Rajabova Dilora Nazarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Srednyaya Aziya v issledovaniyax rossiyskix vostokovedov: imperskie narrativi i nauchnie paradigmi” (“Rossiya sharqshunoslari tadqiqotlarida O‘rta Osiyoning o‘rganilishi: imperiyaviy qarashlar va ilmiy asoslar”) 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqotlar usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Tar525
Ilmiy maslahatchi: Alimova Dilorom Agzamovna – tarix fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/06.04.2024.Tar.20.05.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Klichev Oybek Abdurasulovich, tarix fanlari doktori, professor; Karlibaev Makset Abdibaevich, tarix fanlari doktori, professor,
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX asrning II yarmi va XX asr boshlaridagi Rossiya sharqshunoslarining O‘rta Osiyo tarixi, arxeologiyasi va etnografiyasiga oid ishlarini tahlil qilish va talqin etish, shuningdek, ularning o‘rtaosiyoshunoslikka qo‘shgan hissasini nazariy va amaliy jihatdan anglab, baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Rossiya sharqshunos olimlari O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda yangi tarixiy tahlil metodlarini qo‘llashning asoslarini yaratganliklari aniqlandi. Ularning asarlari tanqidiy manbashunoslikka, multidissiplinar yondashuvga va zamonaviy ilmiy talablar darajasiga tayanganini ko‘rsatadi. Bu sharqshunoslik an’analarining izchilligini, shu bilan birga yangi analitik vositalarning qo‘shilganini tasdiqlaydi hamda ularning hissasini mintaqa tarixiy o‘tmishini ilmiy rekonstruksiya qilishda muhim deb belgilaydi.
Rossiya sharqshunoslari tomonidan arxeologik, manbashunoslik, numizmatika va etnografik materiallar hamda yig‘ilgan qo‘lyozmalarni kompleks o‘rganish O‘rta Osiyoning tarixiy o‘tmishini ilmiy anglash uchun tarixshunoslik asoslarini shakllantirgani ilmiy jihatdan asoslab berildi. Arxeologiya, manbashunoslik, etnografiya, numizmatika va qo‘lyozma merosidan olingan ma’lumotlarning birlashtirilishi islom sivilizatsiyasi xalqlarining madaniy boyligi va etnik xilma-xilligini aks ettiruvchi yaxlit tasavvurni shakllantirishga xizmat qildi.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Rossiya sharqshunoslari tomonidan yig‘ilgan ilmiy materiallar (arxeologik topilmalar, numizmatik to‘plamlar, etnografik tavsiflar va qo‘lyozma manbalar) O‘rta Osiyoning tarixiy-madaniy va etnik xilma-xilligi haqida yaxlit tasavvur shakllanishi uchun asos bo‘lib xizmat qilganligi aniqlandi. Bu turli manbalar ilk bor tanqidiy tarixshunoslik va postkolonial tahlil nuqtayi nazaridan umumiy fanlararo doirada ko‘rib chiqildi. Moddiy yodgorliklarni yig‘ish va talqin qilishdagi imperiyaviy amaliyotlarning o‘ziga xos jihatlari, jumladan ramziy o‘zlashtirish elementlari va mahalliy tarixiy ma’nolarni e’tibordan chetda qoldirish aniqlandi.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Rossiya sharqshunoslari tomonidan qo‘lyozmalarni yig‘ish usullari, ularning atribusiya va kodikologik o‘rganish faoliyati tahlil qilindi. Bu ishlar mustamlaka yobdashuvga qaramay, keyingi manbashunoslik tadqiqotlari uchun metodologik asos yaratgan. Sharqshunoslik amaliyotlariga kompleks tanqidiy baho berilib, ularning akademik fan rivojiga hamda mintaqaning tarixiy merosini muzey va madaniy strategiyalar orqali namoyish etishga ta’siri ko‘rsatildi.
O‘rta Osiyoning o‘rta asrlar tarixini o‘rganishda Rossiya sharqshunoslari ob’ektiv ilmiy mezonlarga amal qilish yoki tadqiqot natijalarini imperiyaviy manfaatlarga moslashtirish kabi ikkiyoqlama muammoga duch kelgaligi isbotlandi. Bu Amir Temur va Temuriylar davriga berilgan baholarda yaqqol ko‘rindi: bir tomondan, Temurning ulkan tashkilotchilik qobiliyati e’tirof etildi, ikkinchi tomondan esa Rossiyaning bosqinchilik siyosatini asoslash maqsadida Temur davri ko‘pincha zo‘ravonlik va mutlaq hokimiyat ramzida talqin qilindi. Olingan ilmiy natijalar Temur va temuriylar merosining imperiyaviy talqinidagi ikkiyoqlama xususiyatini ochib berdi hamda tarixiy shaxslar va davrlarning siyosiy hukmronlikni mustahkamlash vositasiga aylantirilishini ko‘rsatdi. Bu yondashuvlarga tanqidiy qayta baho berildi va ularni jamoat maydonida muhokama qilish zarurati ilmiy asosda ko‘rsatildi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asrning II yarmi – XX asr boshlarida Rossiya sharqshunoslari tomonidan O‘rta Osiyo xalqlari tarixi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va amaliy takliflar quyidagi shakllarda amaliy qo‘llanildi:
Olingan ilmiy natijalar sharqshunoslik, arxeologiya va etnografiyaga oid tarixiy tadqiqotlar uchun arxiv hujjatlarining ilmiy tavsiflari va annotasiyalangan kataloglar tuzishda; O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha ilmiy nashrlar tayyorlashda; Islom olamiga oid tadqiqotlarga daxldor Rossiya Fanlar Akademiyasi (RAN)ning muzey va arxiv to‘plamlarini ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlashda qo‘llanildi. Shuningdek, ular Pyotr I nomidagi Antropologiya va etnografiya muzeyi (Kunstkamera) qoshidagi ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tashkiliy faoliyat doirasida amaliyotga joriy etildi. Jumladan, “Islom olami xalqlarining madaniy merosi va etnik tarixi (tarixiy-etnografik, muzey va arxiv manbalari)” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishi (2021–2023 yy., rahbari – RANning antropologiya va etnografiya muzeyining direktori o‘rinbosari, t.f.d., professor E.A. Rezvan) doirasida foydalanilgan (RANning Pyotr I nomidagi Antropologiya va etnografiya muzeyi (Kunstkamera) 2025 yil 2 apreldagi ma’lumotnomasiga ko‘ra). Tadqiqotning asosiy qoidalari va yakunlari, shu jumladan, nazariy-metodologik asoslar va tadqiqot xulosalari shuni isbotlash imkonini berdiki, Rossiya sharqshunoslarining arxeologik yodgorliklar, numizmatik dalillar, etnografik ma’lumotlar va ular to‘plagan qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha olib borgan faoliyati O‘rta Osiyoning o‘tmishi haqidagi yaxlit tasavvurni shakllantirishga xizmat qilgan. Bu tasavvur mintaqa xalqlarining madaniy boyligi va islom sivilizasiyasi doirasidagi etnik xilma-xilligini aks ettiradi.
XIX asrning II yarmi – XX asr boshlarida Turkiston matbuotida chop etilgan va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qimmatli nashrlar bo‘limi fondlarida saqlanayotgan rus tilli maqolalar tahlili asosida “O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha muhim manbalarning qisqacha sharhi” nomli bibliografik ko‘rsatkich tayyorlandi. Bu ko‘rsatkich ilmiy ishlar va maqolalar bilan birga tadqiqotchilar, mutaxassislar va foydalanuvchilarni Milliy kutubxonadagi ilmiy-amaliy materiallarni maqsadli foydalanish uchun to‘liq axborot bilan ta’minlaydi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining 2025 yil 8 apreldagi № 02-20/564-sonli ma’lumotnomasiga asosan). Ilmiy tadqiqot doirasida shuningdek, ko‘rsatilgan davrda Rossiya sharqshunoslari tomonidan qo‘llangan qo‘lyozmalarni yig‘ish usullari, shuningdek, ular tomonidan amalga oshirilgan atribusiya va kodikologik tahlil ishlari ko‘rib chiqildi.
XIX asrning II yarmi – XX asr boshlarida Rossiya sharqshunoslari tomonidan to‘plangan arxeologik topilmalar, numizmatik va etnografik ma’lumotlar, shuningdek, qo‘lyozma manbalar tahlili O‘rta Osiyoning tarixiy o‘tmishi, madaniy va etnik xilma-xilligi haqida yaxlit ilmiy tasavvurni shakllantirish imkonini berdi. Shu bilan birga, Rossiya sharqshunos olimlarining arxeologik tadqiqotlarga, O‘rta Osiyo yozma manbalari va tanga topilmalarini o‘rganishga, shuningdek, kolleksiyalar yaratish amaliyotiga xos bo‘lgan imperiyaviy yondashuvlariga tanqidiy baho berildi. Alohida e’tibor madaniy topilmalarni ramziy o‘zlashtirish amaliyoti, mahalliy tarixiy tasavvurlarni inkor etish holatlari, shuningdek, arxeologik, numizmatik, qo‘lyozma va etnografik kolleksiyalarni yig‘ish hamda atribusiya qilish usullariga qaratildi. Bu yondashuv, xususan, arxeologik va numizmatik topilmalarni xronologiya va ilmiy tizimlashtirish, etnografik materiallar asosida tarixiy-ma’rifiy ko‘rgazmalar tayyorlash, XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid eksponatlar asosida ekskursiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, muzey fondida saqlanayotgan tarixiy hujjatlar va kolleksiyalar bo‘yicha tadqiqot ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini rejalashtirishda alohida talabga ega bo‘ldi. Keltirilgan amaliyotlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025 yil 14 apreldagi № 02-05/1404-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida faol qo‘llanilgan.
Tadqiqot jarayonida qilingan xulosalar Samarqand viloyati hududiy teleradiokanali faoliyatida amaliy tatbiq topdi: ular «Kun mavzusi» radiodasturi uchun asos sifatida xizmat qildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyati teleradiokanali ma’lumotnomasi № 01-07/177, 2025 yil 2 may). Olingan ilmiy natijalar XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi Rossiya tadqiqotchilari tomonidan Amir Temur va temuriylar davriga berilgan baholarning ikki tomonlama va ziddiyatli xususiyatini aniqlash imkonini berdi. Bir tomondan, Temurning iste’dodli tashkilotchi sifatidagi qiyofasi va davlat boshqaruvi sohasidagi islohotchilik faoliyati ta’kidlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, O‘rta Osiyodagi siyosiy tartiblar ko‘p hollarda beqaror va zolimona deb talqin qilingan. Bu esa ko‘pincha mintaqaga nisbatan Rossiya imperiyasining siyosiy ishtiroki va bosqinini oqlashiga xizmat qilgan. Shu tariqa, tarixiy shaxslar va davrlarni talqin qilishdagi mafkuraviy yondashuvlarga tanqidiy baho berish, shuningdek, bunday mavzularni jamoatchilik muhokamasiga chiqarish zaruratini ilmiy asoslash ushbu tadqiqotning jamiyat uchun muhim va dolzarb ekanligini tasdiqlaydi.