Ortiqova Kamola Insopalievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: 05.06.02–To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish - “Linterlash parametrlarini optimallashtirish yo‘li bilan urug‘lik va texnik chigit hamda momiq sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2025.4.DSc/387
Ilmiy rahbar: Olimjon Sarimsakov Sharipjanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/04.10.2023.T.174.01 
Rasmiy opponentlar: Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich, texnika fanlari doktori, professor; Ibrogimov Xolnazar Islomovich, texnika fanlari doktori, professor; Mirzaumidov Asilbek Shuxratjonovich texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi – linterlash jarayonida ishchi kameradagi arrali silindr va to‘zg‘itkichning tezlik rejimlarini hamda arrali silindr diametrini o‘zgartirish va ishchi organlari harakat parametrlarini nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish, ularning o‘zaro ta’sirini aniqlash hamda optimal boshqaruv rejimlarini ishlab chiqish orqali urug‘lik va texnik chigit hamada momiqning sifat ko‘rsatkichlarini optimallashtirishdan iborat. 
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
xomashyo valigining arrali silindr va to‘zg‘itgich ta’siridagi statik va dinamik holatlarini modellashtirish va tahlil qilish orqali linter mashinasida arrali silindr va to‘zg‘itgich tezligini boshqarish usuli ishlab chiqilgan;
linter mashinasi ishchi kamerasida arrali silindr, to‘zg‘itgich va chigit harakati qonuniyatlari tahlili asosida linterlash jarayonining kinematik va dinamik parametrlari – aylanish chastotalari va ularning nisbati aniqlangan;
momiq sifati va linter ish unumdorligining to‘zg‘itgich va arrali silindr tezlik parametrlariga bog‘liqlikni hisobga olgan holda sifat va unumdorlik darajasiga qarab arrali silindr va to‘zg‘itgich tezligini rostlovchi linterlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
arrali silindr diametri, aylanish tezligi va to‘zg‘itgich tezligining linter mashinasi ish unumdorligi hamda olinadigan mahsulot sifati bilan o‘zaro bog‘lanish qonuniyati tahlili asosida arrali silindr va to‘zg‘itgich tezligini avtomatik boshqarish imkonini beruvchi qurilma yaratilgan;
to‘zg‘itgich elektromotorining tok kuchi va linter xomashyo valigining zichligiga bogʻliqligi asosida to‘zg‘itgich elektromotori tok kuchining ratsional parametrlari aniqlangan;
xomashyo valigining to‘zg‘itgich va arrali silindr taʼsiridagi harakatini modellashtirish orqali momiqning sifat ko‘rsatkichlari va energiya sarfini ta’minlovchi arrali silindr va to‘zg‘itgich aylanish tezliklarining ratsional qiymatlari aniqlangan.
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat:
arrali silindr va to‘zg‘itgich aylanish tezliklarining ratsional qiymatlari asosida linter mashinasining ish unumdorligi 10% ga oshirilgan, ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori ko‘paygan;
tezlik parametrlarini optimallashtirish orqali elektr energiya sarfi 10% ga kamaytirilgan, bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirishga imkon bergan;
linterlashdan so‘ng momiqdagi iflos aralashmalar miqdori 5,8% dan 4,3% gacha tushirilishi natijasida paxta momig‘i sifati oshgan;
elektromotorning yuklanish toki orqali avtomatik ravishda boshqariladigan tizimi ishlab chiqilgan, bu esa mashina ishini yanada barqarorlashtirishga imkon bergan;
har bir linter mashinasi uchun individual boshqaruv tizimi ishlab chiqilishi natijasida ularning har birini alohida boshqarish imkoniyati yaratilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Linterlash parametrlarini optimallashtirish yo‘li bilan urug‘lik va texnik chigit hamda momiq sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
takomillashtirilgan va samaradorligi oshirilgan linterlash texnologiyasi “NT Chust g‘alla klasteri” MChJ ga qarashli “Chust paxta tozalash” korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining 2025 yil 15 avgustdagi 04/25-1985 son ma’lumotnomasi). Natijada, linter mashinasi ishchi kamerasida chigit valigi zichligining bir xilda ushlanishi, tiqilishlarni oldi olinishi, energiya sarfi qisqarishi hisobiga momiq bo‘yicha linterlash unumdorligi o‘rtacha 10% ga ortgan, linterlashdan so‘ng momiqning iflos aralashmalar yig‘indisi 0,9% ga, chigitning mexanik shikastlanishini 0,8% ga kamayishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish