Esanova Nozakat Burxanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Intensiv usulda etishtirilgan pillalarga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi,05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5407.
Ilmiy rahbar: Gulamov Azamat Eshankulovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/30.12.2019.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Matismailov Sayfulla Lolashbaevich, texnika fanlari doktori, professor; Sharipov Jurabek Shomil o‘g‘li, texnika fanlari falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Intensiv usulda etishtirilgan pillalarga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuqori namlik intensiv usulda etishtirish Zarafshon-2 va Zarafshon-3 yangi mahalliy duragaylarida pilla qobig‘ining qalinligi, quvvati ortishiga, g‘ovakdorlikning esa kamayishiga ta’siri aniqlangan;
intensiv usulda etishtirilgan pillalar g‘umbagini jonsizlantirishning ratsional parametrlari tajribani matematik rejalashtirish usulidan foydalanib olingan regression tenglamalarni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan;
sferik g‘ovakdor jismlarda pilla quritish jarayonining issiqlik almashish qonuniyatlari va kinetik modellari asosida quritish konstantasining qiymati hamda pilla namligining vaqt davomiyligida o‘zgarishi aniqlangan;
tavsiya etilgan pillani quritish parametrlar asosida ishlov berilgan pillalardan yuqori sifatli xom ipak olish uchun pillani pishirish davomiyligi, chuvish tezligini ratsional rejimlar ishlab chiqilib, texnologik jarayonlar takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Tut ipak qurtining rayonlashtirilgan, istiqbolli sanoat duragaylari texnologik xususiyatlariga intensiv usulda etishtirishning ta’siri hamda ularga dastlabki ishlov berish va chuvish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
tavsiya etilgan takomillashtirilgan texnologiya “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tasarrufidagi korxonalarda jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Shahrisabz agropilla” MChJ hamda “Shahrisabz silk production” MChJ korxonalarida joriy qilingan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2025-yil 23-sentyabrdagi 4-2/1692-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, intensiv usulda etishtirilgan mahalliy pillalar uchun dastlabki ishlov berish va chuvish texnologiyasini takomillashtirish orqali xalqaro standart talablarining “3A” sinfiga mos yuqori sifatli xom ipak olish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, pillalarni chuvishga tayyorlash jarayonidagi pishirish vaqti 15% ga, 1 kg xom ipak ishlab chiqarishga ketadigan pillalarni solishtirma sarfi 4 % ga kamayishiga hamda chuvish dastgohining ish unumdorligi 16 % oshishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish