Turaev Bahodir Tohirovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Iqtisodiyotni raqamlashtirishga yo‘naltirilgan investisiyalar - iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida”, 08.00.02 – “Makroiqtisodiyot” (iqtisodiyot fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1PhD/Iqt1560
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Trushin Eskender Faxrievich, iqtisodiyot fanlari doktori
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, DSc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: Valiev Bobir Botirovich, fan doktori (DSc), professor; Xashimova Naima Sabitovna, fan doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirishning eng muhim omili sifatida iqtisodiyotni raqamlashtirishga yo‘naltirilgan investisiyalar samaradorligini oshirish bo‘yicha uslubiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy hamda mahalliy investisiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni uch yil muddatga, yillik 5 foizlik stavkada qaytariladigan byudjet ssudasi hisobidan moliyalashtirish taklif etilgan;
hududlarning investisiya jozibadorligini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida, er uchastkalarini xususiylashtirish va ijaraga berish huquqlarini elektron onlayn auksionlar orqali sotishdan tushgan mablag‘larning 70 foizini Biznes infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armalariga yo‘naltirish asoslangan;
investisiyalardan foydalanish samaradorligini 12-15 foizga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Investisiya dasturini samarali amalga oshirish maqsadida majburiyatlarni bajarilishini monitoring qilishning elektron tizimi - “Byudjet nazorati” dasturini joriy etish taklif etilgan;
investisiyalar jalb qilishning 2030 yilgacha prognoz parametrlari hamda ushbu prognozni muvaffaqiyatli amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish choralari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya ishida olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi 
PQ - 4929-son “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi 4-xatboshini shakllantirishda, jumladan, iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi investisiya omillarini inobatga olgan metodologiya asosida maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari uchun infratuzilma yaratishda tadbirkorlik subektlarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid mexanizmlarini shakllantirishda foydalanilgan. Natijada, byudjet mablag‘laridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi oshgan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanishi hisobiga hududlarning investisiya jozibadorligi ortgan, mablag‘larning qaytishi respublika byudjeti yuklamasi kamayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 
290-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida (ilova, 2-bob, 6-band, 2-xatboshi) hududlarning biznes infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirishda foydalanilgan. Buning natijasida, biznes-infratuzilmaning samaradorligini baholash tartibi va mezonlari joriy qilindi, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investisiyalar yo‘naltirish imkoniyati yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-43-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida (5-band, 
3-xatboshi) vakolatli organlar faoliyatida “Byudjet nazorati” elektron dasturi asosida investisiya loyihalarini monitoring qilish mexanizmini shakllantirishda foydalangan. Mazkur elektron dasturning amaliyotga joriy etilishi investisiyalardan foydalanish samaradorligini 12-15 foizga oshishiga hamda tuman (shahar) va hududlar miqyosida investisiya dasturini sifatli amalga oshirishga, har bir loyiha (obekt) bo‘yicha mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishiga xizmat qilgan.
 O‘zbekiston Respublikasining “2026-yilgacha xorijiy va hududiy investisiyalarni jalb qilish strategiyasi” loyihasini (Vazirlar Mahkamasining 
2022-yil 4-oktyabrdagi 24/66684/1-180-sonli topshirig‘i), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturini tasdiqlash hamda investisiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ-72-sonli, 2022-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023 - 2025-yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-459-sonli qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha prognoz natijalaridan foydalanilgan. 
Natijada, iqtisodiyot tarmoqlariga yuqori texnologiyalarni keng joriy etishga, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishni kengaytirish orqali hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga, eksportni rivojlantirishga, aholi bandligini ta’minlash va investisiyalarni tizimli rejalashtirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish