Matkarimova Salomat Ko‘zievnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm shoirlari ijodida Navoiy an’analari (Avaz O‘tar ijodi misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Fil6
Ilmiy maslahatchi: Asadov Maqsud Husenovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02 raqamli Ilmiy kengash asosida 10.00.02. – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha tashkil etilgan bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qobilova Zebo Bakirovna, filologiya fanlari doktori, professor, Omonova Zilola Qodirovna, filologiya fanlari doktori, professor, Pardaev Qo‘ldosh Uzaqovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Avaz O‘tar ijodi misolida Alisher Navoiy an’analarining Xorazm shoirlari ijodidagi o‘rnini belgilash hamda g‘oya, mavzu, mazmun va shakliy izlanishlarda Navoiyga izdoshlik masalalarini atroflicha ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Adabiy an’ana murakkab ijodiy jarayonligi, unda vorislik (harakat, jarayon), an’ana (xususiyat, qadriyat), novatorlik (tajdid, kashfiyot), mahorat (yuksak badiiyat) kuzatilishi, an’ana dinamikasini Taqlid – Ergashish – Yangilik – O‘ziga xoslik tarzida aks ettirish mumkinligi, an’analar negizida yuzaga kelgan novatorlik yangi hayotiy munosabatlar in’ikosi, yangi tiplar, yangi his-tuyg‘ular, yangi janrlar va obrazlar, yangi qofiyalar ham vazn rang-barangligida ko‘rilishi isbotlangan;
Xorazm shoirlari Alisher Navoiy an’analarini davom qildirib, rivojlantirganliklari, xususan, vazn, qofiya, radifi saqlangan mavzu va mazmuni erkin, matbu’, mav’iza tatabbu’lar, shuningdek, ulug‘ shoir g‘azallarida ifoda etilgan fikr va hislar yana-da izchil davom ettirilgani, muxammas, qit’a, ruboiy, chistonlar yaratishdagi izdoshlik, yangicha ijtimoiy-sulolaviy tamoyil asosida yozilgan tazkira hamda tarixiy asarlar, dostonlar, debochalardagi mushtaraklik va o‘ziga xoslik dalillangan;
Navoiydan ilhomlangan va unga ergashgan Avaz she’rlari mavzu jihatdan hamd, na’t, oshiqona yoki ishqiy, rindona, orifona, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy, hajviy va tabiat tasviri aks etgan she’rlar tarzida tasniflanib, hajviy she’rlari ikki guruhga - satirik va yumoristik she’rlarga ajratilgan hamda ishq, ma’shuqa, oshiq, vafo ahlining yaxlit to‘laqonli obrazi chizilgani lirik qahramonning hayotiy tajribalari asosida ochib berilgan;
Avaz O‘tarning Navoiy g‘azallariga tatabbu’lari tazmin, mav’iza, masnu’, matbu’ tatabbu’larga ajratilib, shoirning ilgari ma’lum bo‘lmagan yana bir muxammasi ilmiy istifodaga olib kirilgan hamda Avaz O‘tar she’riyatining ijodiy evolyusiyasi g‘azal, qasida, tarje’band, mustazod, musammat, ruboiy, qit’a va chistonlari mavzu va g‘oya, obrazlar tizimi, vazn, qofiya va radif hamda she’riy san’atlar istifodasi jihatdan yuksak iqtidor bilan yaratilgani, qo‘lyozma manbalar asosida Avaz O‘tarning chop etilgan she’rlaridagi kamchiliklar tuzatilgani asoslangan;
Avaz ijodida oshiq, ma’shuq, raqib, shayx, zohid, xon, muhtasib, g‘aniy, hakim, oqil kabi timsollar, “faloni” nomi ostida berilgan salbiy obrazlar, himmat, tama’, ko‘ngil, dil, ishq, judolik kabi tushunchalar mohiyati oydinlashtirilib, tashobeh ul-atrof, tadrijiylik, tavze’, iltifot, dialektizmlar, ishtiqoq, siyg‘adoshlik, tamanni’, ritorik murojaat, ritorik savol, istifhom, amr va nahiy kabi qator badiiy tasvir va ifoda usullariga murojaat qilingani, Navoiy istifodaga olib kirgan hazaji musammani axrabi makfufi mahzufi mustazod, 16 ruknli mutaqoribi aslam vaznlarida she’rlar yozilgani adabiy matn tahlili orqali isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya hamda ishlanmalar asosida:
Alisher Navoiy ijodining XV asrdan keyin o‘zbek adabiyotiga ta’siri, Xorazm shoirlari Navoiy an’analarining ilg‘or jihatlarini rivojlantirib, durdona asarlar yaratishga erishganliklari, ustoz ijodkor qo‘llagan poetik tasvir vositalariga ijodiy yondashib, maqsad-g‘oyaning yorqin ifodasi uchun ularga yangicha mazmun yuklaganlari yoki yangicha aspektda talqin qilganlari, qator lirik janrlar bilan birga tazkiranavislik, dostonnavislikda ham Navoiy an’analarini davom qildirganliklari bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 01-dekabrdagi №01-5759-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyotida an’anaviylikning ijodiy xarakteri, an’anaviylik bag‘rida ijodkor qalbi, davr ruhi va xalqning ma’naviy ehtiyoji prizmasidan o‘tgan “tarhi toza” adabiy hodisalar mumtoz so‘z san’atkorlari yaratmalarida yangicha ko‘rinish kasb etib, o‘zining ikkinchi umrini yashash imkoniga ega bo‘lganligi haqida mufassal ma’lumot olish imkonini bergan hamda ilmiy nazariyalarning mukammallashuvi ta’minlangan;
Avaz O‘tar Navoiy ijodida ishlangan hamd, na’t, oshiqona yoki ishqiy, rindona, orifona yoki tasavvufiy-falsafiy, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy, hajviy mavzularda asarlar bitganligi, uning she’rlarida har bir mavzuga novatorona yondashuv va ijodkor qalamining individual jihatlari bo‘rtib ko‘rinishi, she’rlarida navoiyona falsafiy teranlik, betakror badiiyat va sirli ruh uyg‘unligi kuzatilishi, shoir ularda hayot falsafasi, ishq mohiyatining teran badiiy talqinini berganligi haqidagi xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170926459 raqamli “Navoiyshunoslik tarixi (XX-XXI asrlar)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 01- dekabrdagi №01-5760-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiydan ilhom va rag‘bat olgan Avaz O‘tar irfoniy va ijtimoiy muammolarni uyg‘unlikda ifodalashga erishganligi, u muhabbatni ikki dunyo saodati kafolati, ikki jahon mulki ma’murligiga erishtiruvchi vosita sifatida talqin qilganligi yuzasidan tasavvurlar kengayishiga xizmat qilgan;
Avaz O‘tar tatabbu’larida Navoiy asos g‘azaldagi g‘oyalarni chuqur o‘zlashtirib, ularga ijodiy yondashgan holda original, badiiy etuk asarlar yozganligi, Navoiy g‘azallariga bog‘lagan taxmislarida ustoz g‘azali baytlariga konkretlik kiritgani, muxammaslarda Avaz va Navoiy fikrlarining uyg‘unlashib ketganligini, yangi fikrlar, obrazlar bilan boyitilganligini dalillovchi xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL – 662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 01-dekabrdagi №01-5761-son ma’lumotnomasi). Natijada Avaz O‘tar qator lirik janrlarni g‘oyaviy boyishi hamda takomillashishida munosib hissasini qo‘shganligi, g‘azal, mustazod, musammat, qasida, ruboiy, qit’a kabi turli janrlarda Navoiy an’analarini davom qildirgani holda yangi obraz va xarakterlar yaratishga erishganini yoritish imkoni yaratilgan;
Avaz O‘tar she’riyatining obrazlar tizimi va badiiy tasvir imkoniyatlari, Navoiy qo‘llagan an’anaviy obrazlarga yangicha yondashuvni obrazlarning biror jihati kuchaytirilishi, qaysidir qirrasining boyitilishi, rivojlantirilishi yoki ularning biror yangi xususiyati kashf etilishida ko‘rinishi, vazn, qofiya va she’riy san’atlardan turli poetik maqsadlarda nekbin g‘oyalar ifodasida mahorat bilan foydalangani va bunda Navoiy ta’siri dalillangan xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 01- dekabrdagi №01-5762-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyotining obrazlar tizimi va badiiy tasvir tamoyillarini keng ochib berishga erishilgan;
Navoiy an’analarining Xorazm shoirlari ijodida davom ettilirilishi, Avaz O‘tar she’riyatining obrazlar tizimi va badiiy tasvir imkoniyatlari, Avaz O‘tar ijodida Navoiy she’riyatida faol qo‘llanilishda bo‘lgan an’anaviy timsollar va badiiy tasvir vositalarining ijodiy qayta ishlangan, sayqallangan holda istifoda etilganligi, qator ohorli obrazlar yaratganligi, shoirning vazn, qofiya va she’riy san’atlardan mahorat bilan foydalangani va bunda Navoiy ta’siri dalillangan xulosalardan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 2022-2024-yillarda efirga uzatilgan “Assalom Xorazm”, “Adabiy muhit”, “Qadriyat” kabi eshittirish va teledasturlarda foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 02-dekabrdagi №977-son ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm shoirlari va Navoiy ijodida g‘oya, mavzu va ma’nodagi mushtarakliklar, fikr ifodasi va janrlarga munosabatda hamohanglik, shoirlarning badiiy san’atlarni qo‘llashdagi mahoratini keng ommaga atroflicha yoritib berish imkoni yuzaga kelgan.