Kasimova Zuxraxan Fatxiddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
“Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklori (spesifikasi, janrlar tarkibi va badiiy-pragmatik xossalari)” 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2669
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti
Ilmiy rahbar: Kayumov Olim Sadiriddinovich, filologiya fanlari doktori, professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori (DSc), professor Rajabov Dilshod Zaripovich; filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Imomnazarova Shaxodatbonu Xabitovna.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi to‘y marosimi folklorining janrlar tarkibi, lokal xususiyatlari hamda poetik qonuniyatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Farg‘ona vodiysi aholisining to‘y marosimi folkloriga oid materiallar yaxlit badiiy tizim sifatida shakllantirilib, ularning umumo‘zbek folklori an’analari bilan mushtarak hamda o‘ziga xos hududiy lokal xususiyatlari oydinlashtirilgan;
to‘y marosimi qo‘shiqlarining pragmatik vazifalari ochib berilgan;
to‘y marosim folklori verbal komponentlarining poetik so‘z, musiqiy ohang, xoreografik-dramatik harakat va etnografik kontekst bilan bevosita bog‘liqligi misollar bilan ochiqlangan;
Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklori tarkibida “Shamborak” qo‘shig‘ining o‘ziga xosligi, janr tabiati va poetik xususiyatlari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklorining lokal xususiyatlari, janrlar tarkibi va badiiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklorining alohida janrlari, ularning ijro o‘rni va uslubi bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilgan “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 20-avgustdagi 340/1-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq folklorida to‘y marosim qo‘shiqlarining janrlar tarkibi qardosh turkiy xalqlar to‘y qo‘shiqlari bilan poetik va kompozision belgilari qiyoslanib, tipologik o‘xshashliklari aniqlangan, to‘y marosim qo‘shiqlarini tahlil qilishning metodologik tomonlari yangilanishiga erishilgan; 
Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklorining janrlar tarkibi, obrazlar tizimi bugungi kunga qadar lokal xususiyatlarini saqlab kelishi kabi janriy va qo‘shiqlarning o‘ziga xos ijro usuli, tuzilishi kabi shakliy xususiyatlari, badiiy obrazlar, badiiy obraz-ramziy timsol o‘sib chiqishiga oid ilmiy-nazariy qarashlaridan O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarida, adabiy muloqot va targ‘ibot ishlarida muhim nazariy va amalik manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining 2024-yil 25-iyundagi 01-03/748-son ma’lumotnomasi). Natijada Farg‘ona vodiysi to‘y marosimlari va urf-odatlarining folklor asarlaridagi talqini jahon va turkiy folklorshunoslikda qo‘shiq shaklida yaratilganligi, to‘y aytimlarining o‘ziga xos xususiyatlari badiiy-estetik asosga ega ekanligini dalillangan;
Farg‘ona vodiysi to‘y marosim folklorining o‘ziga xos obrazlilik va badiiylikka ega bo‘lishida ramziy, metafora, o‘xshatish, epitet, jonlantirish, tazod singari poetik va lingvopoetik bayon qilish vositalarining muhim badiiy aniqlovchi ekanligi, ularda go‘zallikni vujudga keltiradigan, o‘quvchini ta’sirlantiradigan omillardan – adabiy shakl hodisasi hamda struktural-semantik kabi badiiy-estetik vazifalari va poetik asoslariga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik’, “Adabiy jarayon’, ’Ta’lim va taraqqiyot’, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarning ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 29-iyuldagi 04-36/892-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur teleko‘rsatuvning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan hamda milliy merosimizning xalqlar milliy o‘zlikni anglash va mustahkamlashda, madaniyat va fan sohalarida muhim vosita vazifasini bajarganligi yoshlar ongiga chuqur singdirilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish