Sharipova Nigora Nuriddinovna
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «“Xamsa” ilk dostonlarining poetik strukturasi va obrazlar tizimi» 10.00.02 - O‘zbek adabiyoti ixtisosligi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/Fil484
Ilmiy maslahatchi Boltabaev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat universiteti 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.09
Rasmiy opponentlar: Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Jumaqul Hamroev
Samarqand davlat chet tillar universiteti professori, filologiya fanlari doktori Salohiy Dilorom Isomiddin qizi
Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc),  Eshonqulov Husniddin Primovich
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Xamsa”ning ilk dostonlari poetik strukturasi va obrazlar tizimi kontekstida Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining kompozision-struktur, g‘oyaviy-semantik, leksik-stilistik xususiyatlarini ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xamsanavislikning ilk falsafiy ildizlarini ilmiy asoslash, Sanoiy G‘aznaviy “Hadiqat ul-haqiqa” dostonining Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror” dostoniga ta’sirini oydinlashtirish asnosida nafaqat birinchi salaf, balki Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy dostonlaridagi adabiy-estetik ta’sir aniqlanib, xususan, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” hamda “Lison ut-tayr” dostonlarining semantik nuqtayi nazardan “Hadiqa” bilan badiiy-falsafiy uzviyligi boblar va hikoyatlar vositasida isbotlangan;
 “Maxzan ul-asror”, “Matla’ ul-anvor”, “Tuhfat ul-ahror” kompozisiyasi qiyosan o‘rganilib, ularda shakllangan ilk doston strukturasi “Hayrat ul-abror”ga kelib muallif badiiy konsepsiyasi, diniy-tasavvufiy qarashlari, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotga bog‘liq ravishda yangilangani muqaddimaviy qism, maqolat va hikoyatlardagi struktur-semantik qurilish va tartiblanish misolida dalillanib, xususan, Navoiy dostonidagi “hayratlar” Nizomiy va Dehlaviy dostonidagi “xilvatlar”, Jomiy dostonidagi “suhbatlar”dan tubdan farq qilishi muallifning “hayrat” tushunchasini doston markaziga, asar nomiga olib chiqishi vositasida dalillangan;
“Maxzan ul-asror”, “Matla’ ul-anvor”, “Hayrat ul-abror” dostonlaridagi obrazlar asar sujetiga bog‘liq holda kompleks tahlil qilinib, doston bosh qahramoni – muallifning o‘zi, kirish qism va maqolatlardagi tavsifiy xarakterlar, hikoyat va masallardagi badiiy obrazlar kabi guruhlarga tasniflanib, Nizomiy va Amir Xusrav dostonidagi obrazlarning Navoiy dostonida muallifning ma’rifiy-irfoniy qarashlariga bog‘liq ravishda yangilanishi salaflarda mavjud bo‘lmagan va “Hayrat ul-abror”da ilk marta olib kirilgan obraz va xarakterlar misolida asoslangan;
 Toshlijali Yahyobeyning “Gulshan ul-anvor” dostoni semantik-struktur tahlili asosida Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” hamda usmonli turk adabiyoti munosabati oydinlashtirilib, Nizomiy, Navoiy hamda Toshlijali ilk dostonlaridagi an’ana va novatorlik masalalari qiyosan o‘rganilganda muallifning “Gulshan ul-anvor” semantik-struktur qurilishida “Maxzan ul-asror”dan ko‘ra “Hayrat ul-abror”ga suyangani dostondagi basmala bob, vasf hamda me’rojnoma na’tlar strukturasi, mushtarak hikoyat va obrazlar tahlili asosida dalillangan;
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni badiiyatidagi novatorlik va yuksak badiiy mahorat dostonning vazn xususiyatlari, mumtoz qofiya tizimi, asardagi turli nutq shakllari va muallifning individual uslub poetikasi salaflar ilk dostoniga qiyosan ilmiy asoslangan hamda asardagi badiiy-estetik jihatlar hamda ma’rifiy-irfoniy g‘oyalar Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans davri yoshlari ma’naviy kamolotida birlamchi asos sanalishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Xamsa” birinchi dostonlarining poetik strukturasi va obrazlar tizmini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xamsanavislikning ilk falsafiy ildizlarini ilmiy asoslash, Sanoiy G‘aznaviy “Hadiqat ul-haqiqa” dostonining Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror” dostoniga ta’siri, nafaqat birinchi salaf, balki Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy dostonlaridagi adabiy-estetik ta’sir masalalari, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” hamda “Lison ut-tayr” dostonlarining semantik nuqtayi nazardan “Hadiqa…” bilan badiiy-falsafiy uzviyligiga oid nazariy xulosalaridan  “Qoraqalpoq yozuvchilarining ijodiy laboratoriyasini monografik aspektda tahlil qilish” mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalar ijrosida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2025-yil 5-sentyabrdagi 531/2-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishining mumtoz adabiy janrlar poetikasi, syujet va kompozisiyasi tahlili, qoraqalpoq yozuvchilar ijodiy kamolotida forsiy va turkiy xamsanavislikning muhim ahamiyatiga doir yangi ilmiy-nazariy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
forsiy “Xamsa”lar ilk dostonlarining kompozision qiyosi, strukturaning “Hayrat ul-abror”ga kelib muallif badiiy konsepsiyasi, diniy-tasavvufiy qarashlari, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotga bog‘liq ravishda yangilanishi, Navoiy dostonidagi “hayratlar”ning Nizomiy va Dehlaviy dostonidagi “xilvatlar”, Jomiy dostonidagi “suhbatlar”dan tubdan farq qilishi xususidagi nazariy xulosalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan IZ-2021020813 raqamli “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-sentyabrdagi 01/04-5841-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha ishi xamsanavislikda forsiy, usmonli turk va turkiy tillardagi ilk dostonlar tipologiyasi, kompozision-struktur qurilishning muallif ma’rifiy-irfoniy qarashlariga aloqadorligi, Navoiy ilk dostonida salaflardan tubdan farqlanish maqsadida “muqaddimaviy qism”dagi “hayrat” fenomenini doston markaziga olib chiqishi bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan boyitilgan;
ilk dostonlardagi obrazlarning asar sujetiga bog‘liqligi, doston bosh qahramoni – muallifning o‘zi, kirish qism va maqolatlardagi tavsifiy xarakterlar, hikoyat va masallardagi badiiy obrazlar kabi tasnifi, Nizomiy va Amir Xusrav ilk dostonidagi obrazlarning hazrat Navoiy dostonida yangilanish xususiyatlari hamda mazkur obrazlarning “Xamsa” ilk dostonlari muallifining ma’rifiy-irfoniy qarashlari bilan aloqadorlikda rivojlanishiga oid nazariy xulosalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-sentyabrdagi 01/04-5839 son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishi xamsavislikdagi forsiy va turkiy ilk dostonlarga xos obrazlar takomili, mushtarak va farqli jihatlar, Navoiy ilk dostonidagi obrazlarning g‘oyaviy-badiiy, diniy-tarixiy asoslari, har bir obraz doston muallifining badiiy-estetik, ma’rifiy-irfoniy qarashlari bilan aloqadorlikda rivojlanishiga doir ilmiy-nazariy dalillar bilan mukammallashgan;
xamsanavislik an’anasining usmonli turk adabiyotida ildiz yoyishi, Nizomiy, Navoiy hamda Toshlijali ilk dostonlaridagi an’ana va novatorlik masalalari qiyosan o‘rganilib, dostondagi basmala bob, vasf hamda me’rojnoma na’tlar strukturasi, mushtarak hikoyat va obrazlar tahlili asosida muallifning “Gulshan ul-anvor” struktur-semantik qurilishida “Maxzan ul-asror”dan ko‘ra “Hayrat ul-abror”ga suyangani xususidagi nazariy xulosalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PZ-20200422 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-sentyabrdagi 01/04-5843 son ma’lumotnomasi). Natijada xamsashunoslikdagi muhim ilmiy muammolardan sanalgan Navoiy va usmonli turk adabiyoti munosabati oydinlashib, XV asrdan keyingi davr xamsanavisligida Nizomiydan ko‘ra Navoiyning yuqori adabiy ta’siri ochib berishga muvaffaq bo‘lingan;
    Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni badiiyati, vazn xususiyatlari, mumtoz qofiya tizimi, asar tilining o‘ziga xosligi va muallifning individual uslub poetikasiga doir ilmiy tahlillaridan Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining “Assalom, yangi kun!” ko‘rsatuvining 2024-yil 29-noyabr soni, “Ma’naviyat ko‘zgusi” ko‘rsatuvining 2025-yil 23-avgust sonidagi senariysida foydalanilgan va tadqiqotchi bilan bevosita suhbat olib borilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 29-avgustdagi 01-01/121 son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarning  doston ma’rifiy qimmati va badiiy ahamiyatiga oid bilimlarining takomillashuviga, mazkur ko‘rsatuvlarning ilmiy-nazariy ma’lumotlarga boy bo‘lishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish