli qo‘llanilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rta Sirdaryo botanik-geografik okrugi florasi tadqiq qilishda olingan natijalar asosida:
hududda tarqalgan 100 dan ortiq turga mansub 500 dan ziyod gerbariy namunalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi Global bioxilma-xillik axborot tizimiga GBIF (www.gbif.org) joriy etilgan (GBIF ning 11.06.2025-yildagi ma’lumotnomasi). Natijada, O‘rta Sirdaryo botanik-geografik okrugi hududida tarqaladigan o‘simlik turlari haqidagi global ma’lumotlar bazasining boyitish imkonini bergan;
O‘rta Sirdaryo botaniko-geografik okrugi florasiga mansub 300 turdan ortiq 2000 dan ziyod gerbariy namunasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 30.05. 2025-yildagi №4/1255-1337-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) Markaziy Osiyo florasiga oid noyob ilmiy kolleksiyasi fondini yangi namunalar bilan boyitish imkonini bergan.