YaKUBOV Sabir Xalmuradovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

    I.Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Muhandislik konstruksiyalari va qurilmalarini loyihalashtirishning avtomatlashtirilgan tizimida konstruktorlik va texnologik echimlarini sintez va tahlil qilish usullari va algoritmlari», 05.01.08 – texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish (texnika fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /texnika fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.T310.

Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: -

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, Energetika va avtomatika instituti, 16.07.2013.T.02.01.

Rasmiy opponentlar: T.F.Bekmuratov, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi; T. Yuldashev, texnika fanlari doktori, yetakchi ilmiy xodim; U.S.Nazarov, texnika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

    II. Tadqiqotning maqsadi: unifikatsiyalashgan axborot almashinuvi tamoyillari asosida konstruktorlik va texnologik loyihalash bosqichlarini jamlovchi muhandislik konstruksiyalarining avtomatlashtirilgan loyihalash tizimini amalga oshirish uchun ilmiy-metodologik asoslari, matematik modellar, algoritmlar, usullar va amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish.

    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

optimal muhandislik konstruksiyalarini loyihalash jarayonini avtomatlashtirishda optimallashtirish masalalarini echish uchun matematik modellar va hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;

muhandislik konstruksiyalari elementlarining optimallashtirish masalalari sinflarini echish uchun avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlarini qurish tamoyillari shakllantirilgan va nazariy mulohazalar ishlab chiqilgan;

lokal hamda global ekstremum kabi tasodifiy qidiruvning samarali algoritmlari sinfi ishlab chiqilgan;

konstruksiyalar sinflarini optimal loyihalashning amaliy dasturlari muammoli-yo‘naltirilgan paketlarini qurish tamoyillari va metodologiyasi ishlab chiqilgan;

muhandislik konstruksiyalari va inshootlarini hisoblash va optimallashtirishning qator muhim masalalari echilgan;

yassi plastinalar dinamikasi masalalarini echishda neyronli tarmoq sintez qilingan.

    IV. Dissertatsiyaning amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari va ularning samarasi:

muhandislik konstruksiyalari va qurilmalarini loyihalashtirishning avtomatlashtirilgan tizimida konstruktorlik-texnologik echimlarni tahlil qilish, sintezlash va optimallashtirishning imitatsiyali modellashtirishga asoslangan optimallashtirishning algoritmik tizimlari O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi korxonalarida, jumladan,  «Ta’mir-loyiha» mas’uliyati cheklangan jamiyatida  (2014 yil 4 oktyabrdagi  1-2014-sonli dalolatnoma) ishlab chiqarishga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2015 yil 15 apreldagi №1813/18-003-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotdan olingan natijalar matematik modellar va hisoblash algoritmlari asosida dasturiy mahsulotlardan foydalanish tufayli ish unumdorligi ortishi muhandislik ob’ektlarni loyihalash va ishga tushirish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, konstruksiya vaznini optimallashtirish natijasida mustahkamlik zaxirasi bir xil konstruksiyalar vazni bo‘yicha 20 marta farq qilishi, ya’ni qalinligi o‘zgarmas konstruksiyalar o‘rniga qalinligi o‘zgaruvchan qobiqli konstruksiyalarni qo‘llashda vaznning 14 (silindrsimon qobiqlar uchun) va  27 foizga (konussimon qobiqlar uchun) kamayishi bilan materiallar va mehnat resurslarining tejalishiga erishish natijasida iqtisodiy samara 100 mln. 55,4 ming so‘mni tashkil etgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish