Eshqurbonov Furqat Bozorovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yangi samarali kompleks hosil qiluvchi ionitlar sintezi, ularning nodir va noyob metallar sorbsiyasida qo‘llanilishi», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/K55.

Ilmiy maslahatchi: To‘raev Xayit Xudaynazarovich,kimyo fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Termiz davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Rasmiy opponentlar: Raxmanberdiev G‘appor, kimyo fanlari doktori, professor; Sharipov Xasan Turapovich, kimyo fanlari doktori, professor; Muxamediev Muxtar Ganievich, kimyo fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: yangi samarali kompleks hosil qiluvchi ionitlar sintez qilish va ularni nodir va noyob metallar sorbsiyasida qo‘llash texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

tarkibida oltingugurt, azot, kislorod va fosfor donor atomlari saqlagan kompleks hosil qiluvchi ionitlar olish usullari ishlab chiqilgan;

ionitlar olish jarayoni tezlik konstantasi, aktivlanish energiyasi, olingan ionitlar fizikaviy va kimyoviy xossalarining haroratga, boshlang‘ich moddalar konsentrasiyasiga bog‘liqligi aniqlangan;

olingan ionitlarda ayrim metallar ionlarining (oltin, kumush, mis, rux, nikel`, qo‘rg‘oshin, kobal`t, vanadiy va molibden) sorbsiyalanish qatori tuzilgan;

oltin va kumush metall ionlarini texnologik eritmalardan mahalliy xom-ashyolar asosida olingan kompleks hosil qiluvchi polifunksional ionitlar yordamida ajratish davomiyligi aniqlangan;

vanadiy, molibden va kobal`t kabi metall ionlari bilan ionitlarning kompleks hosil qilish sharoitlarining samarali sorbsiya usuli ishlab chiqilgan;

metall ionlarining kompleks hosil qiluvchi ionitlarda sorbsiya sharoiti va kattaliklari, sorbsiya mexanizmi aniqlangan hamda metall ionlarining sorbsiya va desorbsiya jarayonlarining fizik-kimyoviy qonuniyatlari ishlab chiqilgan;

olingan kompleks hosil qiluvchi ionitlarning nodir va noyob metall ionlariga nisbatan sorbsion va kinetik xususiyatlari, sorbsiya jarayonining ko‘rsatgichlari aniqlangan;

mahalliy xomashyolar asosida qimmatbaho metall ionlarini ajratishda foydalanish uchun TFG-1 va TFF-1 markali ionitlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Kompleks hosil qiluvchi ionitlar sintez qilish texnologiyasi va qo‘llanilishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

diglisidiltiokarbamid va polietilenpoliamin asosida kompleks hosil qiluvchi ionit olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 05534, 2018 y.). Natijada kam miqdordagi qimmatli metall ionlarini saqlagan eritmalardan metallarni ajratishda qo‘llash mumkin bo‘lgan polifunksional ionit olish imkonini bergan;

mahalliy xomashyolardan dimetiloltiokarbamid va GIPAN asosida kompleks hosil qiluvchi ionit olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 05533, 2018 y.). Natijada import o‘rnini bosuvchi yangi kompleks hosil qiluvchi ionitni mahalliy xomashyolar asosida sintez qilish imkonini bergan;

kompleks hosil qiluvchi ionit Termiz shahar «Suv oqova» DUKga qarashli tozalash stansiyasida oqova suvlarni tozalashda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining
2019 yil 26 fevraldagi 03-02/3-1056-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijdan olib kelinayotgan ionitlarni mahalliy kompleks hosil qiluvchi ionitlarga almashtirish imkonini bergan;

mahalliy xomashyolar asosida olingan kompleks hosil qiluvchi ionit «SELXOZMASH-TEXTIL» MChJda to‘qimachilik sanoat oqova suvlarini organik moddalardan tozalashda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 26 fevraldagi 03-02/3-1056-son ma’lumotnomasi). Natijada oqova suvlarni tozalash samaradorligini oshirish va chetdan olib kelinayotgan ionitlarni mahalliylashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish