Raxmatalieva Shoxinur Zafarjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek xalq eposida ayol obrazining mifologik asoslari va badiiyati”
10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Fil3635
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti. Ilmiy rahbar: Jo‘raeva Munis Yunusovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), katta ilmiy xodim.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qayumov Olim Sadiriddinovich: filologiya fanlari doktori, professor; Rajabov Dilshod Zaripovich: Filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ayol obrazining mifologik asoslari, tadrijiy takomili va dostonlardagi epik vazifasini aniqlash, ularning yetakchi, homiy, raqib obrazlar sifatida eposdagi o‘rni, semantikasi hamda badiiyati masalalarini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
xalq dostonlaridagi ayol obrazlarning mifologik asoslarini yoritishda ularning o‘ziga xos individual hamda umumiy xususiyatlari, vazifalariga ko‘ra yetakchi ayol qahramon, raqib va homiy kabi tiplarga bo‘linishi dalillangan;
o‘zbek xalq dostonlaridagi ayol obrazining statistikasi, tabiiy va g‘ayritabiiy tug‘ilishi, tanlangan alp qahramonni dunyoga keltiruvchi onaning homiy sifatidagi roli, maston ayol tiplari ochib berilgan;
alp ayol, maston obrazining eposlardagi faoliyati, mifologik tasavvurlar bilan bog‘liqligi, doston struktural qurilmasida tutgan o‘rni masalalari ochiqlangan;
epos strukturasidagi ayol obrazining atributlari ularning barcha xususiyatlari yig‘indisi sifatida obraz semantikasini belgilashda muhim vazifaga egaligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek xalq eposida ayol obrazining mifologik asoslari va badiiyati mavzusida tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xalq dostonlarida ayol qahramon tiplari hamda ularni mifologik asoslari, mifologik unsurlarning obrazlar bilan bog‘liqligi, dostonlar badiiyatida ayol obrazining semantikasi, an’anaviy atributlari tahliliga doir ilmiy-nazariy natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarilgan OT-F1-76 “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 25-iyuldagi 3/1255-1826-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibidagi 42-jildni tayyorlash jarayonida, “Alpomish” dostoni yetakchi qahramoni Barchin va ko‘makchi ayol obrazi Qaldirg‘och, obrazlarining epos struktural qurilmasidagi o‘rni, qahramon ayol sifatida talqini, raqib ayol Surxayl maston obrazi, uning mifologik ildizlarini, doston struktural qurilmasida tutgan o‘rni haqida yoritilgan ilmiy maqolalaridan ilmiy-nazariy materiallar sifatida foydalanilgan.
“Qoraqalpoq folklorshunosligi antologiyasi”ni yaratishda doston syujeti, motiv va obrazlar tizimi tahliliga oid ilmiy xulosalardan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida amalga oshirilgan AL-662204393-raqamli “Qoraqalpog‘iston folklorshunosligi antalogiyasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. (Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining 2025-yil 4-fevraldagi 01-21-01/729-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha jarayonida tadqiqotchi tomonidan taqdim etilgan qahramonlik dostonlarida alp ayol obrazining o‘rganish masalalari, ularning tarkibidagi yetakchi, ko‘makchi, raqib ayol obrazlari va ularning mifologik asoslariga doir to‘plangan materiallari, romanik dostonlardagi ayol obrazlari va ularning mifologik asoslarini aniqlash ishlari Qoraqalpog‘iston xalq dostonchiligi materiallarini tahlil etishda, amaliy manba sifatida xizmat qilgan.