Xoliqov Sarvar Mingishovichning
Fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasida mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, 12.00.02 – “Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi” ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Yu371
Ilmiy maslahatchi: Zulfiqarov Sherzod Xurramovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01 raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Xayitov Xushvaqt Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Yusupov Sardor Bahodirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Narimanov Bekzod Abduvalievich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi respublikamizda mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkinligi asoslab berilgan;
inson huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi asoslantirilgan;
harbiy xizmatchilarning huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi va huquqiy muhofazasi kafolatlari, ular o’rtasidagi o’zaro munosabatlari, ularni joylashtirish, harbiy xizmatni o’tash davrida vaqtning taqsimlanishi, kundalik tartib, jangovar navbatchilik (navbatchilik) va sutkalik naryad xizmatini tashkil etish, texnikalardan foydalanish davrida ichki xizmat xususiyatlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi bilan tasdiqlanishi zarurligi asoslantirilgan;
harbiy xizmatchilar, oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tayotgan shaxslar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida harbiy mol-mulkka – ya’ni Qurolli Kuchlar tasarrufidagi ob’ektlar, binolar va inshootlar, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, jangovar va boshqa texnik vositalar, moddiy-texnik resurslar hamda pul mablag‘lariga etkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda moddiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi ko‘rsatib berilgan;
harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlarni belgilashda xorijiy davlatlarda hisobvaraqlar ochish va ularga ega bo‘lish, xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusum va marosimlarni bajarish, Internet jahon axborot tarmog‘iga harbiy xizmatga oid ma’lumot va materiallarni, shuningdek harbiy qism, boshqaruv organi, harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik yoki idoraning harbiy tuzilmasiga mansubligini oshkor etuvchi axborotni (foto, video, matn va boshqalar) joylashtirishni ta’qiqlash kabi choralarni kiritish lozimligi ilmiy asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
mamlakat xavfsizligi va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o‘rganishda parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkinligi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 103-moddasida o‘z ifodasini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2025-yil 29 maydagi 04/9-10-05-sonli dalolatnomasi). Taklif mudofaa va xavfsizlik sohasida parlament nazoratining qonunchilik asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
inson huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy tuzum, jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida faqat qonunga muvofiq cheklash mumkinligi haqidagi takliflar Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 21-moddasi tahririni shakllantirishda inobatga olingan (Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining 2025-yil 02 iyundagi 01/566-sonli dalolatnoma). Ushbu taklif Konstitutsiyada inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishning xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur cheklovlarini o‘rnatishga xizmat qilgan;
harbiy xizmat o‘tash bilan bog‘liq ichki xizmat xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi asosida belgilanishi lozimligi bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-23 son Farmoni 1-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 31 maydagi 14/1268-sonli dalolatnomasi). Taklif harbiy xizmatchilarning kundalik jangovar-xizmatini tashkil etishni va harbiy xizmat o‘tashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
Qurolli Kuchlar harbiy mol-mulkiga etkazilgan moddiy zarar uchun harbiy xizmatchilar javobgarligining o‘ziga xos qoidalarini belgilashga oid takliflar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun 48¹, 482 – moddalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2025-yil 29-maydagi 04/9-10-05-sonli dalolatnomasi). Taklif harbiy mulkni huquqiy muhofazalash va moddiy javobgarlik asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
harbiy xizmat o‘tash bilan bog‘liq cheklovlarni joriy qilish lozimligi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun 45¹-moddasi tahririda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2025-yil 29-maydagi 04/9-10-05-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif harbiy xizmat xavfsizligini ta’minlash maqsadida harbiy xizmatchilar uchun muayyan cheklovlar joriy qilishga xizmat qilgan.