Ro‘ziev Alisher Xoliyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bahor va yoz mavsumlarida tut ipak qurti tuxumlarini jonlanish foizini oshirishning samarali usulini ishlab chiqish”, 06.02.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1231
Ilmiy rahbar: Rajabov Narzullo Orolovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Daniyarov Umirzak To‘xtamurodovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Avazov Komil Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy - tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turli qurt boqish mavsumlarida tut ipak qurti tuxumlarini inkubatsiya qilishning yangi takomillashtirilgan samarali usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor bahor va yoz mavsumlarida ipak qurti tuxumlarini jonlantirish uchun inkubatoriyadagi harorat va namlik me’yorini to‘liq boshqarilishi natijasida tuxumlarning biologik ayniqsa jonlanish foizi mahalliy duragaylarida 2,3-3,1% ga, xorijiy duragaylarida 1,1-4,6 % gacha oshishi isbotlangan;
inkubatoriya harorat va nisbiy namligini muntazamligini ta’minlash orqali jonlangan tut ipak qurtlarining bosh soni oshishi hisobiga ularning hayotchanligi qiyoslovchiga nisbatan mahalliy duragaylarda 4,0-4,7 % ga, xorijiy duragay ipak qurtlarida 3,2-3,4 % ga oshirish mumkinligi aniqlangan;
tajriba variantlarida jonlantirilgan ipak qurtlarini biologik ko‘rsatkichlarini yaxshilash hisobiga qiyoslovchiga nisbatan bahor mavsumida 10 kg yoz mavsumida 8 kg tirik pilla hosili olish mumkinligi isbotlangan;
etishtirilgan pillalarning mahsuldorlik xususiyatlari, jumladan pillalarning navdorlik ko‘rsatkichlari 5,0 % dan 13,0 % gacha oshirganligi bilan asoslangan;
bahor va yoz mavsumlarida tut ipak qurtlarining biologik va pilla mahsuldorlik xususiyatlarini oshishi hisobiga pillalarning chuvalishi bahor mavsumida 04,-5,6 % ga, yoz mavsumida 1,1-4,5 % ga, pilla tolasining umumiy uzunligi bahor mavsumida 40-211 m ga, yoz mavsumida 41-150 m ga hamda pilla ipining metrik nomeri qiyoslovchiga nisbatan bahor mavsumida 3,3-9,4 % m/g ga, yoz mavsumida 1,08-13,3 % m/g ga oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bahor va yoz mavsumlarida tut ipak qurti tuxumlarini jonlanish foizini oshirishning samarali usulini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
tut ipak qurti tuxumlarining jonlantirishni yangi ilmiy asoslangan usuli Toshkent viloyati, Ohangaron tumani “Shuhrat ehson bog‘i” fermer xo‘jaligining 150 qutilik inkubatoriyasida joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2025-yil 4-yanvardagi 3-9-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi usulda inkubatoriyaga qo‘yilgan tuxumlarning jonlanish foizi 98,1 % ni, jonlanib chiqqan qurtlarning miqdori esa 3349,5 grammni tashkil etib, qiyoslovchiga nisbatan 15 quti ortiqcha ipak qurti olishga erishilgan. O‘z navbatida ushbu inkubatoriyada jonlanib chiqqan qurtlarning 5 qutisi parvarishlanganda har bir quti parvarishlangan tut ipak qurtidan 72 kg tirik pilla xom-ashyosi olishga erishilgan. Har bir qutidan qo‘shimcha 10 kg dan tirik pilla olinib, iqtisodiy samaradorlik 4878,0 ming so‘mni, sof foyda 4634,1 ming so‘mni, rentabellik darajasi esa 41,1 % ni tashkil etgan;
tut ipak qurti tuxumlarini jonlantirishning zamonaviy usuli Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Agropilla” MChJ da 150 quti ipak qurti tuxumlarni jonlantirishda joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2025-yil 4-yanvardagi 3-9-son ma’lumotnomasi). Natijada inkubatoriyadagi qurtlarning jonlanish foizi 93 % ni, tuxumlardan chiqqan qurtlarning miqdori 3001,5 grammni tashkil etib qiyoslovchiga nisbatan 174 gramm qo‘shimcha qurtlar olishga erishildi. Bu o‘z navbatida 9 qutini tashkil etdi. Ushbu inkubatoriyadan olingan 3 quti qurtlar parvarishlanib, har bir qutisidan qiyoslovchiga nisbatan 8 kg qo‘shimcha pilla hosili olishga erishilgan. Iqtisodiy samaradorlik 703,4 ming so‘mni, sof foyda esa 668,2 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 12,8 % ni ko‘rsatdi; 
ipak qurti tuxumlarini jonlantirishning yangi usulini ishlab chiqarish sharoitida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani “Muborak Saidahmedova” fermer xo‘jaligida 4 quti miqdorda joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2025-yil 4-yanvardagi 3-9-son ma’lumotnomasi). Natijada jami joriy etilgan 4 quti qurtdan 284 kg tirik pilla olinib, har bir qutidan qiyoslovchiga nisbatan 9 kg dan qo‘shimcha pilla hosili olishga erishilgan, iqtisodiy samaradorlik 1524,5 ming so‘mni, sof foyda esa 1448,3 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 15,5 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish