Xonimqulov Jamoliddin Asatulla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shpinel strukturali keramik pigmentlar sintezi, xossalari va funksional xususiyatlari», 02.00.15 – Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/K1019.
Ilmiy rahbar: Kadirova Zulayxo Raimovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yunusov Mirjalil Yusupovich, texnika fanlari doktori, professor; Daminova Shaxlo Sharipovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shpinel strukturali keramik pigmentlarni qattiq fazali va zol-gel usulida sintez qilish, fizik-texnik xossalari va funksional xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kalsiy va temir nitratlari hamda gematit konsentrati va defekat asosida keramik pigmentlarni zol-gel va qattiq fazali sintez qilishda 600-1100 ℃ kuydirish harorat oralig‘ida CaFe2O4 kristall strukturasining hosil bo'lish jarayon qonuniyatlarini, ularning kinetikasi va mexanizmiga funksional bog‘liqliklari asoslangan;
gematit rudasini yuvish va magnitli ajratishni o‘z ichiga olgan boyitish usullarini qo‘llash yordamida olingan konsentrat tarkibidagi Fe2O3 miqdorini 60,52 mas.% dan 95,67 mas.% gacha oshirish imkoniyati aniqlangan;
zol-gel va qattiq fazali usullar orqali shpinel strukturali keramik pigmentlarni sintez qilishdagi harorat o‘zgarishining “tarkib-struktura-disperslik-xossa” funksional bog‘liqligi ilmiy asoslangan;
“gematit konsentrati-defekat” sistemasida qattiq fazali usul orqali shpinel strukturali keramik pigment sintez qilishda kuydirish haroratini 1000 ℃ va 8 soat ushlab turish vaqtida, hamda 3 mas.% miqdorida B2O3 qo‘shilganda esa 4 soat ushlab turish vaqtida to‘q qizil rangning to‘liq hosil bo‘lishi aniqlangan;
“gematit konsentrati-defekat” ikkilamchi sistemasining fazaviy o‘zaro munosabat va rang o‘zgarish diagrammalari qurilgan hamda 900-1600℃ haroratda termik ishlov berishda CaO·2Fe2O3, CaO·Fe2O3, 2CaO·Fe2O3 birikmalarining kristall fazalari strukturalarining shakllanish qonuniyatlariga bog‘liq holda rang hosil bo‘lish sohalari aniqlangan;
sintez qilingan shpinel strukturali keramik pigmentlarni turli maqsadlardagi keramik materiallar uchun glazur tarkibida foydalanish imkoniyatlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shpinel strukturali keramik pigmentlarni mahalliy xomashyo va chiqindilar asosida sintez qilish, xossa va xususiyatlari tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy tabiiy xomashyo va chiqindilardan foydalanib, yangi resepturadagi keramik pigmentlar sintez qilish jarayonida zol-gel va qattiq fazali reaksiyalarini tadqiq etish orqali olingan natijalar “Qurilish va texnik maqsadlarda foydalaniladigan funksional va silikat materiallarning energiya va resurstejamkor tarkib va texnologiyalarini ishlab chiqish” (2020-2024yy.) byudjet mavzusi bo‘yicha tadqiqotlarni bajarishda qo‘llanma material sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 12 maydagi 4/1255-1155-son ma’lumotnomasi). Natijada, keramik pigmentlar sintezi, fazaviy o‘tish jarayonlari, xossalari va funksional xususiyatlari bo‘yicha ilmiy asoslangan fundamental ma’lumotlar olish imkonini bergan;
glazurlangan keramik koshinlar olish uchun gematit va defekat asosida sintez qilingan shpinel strukturali keramik pigment tarkibi “ART GLOSS GALLERY” QK ning “2026-2027 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati”ga kiritilgan (“ART GLOSS GALLERY” QKning 2025-yil 15-apreldagi 10/Ⅱ 2025 -5 - son ma’lumotnomasi). Natijada talab darajasidagi import o‘rnini bosuvchi keramik pigmentlar olish imkonini beradi.