Saidazimxo‘jaeva Mohira Husan qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fransiya tashqi siyosatida “yumshoq kuch”ning  o‘ziga xos xususiyatlari (Markaziy Osiyo misolida)”, 23.00.04 – Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Ss494
Ilmiy rahbar:  siyosiy fanlar doktori, dotsent Sattarov Faridun Fotexovich 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi va raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSs.11/25.08.2022.S.24.02
Rasmiy opponentlar: Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor; Gʻanieva Shahnoza Xatamovna, sanʼatshunoslik bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: siyosiy fanlar.
II. Tadqiqot maqsadi: Fransiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorligi doirasida “yumshoq kuch” vositalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari va samaradorligini aniqlash hamda Fransiya tajribasidan foydalanish orqali O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida “yumshoq kuch” strategiyasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
- “yumshoq kuch” konsepsiyasining salohiyati eng to‘liq konstruktivistik yondashuv doirasida namoyon bo‘lib, u g‘oyalar, me’yorlar, diskurslar va jozibadorlikni shakllantirish vositasi sifatida talqin etilishi hamda aktorlarning idrok va manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi maqsadli yaratilgan obrazlar, vizual siyosatning ortib borayotgan roli va reyting tadqiqotlarining keng tarqalganligi orqali isbotlangan;
- fransuz “yumshoq kuch” modelining evolyusiyasi ilmiy asoslab berilgan hamda uning shakllanishidagi – ilk Yangi davrda madaniy va til asoslarining vujudga kelishidan boshlab to hozirgi davrdagi institutsionalizatsiya va strategik takomillashuvgacha bo‘lgan – beshta asosiy bosqich aniqlangan;
- Fransiyaning “yumshoq kuch” asosiy vositalarining shakllari va mazmunli xususiyatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida (Qozog‘iston va O‘zbekiston misolida) ularni qo‘llashning asosiy yo‘nalishlari aniqlangan, bu esa fransuz strategiyasining an’anaviy madaniy siyosatdan tashqariga chiqishini belgilash va uning mintaqadagi samaradorligini har tomonlama baholash imkonini bergan;
- Fransiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligining mualliflik modeli (Qozog‘iston va O‘zbekiston misolida) uning “yumshoq kuch” strategiyasini amalga oshirish kontekstida ishlab chiqilgan, u munosabatlarning interaktiv va o‘zaro manfaatli xususiyatini aks ettirgan bo‘lib, “yumshoq kuch”ni bir tomonlama ta’sir vositasi sifatida emas, balki umumiy madaniy-gumanitar, siyosiy va iqtisodiy maqsadlarga erishishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik mexanizmi sifatida ko‘rib chiqish imkonini bergan;
- o‘zaro hamkorlikning hozirgi bosqichida Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan maqsadli auditoriyani shakllantirishda Fransiya tomonidan asosan siyosiy rahbariyat va ishbilarmon doiralarga yo‘naltirilgan “yumshoq kuch” ta’sirining yuqori darajasiga ustuvorlik berilishi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ilmiy tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasi tegishli vazirlik va idoralarining axborot-tahliliy faoliyatining asosiy yo‘nalishlarida foydalanilgan. Xususan, dissertatsiya materiallari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Evropa mamlakatlari va Evropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi ishida O‘zbekistonning Fransiya bilan ikki tomonlama munosabatlarini tahlil qilishda, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qo‘llanilgan. Bundan tashqari, dissertatsiyaning ayrim xulosalari Fransiya bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni, eng avvalo, madaniyat va ta’lim sohalarida faollashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirishda, shuningdek, ekspertlar muloqotini mustahkamlashda, jumladan, ikki davlat “aql markazlari” o‘rtasida muntazam aloqalarni o‘rnatishda inobatga olindi (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil 10-sentyabrdagi 15/22126-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2025-yil 15-sentyabrdagi 05-1/1230-sonli dalolatnomalari).

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish