Ibragimov Abdusattar Turgunovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Poyabzal tagi uchun polimer materiallarining olinishi va fizik-kimyoviy xossalari», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/T267.

Ilmiy maslahatchilar: Rafikov Atham Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01.

Rasmiy opponentlar: Kodirov To‘lqin Jumaevich, texnika fanlari doktori, professor; Muxamediev Muxtar Ganievich kimyo fanlari doktori, professor; Sobirov Bahodir Boypo‘latovich texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xomashyolar asosida poyabzal tagi uchun polimer kompozisiyalar tarkibi va olish texnologiyasini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

quyi zichlikdagi polietilen-vinilatsetatning payvand sopolimerlanish usuli ishlab chiqilgan;

poyabzal tagi uchun termoelastoplast kompozisiyalari izopren, butadien-stirol va butadien-nitril kauchuklarning butilmetakrilat bilan payvand sopolimerlari yaratilgan;

termoelastoplast payvand sopolimerlar tabiati, tuzilishi va tarkib o‘zgarishlarini kompozisiyaning reologik xossalariga ta’siri aniqlangan;

sintez qilingan polietilen-vinilatsetat payvand sopolimerlarning tarkibi, tuzilishi bilan fizik-kimyoviy va termik xossalarining bog‘liqligi isbotlangan;

quyi zichlikdagi polietilen bilan SKN-26, SKN-40 rusumli butadien-nitril kauchukini termodinamik moyilligining mexano-termik rejimlari ishlab chiqilgan;

polietilen va butadien-nitril kauchuki asosida poyabzal tagligini tayyorlash uchun termoelastoplast kompozisiyaning tarkibi ishlab chiqilgan;

termoelastoplast kompozisiyalar asosida poyabzal tagini tayyorlash uchun olingan polimer materiallarini qayta ishlashning bosim ostida quyish va qaynoq vulkanlash texnologik jarayoni yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Poyabzal tagi uchun polimer materiallarining olinishi va fizik-kimyoviy xossalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

poyabzal tagligi yasash uchun ishlatiladigan termoplastik polimer kompozisiya olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 05503, 2017 y.). Natijada normal atmosfera bosimi sharoitida sintez qilinadigan termoplastlar kabi qayta ishlanuvchan va elastomerlar singari ekspluatatsion xossalarga ega bo‘lgan polimer kompozisiyalar va ular asosida poyabzal tag materialini olish imkonini bergan;

poyabzal tagi uchun polimer materiallarining olinishi bo‘yicha ishlab chiqilgan texnik shartlar «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (Tsh 26836078-001:2017). Natijada me’yoriy hujjat poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun import hisobidan horijdan keltirilayotgan etilenvinilatsetat sopolimeri va termoelastoplastlar o‘rniga akril va vinil monomerlari asosidagi polimer materiallarini ishlatish imkonini bergan;

quyi zichlikdagi polietilen bilan vinilatsetatning payvand sopolimerlanish asosida poyabzal tagi uchun polimer materiallarini olish texnologiyasi «AMR-FENIKS-PLYUS» MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan («OʻZCHARMSANOAT» uyushmasining 2019 yil 21 fevraldagi FB-9/370-son ma’lumotnomasi). Natijada har xil o‘lchamdagi va turli fasondagi poyabzallar uchun sintetik polimer tag materiallarini ishlab chiqarish imkonini bergan;

termoplastik polimer taglik kompozisiyalar asosida poyabzal ishlab chiqarish texnologiyasi «Poyabzalchi» MChJda amaliyotga joriy etilgan («OʻZCHARMSANOAT» uyushmasining 2019 yil 21 fevraldagi FB-9/370-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy xomashyolar asosida har xil sharoitlarda foydalaniladigan poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish