Xaliqulov Muzaffar Abdurazzoq o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Universal ildizmeva kovlagichni ishlab chiqish va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4943.
Ilmiy rahbar: Norchaev Davron Rustamovich, texnika fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Nuriev Karim Katibovich, texnika fanlari doktori, professor; Qo‘ychiev Odil Rahimovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turli ildizmevalarni kovlab olishni ta’minlaydigan universal ildizmeva kovlagichning maqbul parametrlarini asoslash orqali yonilg‘i sarfi va boshqa harajatlarni kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
universal ildizmeva kovlagichning konstruksiyasi kam energiya sarflash hamda ildizmevalarni minimal shikastlanishi hisobga olinib ishlab chiqilgan;
universal ildizmeva kovlagichning uzunligi va gorizontga nisbatan o‘rnatilish burchagi rostlanadigan seksiyali lemexlarining parametrlari turli ildizmevalarni kovlab olish shartidan keltirib chiqarilgan analitik ifodalar asosida aniqlangan;
universal ildizmeva kovlagichning seksiyali lemexi ustunining tuproqqa kirish qismining uzunligi va uning o‘tkirlanish burchagi hamda unga o‘rnatilgan uyumlagichlarning parametrlari ildizmevalar pushtasini kam energiya sarflab qirqib berishi va ularni kerakli darajada uyumlab ketilish jarayonlarini ifodalovchi analitik ifodalar asosida aniqlangan;
universal ildizmeva kovlagichning ildizmevani kovlash chuqurligi, seksiyali lemexni gorizontga nisbatan o‘rnatilish burchagi, seksiyali lemexining uzunligi, uyumlagichning harakat yo‘nalishiga nisbatan o‘rnatilish burchagi ularning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Universal ildizmeva kovlagichni ishlab chiqish va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
universal ildizmeva kovlagichning texnik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi 05/01-05/02-05/04-03-431-son ma’lumotnomasi). Natijada, bir nechta turdagi ildiz meva hosilini kam shikastlagan holda yig‘ishtirib oladigan universal ildizmeva kovlagichning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
universal ildizmeva kovlagichning tajriba nusxasi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi “QOVUNChI ADXAMJON FAYZ ZIYoSI” va “MUHTORXO‘JA NABIRALARI” va Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi “IBROHIMJON XOTIRA BOG‘I” (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 21 dekabrdagi 05/01-05/02-05/04-03-431-son ma’lumotnomasi) fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan. Natijada universal ildizmeva kovlagich qo‘llanilganda agrotexnik va texnik-ekspluatatsion ish ko‘rsatgichlari, ya’ni ildizmevani kovlab olish to‘liqligi 8,5-10,2 foizga oshishiga, ildizmevaning shikastlanish darajasi 1,5-2,0 foizga va mehnat sarfi 22-25 foiz, qo‘l mehnatiga nisbatan esa 50-55 foizga kamayish imkoniyati yaratilgan;
universal ildizmeva kovlagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (“BMKB-Agromash” AJ ning 2024-yil 20-avgustdagi №01-73 son ma’lumotnomasi). Natijada, universal ildizmeva kovlagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.