Babayarov Maxmud Xamitovichning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumot
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi): “O‘zbek tilida «sport» semantik maydoni: funksional va stilistik tahlil muammolari” 10.00.01 – O‘zbek tili
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/Fil847
Ilmiy rahbar: Karimov Suyun Amirovich filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti DSs.03/04.06.2021.Fil.72.09
Rasmiy opponentlar: Ilmiy kengash a’zosi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Muhammedova Saodat Xudoyberdievna, Qarshi davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Jabborov Xo‘jamurod hamda O‘zbekiston milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Yo‘ldoshev Ibrohim
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi sport semantik maydonining funksional-stilistik xususiyatlarini aniqlash va tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Sport” semantik maydonidagi so‘zlashuv, ilmiy va publisistik uslublarning fonetik o‘zgarishlari, leksik tarkibi, grammatik me’yorlardan og‘ish darajasi, stilistik ifodaviylik vositalari hamda funksional vazifalari asosida farqlanish mezonlari asoslangan;
o‘zbek tili umumlisoniy leksikasida sport terminologiyasi va sport sohaviy birliklarining xalqaro sport terminosistemasi bilan hamohanglikda qo‘llanish darajasi leksik-semantik tahlillar asosida aniqlangan;
sport jurnalistikasida sharh va reportaj janrlaridagi vazifaviy farqlar hamda jurnalistlar, sport sharhlovchilari va sportchilar nutqida sport konseptini ifodalovchi til vositalarining semantik va funksional-stilistik xususiyatlari matn tahlili orqali dalillangan.
badiiy uslubda sportga oid leksemalar va frazemalarning ma’noviy intensivlik hamda ekspressivlik darajasidagi farqlanishlar milliy sport turlari tasviri, xalq dostonlari va maqol-matallardagi lingvomadaniy xususiyatlarning metaforik talqini, semantik kengayishi va poetik funksiyalari orqali isbotlangan.
sport sohaviy birliklarining semantik aspektda polisemiya qonuniyatlari doirasida mantiqiy qiymat kasb etishidagi determinlashuvi va polisemantizatsiyalashuvi sport o‘yinlari leksikasi funksionalligidagi birlamchi omillar sifatida aniqlangan;
“Sport” semantik maydonidagi 568 ta leksik birlik 7 ta mikromaydon doirasida ot, sifat va fe’l turkumlariga taqsimlanib, ularning nomlovchi, belgilash va harakat ifodalash funksiyalari morfologik teglash hamda milliy korpusda aks ettirilishi orqali isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Olingan ilmiy natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
o‘zbek tili korpusi sport terminologiyasi va sport sohaviy birliklari qatlamga oid lug‘aviy birliklarning iste’mol darajasi, sport sohaviy birliklarining semantik aspektda polisemiya qonuniyatlarining ilmiy-amaliy ahamiyati bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan 2021-2023-yillarda bajarilgan “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2024-yil 21-avgustdagi 542/01-01-son maʼlumotnomasi). Natijada o‘zbekcha sportga oid matnlarning stilistik tavsiflandi va terminlarning tillardagi mushtaraklik va o‘ziga xosliklarining ilmiy hamda badiiy adabiyotlarda faollashuvini o‘rganish imkoniyatlari kengaygan;
sport sharhlovchilari nutqlari va sportchilar nutqida sport leksemalarining semantik maydoni, badiiy uslubda sportga oid leksemalar va frazemalar qo‘llanishining ilmiy- nazariy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2023-2024-yillarda bajarilgan ALM-202304076-05 raqamli “Milliy neyropsixolingvistik tashxislash metodikasini yaratish” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasi doirasida sport terminologiyasiga oid leksik birliklarni qo‘llanilgan mavzularni yoritishda keng foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2024-yil 2-oktyabrdagi 04/5518-son maʼlumotnomasi). Natijada ushbu amaliy loyiha doirasida yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanma sport terminologiyasiga oid yangi ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
sport semantik maydonidagi leksikalarning uslublararo farqlanishi, xususan, badiiy uslubda sportga oid leksema va frazemalarning qo‘llanishidagi emotsional-ekspressiv jihatlar, shuningdek, o‘zbek xalq dostonlari hamda zamonaviy badiiy adabiyot matnlarida sport leksik birliklarining semantik-statistik tahliliga doir nazariy xulosalardan 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasi doirasida sport leksik birliklarining uslublararo farqlanishi, zamonaviy badiiy matnlardagi qo‘llanishi va ularning funksional-stilistik xususiyatlari haqida fikrlarni bayon etishda keng qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, 2025-yil 6-maydagi 263/1-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu fundamental loyiha doirasida sport leksikalarining semantik-stilistik tahliliga oid yangi ilmiy yondashuvlar ishlab chiqilgan;
sport sohaviy birliklarining semantik aspektda polisemiyaga oid qonuniyatlarini aniqlashdagi nazariy xulosalardan 2017-2020-yillarda bajarilgan FZ-2016-09081165532-raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alifbosi va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan 2025-yil 7-maydagi 206-son ma’lumotnoma asosida). Natijada milliy tilning funksional tuzilishi orqali o‘zbek tili leksikasining tarkibiy qismini yoritish ishlari yangi ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
sport sohaviy birliklarining semantik aspektda polisemiya qonyniyatlari doirasida mantiqiy qiymat kasb etishi determinlashuvi va polisemantizatsiyalashuvi “Semasiologiya” nomli darslikning “So‘z va uning semantikasi o‘rtasidagi munosabat“ deb nomlangan faslida badiiy uslubda sportga oid leksemalar va frazemalar qo‘llanishining emotsional-eksppessiv jihatlarini yoritishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-noyabrdagi 04/1-31-81-son maʼlumotnomasi). Natijada darslik sport oʻyinlariga oid soʻzlar funksionalligi ularni qo‘llashda birlamchi omil ekanligi kabi yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
sport semantik maydoni 7 ta mikromaydon doirasida so‘z turkumlariga ajratilib, sportga oid matnlarni milliy korpusda aks ettirilishini B.Elov va X.Axmedova muallifligida tayyorlangan monografiyaning “O‘zbek tili semantik analizatorining matematik modellari” nomli monografiyaning “1-bobning 1.3.O‘zbek tili semantik analizatorida matnlarni teglash usullari” deb nomlangan faslida sportga oid matnlarni teglashning tematik va semantik modellashtirish kabi jihatlarini yoritishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-noyabrdagi 04/1-31-82-son maʼlumotnomasi). Natijada tadqiqotda keltirilgan ilmiy-texnik materiallar, tematik modellashtirish algoritmlari, yashirin semantik tahlil haqidagi takliflar monografiya mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
sport konseptini ifodalovchi til vositalarining jurnalistlar nutqi, sport sharhlovchilari nutqlari va sportchilar nutqida sport leksemalarining semantik maydoni doirasida sharhlanib, sport semantik maydonidagi leksemalarning funksional-stilistik xususiyatlariga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining 2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasida sport milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi Samarqand viloyati sport boshqarmasining 2024-yil 14-avgustdagi 01-2092-son maʼlumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan tavsiyalarning amaliyotga tatbiq etilishiga doir ilmiy-nazariy xulosalar “yo‘l xaritasi”ning istiqbolli rejasini ishlab chiqish imkonini bergan;
o‘zbek tili umumlisoniy leksikasida sport terminologiyasi va sport sohaviy birliklari qatlamiga oid lug‘aviy birliklarning xalqaro sport terminosistemasi bilan hamohanglikdagi iste’mol darajasi haqidagi dissertatsiya nazariy xulosalaridan Samarqand viloyati teleradiokanalida namoyish etilgan “Sport–salomatlik garovi” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 14-avgustdagi 01-07/221-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv samarasi oshgan, so‘zlarning ishlatilishi va yozilishi borasidagi yangiliklar o‘zlashtirilgan.