Xolmatov Otabek Ismatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fosforli o‘g‘itlar samaradorligini oshirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish”, 06.01.04 – Agrokimyo (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx1005
Ilmiy rahbar: Boirov Abdunabi Jo‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.06.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Nazirbay Madrimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Mirzaev Lutfullo Aribjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doyga qo‘llaniladigan fosforli mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari misolida respublikamizda ilk bor tuproqqa berilgan fosforning adsorbsiyasi, tuproq eritmasidagi muvozanat kensentratsiyasi va tuproqning fosforga standart talabini aniqlashda Nair va b. uslubidan foydalanish yoʻllari ishlab chiqilgan;
Nair va b. usulida mineral va organik o‘g‘itlarning tuproqda fosfor adsorbsiyasiga, fosforning tuproq eritmasidagi muvozanat konsentratsiyasiga ta’siri va tuproqning fosforga standart talabi aniqlangan;
tuproqning fosforga standart talabi va ekinlarning rejalashtirilgan hosilni shakllantirishi uchun sarflaydigan fosfor miqdorini hisobga olgan holda g‘o‘za va kuzgi bug‘doyga qo‘llaniladigan fosforning maqbul me’yorlarini belgilash usuli ishlab chiqilgan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyga faqat fosforli mineral o‘g‘it, fosforli mineral o‘g‘it bilan birga go‘ng va kompost qo‘llashning harakatchan fosfor dinamikasi, o‘slimliklarning o‘sishi va rivojlanishi, fosforni o‘zlashtirishi, vegetativ va generativ organlarida taqsimlanishi, hosil birligini shakllantirishga sarflanishi, fosforli o‘g‘it organik o‘g‘itlar bilan birga qo‘llanilganda mineral o‘g‘itlar 10- 15 % tejalishi, g‘o‘za hosildorligini 7,4-9,9 foizga, kuzgi bug‘doy don hosilini 17,1-20 foizga oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fosforli o‘g‘itlar samaradorligini oshirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha bajarilgan tadqiqotlaridan olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Ravot massivi «Mirzaqul, Qarshiboy, Kozimjon» fermer xo‘jaligi 76 gektar, Yuqori chirchiq tumani Guliston massivi «Agro Eko Pro» fermer xo‘jaligi 125,08 gektar er maydonlarining 1:5000 masshtabli «Tuproqlarning gumus, harakatchan fosfor va almashinuvchi kaliy bilan ta’minlanganlik» kartogrammalari tuzilgan va massivlardagi fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 28-avgustdagi 05/05-04-510-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur eskidan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproqda gumus va asosiy oziqa elementlar bilan ta’minlash orqali tuproqni agrokimyoviy xolatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar belgilash imkonini bergan;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi «Mirzaqul, Qarshiboy, Kozimjon» fermer xo‘jaligining 76 gektar, Yuqori chirchiq tumanining «Agro Eko Pro» fermer xo‘jaligining 125,08 gektar jami 201,08 gektar er maydonlarini 1:5000 masshtabli «Tuproqlarda fosfor adsorbsiyasi» kartogrammasi tuzilgan va fermer xo‘jaliklari er maydonlariga amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025-yil 28-avgustdagi 05/05-04-510-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqning fosforga standart talabi va ekinlarning rejalashtirilgan hosilini shakllantirishi uchun sarflaydigan fosfor miqdorini hisobga olgan holda fosforli o‘g‘itlar me’yorlarini to‘g‘ri belgilashga imkon bergan;
«Sug‘oriladigan tuproqlar fosfor ta’minotini maqbullashtirish orqali ekinlarning rejalashtirilgan hosildorligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan va Toshlent viloyatining Bo‘ka, Yuqori chirchiq tumanlaridagi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqli er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025-yil 28-avgustdagi 05/05-04-510-son ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan tuproqlarida fosforli o‘g‘itlar samaradorligini oshirish orqali paxtadan qo‘shimcha 3,5- 4,0 s/ga va kuzgi bug‘doydan qo‘shimcha 5,2-6,3 s/ga don hosili olishga erishgan.