Raximov Ergashali Yuldashevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Quyosh - shamol energiyasi salohiyatini baholash va bashoratlash usullarini takomillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash”, 05.05.06 – «Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari» ixtisosligi bo‘yicha. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/T721.
Ilmiy maslahatchi: Avezova Nilufar Rabbanakulovna, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat texnika universiteti va Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat texnika universiteti, PhD.03/27.02.2020.T.106.02.
Rasmiy opponentlar: Kenjaev Idrisbek, texnika fanlari doktori, professor (Qirg‘iz Respublikasi)
Mirzabaev Akram Maxkamovich, texnika fanlari doktori, professor
Abduraximov Baxtiyor Fayzievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor 
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha quyosh–shamol energiyasi salohiyatini iqlim sikllari va anomal jarayonlar sharoitida yuqori fazoviy aniqlikdagi geografik to‘r hamda fazoviy-iqlimiy omillarni integratsiyalovchi takomillashtirilgan baholash va bashoratlash uslubiy yondashuvlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sun’iy yo‘ldosh va mahalliy er usti kuzatuvlariga asoslangan aktinometrik va iqlimiy ma’lumotlar bazasi takomillashtirilgan verifikatsiya va moslashtirish usullari asosida yuqori vaqt va fazoviy aniqlikdagi ma’lumotlar (15 daqiqalik vaqt qadami va 0.1°×0.1° geografik to‘r) bilan shakllantirilgan;
hududiy quyosh va shamol energiyasining yalpi, tabiiy va texnik salohiyatlari iqlim sikllari va anomal jarayonlar sharoitida ilk bor 0.1°×0.1° fazoviy aniqlikdagi geografik to‘rda tizimli ravishda aniqlangan hamda geoaxborot tizimi uchun moslashtirilgan fazoviy maʼlumotlar bazasi shaklida raqamlashtirilgan;
quyosh energiyasi salohiyatining bulutlilik, atmosferaning optik shaffofligi va quyoshli soatlar bilan bog‘liq hududiy o‘zgaruvchanligi statistik va grafik usullarda baholanib, ilk bor yig‘indi quyosh nurlanishi hamda geografik joylashuv, bulutlilik va atmosfera shaffofligi o‘rtasidagi regressiya bog‘liqliklari aniqlangan;
10, 20 va 30 m balandliklarda shamol tezligi va energiyasi salohiyatining mavjud holati er usti kuzatuvlari asosida fazoviy-statistik usulda baholanib, shamol energetik qurilmalarining o‘rnatilgan quvvatdan foydalanish ko‘rsatkichlari aniqlangan, shuningdek, SSP1-2.6 va SSP5-8.5 iqlim ssenariylari asosida 2100-yilgacha bo‘lgan davr uchun shamol energiyasi salohiyatining energetik o‘zgarishlari bashoratlangan;
sun’iy yo‘ldoshi tasvirlari asosida 15 daqiqalik intervalda bulut qoplami, atmosfera optik qalinligi, aerozollar miqdori va quyosh zenit burchagi kabi parametrlarni hisobga olgan holda, er sirtiga tushuvchi quyosh radiatsiyasi oqimini kvazireal vaqt rejimida aniqlovchi matematik model ishlab chiqilgan;
fotoelektrik stansiyalar chiqish quvvatini qisqa muddatli bashoratlashda verifikatsiya va mahalliy moslashtirish jarayonlari ma’lumotlar integratsiyasi va xatoliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirilib, fazo va vaqt xususiyatlarini birgalikda modellashtirishga asoslangan gibrid sun’iy intellekt yondashuvi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarinig joriy qilinishi. “Quyosh - shamol energiyasi salohiyatini baholash va bashoratlash usullarini takomillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash” mavzusi bo‘yicha olingan xulosalar hamda ilmiy natijalar asosida: 
O‘zbekiston hududlarida qisqa muddatli qadam bilan iqlim maʻlumotlari hamda fotoelektrik stansiyalar chiqish quvvatini qisqa muddatli bashoratlash usullari Energetika vazirligi uzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institut va “Yashil energiya” MChJda amaliyotga joriy etilgan (Energetika vazirligining 2025 yil 4-dekabrdagi 04-13-6790-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Yashil energiya” MChJning respublika hududi bo‘ylab o‘rnatilgan quvvati 10 kW dan 500 kW gacha bo‘lgan 1320 ta fotoelektrik stansiyalari (umumiy quvvati 50 MW) ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oldindan 85-95% gacha aniqlikda baholash, ular asosida stansiyalarning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash va monitoring qilish imkoniyati yaratilgan;
O‘zbekiston hududida o‘rnatilgan fotoelektrik stansiyalar chiqish quvvatini qisqa muddatli bashoratlash usuli Navoi viloyatida joylashgan quvvati 100 MW bo‘lgan “Nur Navoi Solar” MChJ xorijiy korxonasiga qarashli sanoat miqyosidagi quyosh fotoelektrik stansiyasi misolida sinovdan o‘tkazildi (Energetika vazirligining 2025 yil 4-dekabrdagi 04-13-6790-son ma’lumotnomasi). Natijada, stansiyaning kunlik ishlab chiqarish energiyasini 80-95% aniqlikda soatlik bashoratlash imkonini bergan;
O‘zbekiston hududida joylashgan Er usti meteostansiyalari maʻlumotlari asosida shamol parametrlarini aniqlash hamda temperatura, namlik, shamol tezligini verifikatsiyalash usullari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi - O‘zgidrometda amaliyotga joriy etilgan (Energetika vazirligining 2025 yil 4-dekabrdagi 04-13-6790-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zgidromet tizimida hududlarning iqlimiy sharoitlarini baholash, energetik obektlar, quyosh va shamol energiyasi asosidagi qurilmalar ish faoliyati monitoringi uchun meteorologik xizmat ko‘rsatish hamda 15 daqiqalik va saotlik bashoratlar tuzish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish