Jumanazarov Timur Tanirbergenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida tut ipak qurtining mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oshirishda tut navlarini tanlash”, 06.02.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1297
Ilmiy rahbar: Abdrimova Gulbaxor Erimmatovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaeva Diloram Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Rajabov Narzulla Orolovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida tarqalgan tut navlarini morfo-xo‘jalik belgilarini baholash va ularning tut ipak qurti pilla mahsuldorlik hamda texnologik ko‘rsatkichlariga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida tarqalgan tut navlarining hudud bo‘yicha joylashishi “Arc GIS Pro” dasturi orqali aniqlanib, geografik xaritasi ishlab chiqilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududlar kesimida morfo-xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan tutning SANIISh-33 va Jarariq-5 navlarining barg yaprog‘i uzunligi 20,2-22,2 sm, bargning sof og‘irligi 5,2-6,0 g ni, novdalarining sovuq urushi darajasi 9,6-9,8 % bo‘lishi isbotlangan;  
Respublikaning Taxiatosh va Amudaryo tumanlarida tarqalgan tutning SANIISh-33 va Jarariq-5 navlari bargining to‘yimlilik va kimyoviy tarkibi bo‘yicha qiyoslovchi tut naviga nisbatan Azot (N) miqdori 0,27-0,87 %, oqsil esa 1,73-5,47 % ga yuqori ekanligi aniqlangan;
tajribada o‘rganilgan tut navlari bargi bilan parvarishlangan ipak qurti sanoat duragaylarining pilla vaznini 0,15-0,23 g ga, bir qutidan olingan pilla hosildorligi 12,5-16,6 % ga oshirish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida tut ipak qurtining mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oshirishda tut navlarini tanlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
tutning Jarariq-5 navi bargi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Gulsara pillachi” fermer xo‘jaligida 3 quti Oltin vodiy 1 duragayi parvarishlanib joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 18-dekabrdagi 02-013/239-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud tut navi bargi bilan parvarishlangan  ipak qurti sanoat duragaylarining har bir qutisidan qiyoslovchiga nisbatan 7,0 kg qo‘shimcha pilla hosili olinib, uch quti hisobidan 2 408 684,5 so‘m iqtisodiy samaradorlik olingan, sof foyda 2 468 982,8 so‘mga teng bo‘lib, rentabellik darajasi 26,1 % ni tashkil etgan;
Jarariq-5 tut navidan etishtirilgan barg hisobidan Taxiatosh tumani “Roza-Banu” fermer xo‘jaligida 3 quti Oltin vodiy 1 duragayida parvarishlanib joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 18-dekabrdagi 02-013/239-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud tut navi bargi bilan parvarishlangan duragayning har bir qutisidan qiyoslovchiga nisbatan 8,9 kg qo‘shimcha pilla hosili olinib, uch quti hisobidan 2 400 784,2 so‘m iqtisodiy samaradorlik olingan, sof foyda 2 465 639,5 so‘mga teng bo‘lib, rentabellik darajasi 26,3 foizga ko‘tarilgan;
xo‘jalik qimmatli belgilari yuqori bo‘lgan tutning Jarariq-5 navi bargi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Sardor-suvchi” fermer xo‘jaligida 3 quti Oltin vodiy 1 duragayini parvarishlab joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 18-dekabrdagi 02-013/239-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud tut navi bargi bilan parvarishlangan duragayning har bir qutisidan qiyoslovchiga nisbatan 6,5 kg qo‘shimcha pilla hosili olinib, uch quti hisobidan 3554109,7 so‘m iqtisodiy samaradorlik olingan, sof foyda 3 298 099,2 so‘mga teng bo‘lib, rentabellik darajasi 22,2 % bo‘lishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish